Mikromoliya xizmatlarining 80 foizi tijorat banklari hissasiga toʻgʻri kelmoqda — Markaziy bank
Koʻrsatilgan 83 trln soʻmlik mikromoliya xizmatlarining asosiy qismi — 80 foizi yoki 66 trillion soʻmi tijorat banklari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Mikromoliya xizmatlari boʻyicha eng katta oʻsishga erishgan banklar orasida BRB, TBC Bank va Anorbank kabi banklar bor.
Xususan, TBC Bank‘da mikroqarzlar hajmi 12 trln soʻmga, Anorbankda esa 3 trln soʻmga oshdi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, kredit tashkilotlari tomonidan 2024 yil davomida jami 83 trillion soʻm miqdorida mikromoliya xizmatlari koʻrsatilgan.
Bu koʻrsatkich 2023 yilning mos davriga nisbatan 38 trillion soʻmga yoki 86 foizga oshganini anglatadi.
Koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining asosiy qismi — 80 foizi yoki 66 trillion soʻmi tijorat banklari hissasiga toʻgʻri kelgan. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari tomonidan 18 foiz (14 trln soʻm), lombardlar tomonidan esa 2 foiz (2 trln soʻm) xizmatlar koʻrsatilgan. Bozor hajmining bunday keskin oʻsishi tijorat banklarida mikromoliya xizmatlarining 85 foizga, mikromoliya tashkilotlarida 2 barobarga, lombardlarda esa 10 foizga oshgani bilan bogʻliq.
Mikroqarzlar tijorat banklari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 69 foizini (46 trln soʻm), mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 78 foizini (11 trln soʻm) va lombardlar tomonidan koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 100 foizini (2 trln soʻm) tashkil etadi.
Mikroqarzlar hajmida eng katta oʻsish davlat ulushi mavjud banklar orasida Xalq bankida 4 barobar (3 trln soʻm), Oʻzmilliybankda 2 barobar (2 trln soʻm), Oʻzsanoatqurilishbankda 2 barobar (3 trln soʻm) koʻrsatkichlar bilan qayd etilgan. Xususiy banklar ichida esa TBC Bank’da mikroqarzlar hajmi 3 barobarga (12 trln soʻm), Anorbankda esa 3 barobarga (3 trln soʻm) oshgan.
Bundan tashqari, mikrokreditlar mikromoliya xizmatlarining muhim qismini tashkil etdi. Jumladan, ular tijorat banklari boʻyicha 16 foiz (10 trln soʻm), mikromoliya tashkilotlari boʻyicha esa 22 foiz (3 trln soʻm) ulushga ega boʻldi.
Eng yuqori oʻsish davlat banklarida kuzatilgan. Biznesni rivojlantirish bankida mikrokreditlar 15 barobar (2 trln soʻm), Agrobankda 6 barobar (1 trln soʻm), Aloqabankda esa 4 barobar (184 mlrd soʻm) oshgan.
Xususiy sektor banklarida ham sezilarli oʻsish qayd etilgan — Kapitalbankda 2,5 barobar (796 mlrd soʻm), Orient Finans Bank’da 2 barobar (11 mlrd soʻm), Anorbankda esa 2 barobar (31 mlrd soʻm) oʻsish kuzatilgan.
Boshqa mikromoliya xizmatlari esa tijorat banklari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning 15 foizini yoki 10 trillion soʻmni tashkil etadi. Bu xizmatlar ichida:
- kredit kartalari — 5 trillion soʻm (7%),
- biznes maqsadlari uchun ajratilgan mikrokreditlar — 4 trillion soʻm (6%),
- overdraft xizmatlari — 1 trillion soʻm (2%),
- isteʼmol kreditlari — 158 milliard soʻm (0,2%) miqdorida boʻlgan.
Yil davomida koʻrsatilgan mikromoliya xizmatlarining 90 foizi — yaʼni 75 trillion soʻmi, 100 million soʻmgacha boʻlgan kreditlar hissasiga, 10 foizi yoki 8 trillion soʻmi esa 100 million soʻmdan 300 million soʻmgacha boʻlgan kreditlarga toʻgʻri keladi.