Oʻzbekiston banklari 2025 yil birinchi yarim yilligida qancha sof foyda oldi?
2025 yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston banklari umumiy hisobda 6,5 trillion soʻmlik sof foyda koʻrdi. Sof foyda boʻyicha TOP-10 talikning 7 tasini xususiy banklar egalladi.
Oʻzmilliybank 1 trillion soʻm bilan yetakchilikni saqlab qolgan boʻlsa, Hamkorbank, Kapitalbank va Octobank kabi xususiy banklar ham yuqori daromad qayd etdi.
Shu bilan birga, Ipoteka bank, Apex Bank, Yangi Bank kabi banklar yarim yillikni zarar bilan tugatdi.

2025 yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekiston banklari umumiy hisobda 6,5 trillion soʻmlik sof foyda oldi. Bu haqda Bankers.uz operativ maʼlumotlarga asoslanib xabar berdi.
Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yarim yillikka nisbatan 991 mlrd soʻm yoki 18 foizga koʻproqdir.
Eng koʻp foyda koʻrgan TOP-10 bankdan 3 tasi davlat, 7 tasi esa xususiy banklar hisoblanadi.
Davlat banklari
2025 yilning birinchi yarmida barcha davlat banklari faoliyatini moliyaviy foyda bilan yakunladi. Ulardan Oʻzmilliybank 1 trillion soʻmlik sof foyda bilan barcha banklar orasida eng yuqori koʻrsatkichni qayd etdi. Bank foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga oshgan.
Ikkinchi oʻrinda Oʻzsanoatqurilishbank turibdi — bank 808,6 milliard soʻm sof foyda koʻrgan.
2024 yilning birinchi yarmida 378,1 milliard soʻm zarar koʻrgan Biznesni rivojlantirish banki bu yil 319,7 milliard soʻm sof foyda bilan yakunlagan va eng koʻp foyda olgan 10 ta bank ichiga kirgan (8-oʻrin).
Davlat banklari orasida Aloqabank ham ijobiy natijaga erishgan — bank 6 oylikni 207,6 milliard soʻm sof foyda bilan yakunlagan. Bu oʻtgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar yoki 89,2 foizga koʻpdir.
Shuningdek, Mikrokreditbank 49 milliard soʻm sof foyda olgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan miqdoriy jihatdan 45,5 milliard soʻmga koʻproqdir.
Davlat banklari ichida faqatgina Asakabankda foydada pasayish kuzatilgan — bank 6 oy davomida 47,4 milliard soʻm sof foyda koʻrsatgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 23,5 milliard soʻmga kam.

Xususiy banklar
Davlat nazoratida boʻlmagan banklar orasida oltita bank yarim yillikni zarar bilan yakunladi. Ulardan 2023 yilda xususiylashtirilgan Ipoteka bank eng koʻp zarar koʻrgan — 392,5 milliard soʻm.
Shuningdek, AVO Bank 1,8 milliard soʻm, Garant bank 9,7 milliard soʻm, Yevroosiyo banki 51,6 milliard soʻm, Yangi Bank 55,6 milliard soʻm va Apex Bank 62,4 milliard soʻm zarar koʻrgan.
Xususiy banklar orasida eng koʻp foyda koʻrgan bank Hamkorbank boʻldi. Bank 806,8 milliard soʻm sof foyda bilan yarim yillikni yakunlagan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga yoki 138,7 milliard soʻmga koʻproqdir.
Keyingi oʻrinda Kapitalbank turadi — bank 602,4 milliard soʻmlik sof foyda koʻrgan. Biroq bu oʻtgan yilga nisbatan 109,9 milliard soʻm yoki 15,4 foizga kamroqdir.
Shuningdek, TBC Bank Uzbekistan va Ziraat Bank Uzbekistan koʻrsatkichlarida ham pasayish kuzatilgan. Ularning sof foydasi mos ravishda 53,3 milliard soʻm va 10,5 milliard soʻmga kamaygan.
Biroq oʻtgan yilni mos ravishda 19,3 va 15,6 milliard soʻm zarar bilan yakunlagan Xayot bank va Tenge Bank’da bu yil ijobiy oʻsish qayd etilgan. Hayotbank yarim yillikni 25,3 milliard soʻm, Tenge Bank esa 3,8 milliard soʻm sof foyda bilan yakunlagan.
Shuningdek, Octobank 162,3 milliard soʻm foyda bilan, Anorbank esa 102,2 milliard soʻm foyda bilan faoliyatni yakunlagan. Bu banklarda mos ravishda 112,6 milliard soʻm va 62,9 milliard soʻmlik oʻsish kuzatilgan.