Olga Numanova Apex Bank rahbarligidan ketdi
2025 yil dekabridan beri Apex Bank boshqaruvi raisi vazifasini bajarib kelgan Olga Numanovaning vakolatlari tugatildi. Boshqaruv raisi oʻrinbosari Sharof Ikramov ham lavozimidan ketdi. Yangilangan boshqaruv tarkibida rais vazifasini bajaruvchi sifatida Sherzod Madjitov koʻrsatilgan.

Apex Bank kuzatuv kengashi 2026 yil 6 noyabrda Olga Numanova va Sharof Ikramovning vakolatlarini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qilingan muhim faktda maʼlum qilingan.
Numanova bank boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari va rais vazifasini bajaruvchi, Ikramov esa boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
Olga Numanova Apex Bank boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari etib 2025 yil 2 dekabrda tayinlangan edi. Oʻsha yilning 10 dekabrida esa u rais vazifasini bajaruvchi sifatida qayd etilgan. Bunga qadar Numanova InFinBank’ka rahbarlik qilgan.
Sharof Ikramov esa 2024 yil oktabrda Apex Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari etib tayinlangan. U 2004–2021 yillarda Kapitalbankda turli lavozimlarda, 2021–2023 yillarda Uzum Bank boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari sifatida ishlagan. Apex Bank’ka oʻtishidan oldin ANORBANK kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi boʻlgan.
Hujjatda oʻzgarishlardan keyingi boshqaruv tarkibida uch kishi qayd etilgan. Sherzod Madjitov rais vazifasini bajaruvchi, Timur Emirsaliyev rais oʻrinbosari, Irina Xan esa bosh buxgalter sifatida koʻrsatilgan.
Sherzod Madjitov 2025 yil noyabrda Apex Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari etib tayinlangan va chakana biznes yoʻnalishiga masʼul boʻlgan. U mehnat faoliyatini Mikrokreditbankda boshlagan, keyinchalik Oʻzsanoatqurilishbank va Aziya Alyans Bankda turli, jumladan, rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Madjitov 1988 yilda tugʻilgan. Bank saytidagi maʼlumotga koʻra, u 2009 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan, bank sohasida 16 yildan ortiq tajribaga ega.









