Oltin quymalari narxi yana rekord oʻrnatdi
30 sentabr holatiga koʻra, oltin quymasining bir grammi 1 mln 538 ming soʻmni tashkil etdi. Jahon bozorida ham qimmatbaho metall narxi ilk marotaba bir unsiya uchun $3 850 ga chiqdi.

Oʻzbekistonda oltin quymalari narxi rekord darajaga koʻtarildi. 30 sentabr holatiga koʻra, oltin quymasining bir grammi 1 mln 538 ming soʻmni tashkil etdi. Masalan, 5 grammlik oʻlchovli quyma 7 mln 691 ming soʻmdan sotilmoqda.
Oltin quymalarining rasmiy narxlari quyidagicha belgilandi:
- 5 gramm — 7 mln 691 ming soʻm
- 10 gramm — 15 mln 383 ming soʻm
- 20 gramm — 30 mln 766 ming soʻm
- 50 gramm — 76 mln 915 ming soʻm
- 100 gramm — 153 mln 830 ming soʻm
Oʻzbekistonda oltin narxining oshishi jahon bozoridagi oʻzgarishlar bilan bevosita bogʻliq. 30-sentabr kuni xalqaro savdolarda oltinning bir unsiyasi $3 872 gacha koʻtarilib, tarixiy rekordni qayd etdi. Xabar tayyorlanayotgan paytda esa qimmatbaho metall $3 835 atrofida savdo qilinmoqda.
Avvalroq Goldman Sachs banki oltin narxi boʻyicha yangilangan prognozini eʼlon qilgandi. Unga koʻra, 2026-yil oʻrtalariga qadar bir unsiya oltin $4 mingga yetishi mumkin. Agar AQSh Federal rezerv tizimining mustaqilligi izdan chiqsa, narx yanada keskin oshib, $5 minggacha yetishi ehtimoli ham istisno etilmaydi.