Oltin narxi tarixda ilk bor 3 800 dollardan oshdi
Bu jarayonga AQSh dollarining zaiflashishi hamda Fed’ning joriy yilda foiz stavkasini yana pasaytirishi ehtimoli sabab boʻldi. Mutaxassislarning fikricha, global iqtisodiy noaniqlik va inflyatsiya xavotirlari fonida oltin “xavfsiz aktiv” sifatida yanada qadrlanmoqda.

Oltin narxi tarixda ilk marotaba bir unsiya uchun 3 800 dollardan yuqoriga chiqdi. Bunga dollarning zaiflashishi hamda AQSh Federal rezervining joriy yilda foiz stavkalarini yana pasaytirishi haqidagi kutishlar sabab boʻldi.
Kunlik savdolarda spot oltin narxi 1,5 foizga oshib, unsiyasi $3 814,91 ni tashkil etdi. AQShning dekabr oyidagi oltin fyucherslari esa 0,9 foizga koʻtarilib, $3 844 ga yetdi.
Jahon bozorida dollar indeksi yirik valyutalarga nisbatan 0,2 foizga pasaygan. Oʻzbekistonda ham soʻnggi kunlarda AQSh valyutasi kursi sezilarli darajada arzonlashmoqda. 29 sentabr kuni amalda boʻlgan rasmiy kurs soʻnggi ikki yil ichidagi eng past darajaga tushdi. Prognozlarga koʻra, 30 sentabr kuni amal qiladigan kurs 12 100 soʻmdan past boʻlishi mumkin. Ayrim tijorat banklarida dollar allaqachon 12 000 soʻmdan arzonroq narxda sotilmoqda.
Oʻzbekistonda oltin quymalari narxi
Markaziy bank muomalaga chiqarayotgan oltin quymalari qiymati ham oshdi. Hozirda ularning narxlari quyidagicha:
- 5 gramm — 7 mln 615 ming soʻm
- 10 gramm — 15 mln 230 ming soʻm
- 20 gramm — 30 mln 460 ming soʻm
- 50 gramm — 76 mln 150 ming soʻm
- 100 gramm — 152 mln 301 ming soʻm
Avvalroq Pinkod jahon bozorida oltin narxi nega koʻtarilayotgani haqida maqola eʼlon qilgan edi.