Navoiy kon-metallurgiya kombinati birinchi yarim yillikda $1,5 mlrd sof foyda oldi
Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 633 mln dollarga yoki 71,8 foizga koʻpdir. Mazkur natija jahon bozorida oltin narxining 2025 yilda ketma-ket rekord darajaga chiqishi bilan bogʻlamoqda.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (NKMK) 2025 yilning birinchi yarim yilligi uchun moliyaviy hisobotini taqdim etdi. Unga koʻra, kompaniya sof foyda, tushum va aktivlarda sezilarli oʻsishga erishgan.
Hisobot davrida kompaniyaning sof foydasi 1 mlrd 515 mln dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 633 mln dollarga yoki 71,8 foizga koʻpdir.
Mazkur natija jahon bozorida oltin narxining 2025 yilda ketma-ket rekord darajaga chiqishi bilan bogʻlamoqda. Shuningdek, oltin ikkinchi yarim yillikda ham yuqori narxlarda savdolanayotgani inobatga olinsa, NKMK sof foydasi keyingi choraklarda ham keskin oʻsishda davom etishi kutilmoqda.
Kompaniyaning sof tushumi 40,9 foizga oshib, 4 mlrd 715 mln dollarga yetdi. Bu koʻrsatkich NKMK tarixidagi eng yuqori natija sifatida qayd etildi. EBITDA esa 3,06 mlrd dollarni tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan 51,7 foizlik oʻsish kuzatildi.
Moliyaviy balansda ham ijobiy oʻzgarishlar qayd etildi. Kompaniya aktivlari bir yil ichida 15,1 foizga koʻpayib, 10,2 mlrd dollarga yetdi. Shundan jami kapital 5,3 mlrd dollar, majburiyatlar esa 4,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Avvalroq Pinkod NKMK Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada ikkita IPO oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida yozgan edi.
Davlat korxonasi qarzlarni ham hisobga olgan holda taxminan 20 milliard dollarlik baholashga erishishni kutmoqda.