Oʻzbekiston 9 oyda qariyb $10 mlrdlik oltin sotdi
Oʻzbekiston 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida 9,89 milliard dollarlik oltin eksportini amalga oshirdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 70,9 foizga koʻp boʻlib, mamlakat tarixidagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Eksport hajmining oshishi jahon bozorida oltin narxlarining keskin koʻtarilishi bilan bogʻliq.

Oʻzbekiston 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida qariyb 10 mlrd dollarlik oltin eksportini amalga oshirdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlarida qayd etilgan.
Faqatgina sentabr oyining oʻzida oltin eksporti hajmi 1,47 mlrd dollarni tashkil qilgan. Avvalgi oylar boʻyicha koʻrsatkichlar quyidagicha:
- Fevralda — 1,73 mlrd
- Martda — 1,84 mlrd
- Aprelda — 1,91 mlrd
- Mayda — 1,01 mlrd
- Iyulda — 1,09 mlrd
- Avgustda — 836 mln dollar.
Uchinchi chorak yakunlariga koʻra, umumiy eksport hajmi 9,89 mlrd dollar boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 70,9 foizga yuqori. Shuni taʼkidlash joizki, avgust oyidayoq Oʻzbekiston oltin eksporti barcha yillardagi yillik koʻrsatkichlardan oshib ketgan edi.
Davom etayotgan rekord koʻrsatkichlar jahon bozorida oltin narxining sezilarli oshishi bilan izohlanadi. Masalan, 20 oktabrda oltin narxi 4 381 dollargacha koʻtarilgan, biroq keyinchalik 4 030 dollargacha pasaygan.
Jahon oltin kengashi (WGC) maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin zaxiralari yil boshiga nisbatan 17 tonnaga kamaygan. Shunga qaramay, xalqaro zahiralar hajmi oltin narxlarining oshishi hisobiga oʻsishda davom etmoqda — sentabr oyida u ilk bor 55 mlrd dollarga yaqinlashdi.