Dunyo Markaziy banklari 30 yil ichida ilk bor AQSh gʻaznachilik obligatsiyalaridan koʻra koʻproq oltin saqlamoqda
1996 yildan beri ilk marotaba Markaziy banklar AQSh gʻaznachilik qimmatli qogʻozlariga qaraganda koʻproq oltin jamgʻarmoqda. Shu bilan birga, global zaxiralardagi dollar ulushi 2002 yildagi 72 foizdan 57,8 foizgacha pasaydi.

1996 yildan beri ilk marta xorijiy markaziy banklar oltinni AQSh gʻaznachilik qimmatli qogʻozlaridan koʻproq saqlay boshladi. Bu dunyo dollardan sekin-asta uzoqlashayotganini koʻrsatishi mumkin.
Crescat Capital’ning makrostrategi Tavi Kosta bu voqeani tarixiy lahza sifatida baholab, “soʻnggi yillarda kuzatilgan eng katta global qayta muvozanatlashuvlarning boshlanishi” deya taʼkidladi.
Markaziy banklarning oxirgi uch yil ichidagi faoliyati bunga yaqqol misol. 2022 yilda Markaziy banklar 1 136 tonna oltin xarid qilib, 1950 yildan beri rekord darajaga chiqishdi. 2023 yilda ham bu koʻrsatkichga juda yaqin natija qayd etildi, atigi 6,2 tonna kam. Shu tariqa, ketma-ket uch yil davomida markaziy banklar tarixda eng katta miqyosdagi oltin jamgʻarishni amalga oshirdi. Taqqoslash uchun, 2010 yildan 2021 yilgacha oʻrtacha har yili Markaziy banklar zaxiralariga atigi 473 tonna oltin qoʻshilgan edi.

Oltin zaxiralari ortib borayotgan bir vaqtda dollar zaxiralari pasaymoqda. 2024 yil boshiga kelib, global valyuta zaxiralarida dollar ulushi 57,8 foizgacha tushdi. Bu 1994 yildan beri eng past daraja. Soʻnggi oʻn yil ichida dollar ulushi 7,3 foizga qisqardi. Qiyoslash uchun, 2002 yilda dollar ulushi global zaxiralarning 72 foizini tashkil etgan.
JPMorgan tahlilchilariga koʻra, bu dollardan voz kechish tendensiyasi oltin bozorida oʻz aksini topmoqda. Ularning fikricha, oltin talabining kuchayishi dollarning global zaxiralardagi mavqeini siqib chiqarmoqda va bu jarayon oltin narxining oʻsishiga turtki bermoqda. Hattoki prognozlarga koʻra, 2026 yil oʻrtalariga borib, oltin narxi bir unsiya uchun 4 ming dollargacha koʻtarilishi mumkin.
AQSh gʻaznachilik qimmatli qogʻozlariga talab esa tobora kamayib bormoqda. Analitiklar bu jarayonni jiddiy ogohlantirish sifatida talqin qilmoqda.
Nega dollardan yuz oʻgirilmoqda?
Birinchi sabab — AQSh valyutasining siyosiy vosita sifatida qoʻllanishi. Atlantic Councilʼning tahliliga koʻra, sanksiya xavfidan choʻchiyotgan yoki global moliyaviy inqiroz ehtimolidan himoyalanmoqchi boʻlgan markaziy banklar oltinni asosiy “xavfsiz qoʻrgʻon” sifatida koʻrib, uni katta hajmda sotib olishmoqda.
Ikkinchi sabab — AQShning fiskal intizomsizligi. Bu yil mamlakat qarzi 37 trillion dollardan oshdi va qarzning kamayishi haqida hech qanday belgi yoʻq. Bu esa bozor ishonchini susaytirib, davlat qimmatli qogʻozlariga talabni pasaytirmoqda.
Tahlilchi Artis Shepherd bunga “bozor tomonidan yoqilgan qizil chiroqlar” deya izoh berdi. Uning taʼkidlashicha, obligatsiyalar bozori AQSh hukumatiga aniq signal bermoqda: ortiqcha xarajatlar va soʻnggi 80 yil davomida suiisteʼmol qilingan “zaxira valyutasi imtiyozi” endi sekin-asta tugamoqda.