Oʻzbekiston avgust oyida 2 tonna oltin xarid qildi — Jahon oltin kengashi
Avgust oyida oltin importi kuzatilganiga qaramay, Oʻzbekiston jahon miqyosida eng yirik oltin eksportyorlaridan biri boʻlib qolmoqda. Yil boshidan buyon mamlakatning oltin zaxiralari 17 tonnaga kamaygan.

Oʻzbekiston avgust oyida oltin importini amalga oshirdi. Jahon oltin kengashi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat bir oy davomida 2 tonna oltin xarid qilgan.
Avgust oyida oltin importi kuzatilganiga qaramay, Oʻzbekiston jahon miqyosida eng yirik oltin eksportyorlaridan biri boʻlib qolmoqda. Yil boshidan buyon mamlakatning oltin zaxiralari 17 tonnaga kamaygan.
Shunga qaramay, jahon bozorida oltin narxining rekord darajada oshgani sababli Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari avgust oyida ilk bor 50 mlrddan oshdi.
Boshqa davlatlarning oltin xaridlari
- Qozogʻiston Milliy banki avgust oyida 8 tonna oltin xarid qilib, bu ketma-ket oltinchi oyda amalga oshirilgan xarid boʻldi. Mamlakatning oltin zaxiralari hozirda 316 tonnaga yetib, 2024 yil oxiriga nisbatan 32 tonnaga koʻpaydi.
- Bolgariya Milliy banki 2 tonna oltin sotib olib, 1997 yil iyunidan beri eng yirik oylik xaridni amalga oshirdi (oʻshanda 8 tonna xarid qilingan edi). Endilikda mamlakatning oltin zaxiralari 43 tonnaga yetdi.
- Turkiya Markaziy banki xalqaro zaxiralariga yana 2 tonna oltin qoʻshdi. Shu tariqa yil boshidan beri mamlakatning rasmiy oltin zaxiralari 21 tonnaga oshib, 639 tonnaga yetdi.
- Xitoy Xalq banki ham 2 tonna oltin xarid qildi — bu ketma-ket oʻninchi oyda amalga oshirilgan xarid hisoblanadi. Endilikda Xitoyning oltin zaxiralari 2300 tonnadan oshgan boʻlsa-da, bu koʻrsatkich mamlakatning umumiy xalqaro zaxiralarining atigi 7 foizini tashkil etadi.
- Rossiya (3 tonna) va Indoneziya (2 tonna) markaziy banklari esa avgust oyida oltin sotgan yagona markaziy banklar boʻldi.
Oʻzbekistonning eksport koʻrsatkichlari
2025 yilning yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonning oltin eksporti hajmi 8,42 mlrdga yetdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 69 foizga koʻp boʻlib, 2023 yilda qayd etilgan tarixiy maksimum — 8,15 milliard dollar koʻrsatkichidan ham oshdi.