Oʻzbekiston 2025 yilning sakkiz oyida rekord darajada oltin eksport qildi — $8,4 mlrd
2025 yilning yanvar–avgust oylarida Oʻzbekiston oltin eksporti $8,42 mlrdga yetib, 2023 yilgi $8,15 mlrdlik rekord koʻrsatkichni ortda qoldirdi. Avgust oyida mamlakat $836 mln qiymatdagi oltin sotgan.

Oʻzbekiston 2025 yilning dastlabki sakkiz oyida tarixiy rekord darajada oltin eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi hisobotida maʼlum qilindi.
Iyundagi qisqa tanaffusdan keyin mamlakat iyul va avgust oylarida oltin eksportini davom ettirdi. Avgustda oltin eksporti hajmi $836 mlnni tashkil etdi.
Yil boshidan buyon oltin eksporti quyidagicha boʻldi:
- fevral — $1,73 mlrd,
- mart — $1,84 mlrd,
- aprel — $1,91 mlrd,
- may — $1,01 mlrd,
- iyul — $1,09 mlrd.
Umuman olganda, yanvar–avgust oylarida oltin eksporti $8,42 mlrdga yetdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 69 foizga koʻpdir. Shu tariqa 2023 yilda qayd etilgan tarixiy maksimum — $8,15 mlrd ham ortda qoldi.
Qoʻmita oltinning jismoniy hajmi haqida maʼlumot bermagan. Biroq rekord eksportning asosiy sababi sifatida jahon bozorlarida qimmatbaho metall narxining keskin oshishini keltirish mumkin.
Oʻzbekiston iyun oyida toʻrt oy ketma-ket sotuvdan soʻng oltin xarid qilishga oʻtgan edi. Shu oyda jahon markaziy banklari oʻz oltin zaxiralarini jami 22 tonnaga oshirgan boʻlsa, shundan 9 tonnasi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelgan. Eʼtiborlisi, bunga qadar mamlakat ketma-ket toʻrt oy davomida oltin sotuvchisi boʻlib kelgan edi.
Avgust oyida oltin-valyuta zaxiralari ham tarixiy darajada oshdi. Xalqaro aktivlar $1,34 mlrdga koʻpayib, ilk bor $50 mlrddan yuqori natijaga erishdi.
Avvalroq Pinkod Navoiy kon-metallurgiya kombinati birinchi yarim yillikda $1,5 mlrd sof foyda olgani haqida yozgan edi.
Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 633 mln dollarga yoki 71,8 foizga koʻpdir. Mazkur natija jahon bozorida oltin narxining 2025 yilda ketma-ket rekord darajaga chiqishi bilan bogʻlamoqda.