KFC, EVOS va boshqalar: olti oyda qaysi umumiy ovqatlanish korxonasi koʻproq soliq toʻladi?
2026 yilning birinchi yarmida umumiy ovqatlanish korxonalari 1 trln soʻmdan ortiq soliq toʻladi. Eng yirik soliq toʻlovchilar orasida KFC, EVOS, “Ketring”, Oqtepa Lavash va Bellissimo Pizza yetakchilik qilmoqda.

2026 yilning yanvar–iyun oylarida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shugʻullanuvchi 23 148 ta yuridik shaxs tomonidan jami 1 trln 8,9 mlrd soʻm soliq toʻlangan. Bu haqda Soliq qoʻmitasi maʼlum qildi.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida soha korxonalari 809,8 mlrd soʻm soliq toʻlagan edi. Shu tariqa, soliq tushumlari bir yil ichida 199,1 mlrd soʻm yoki 24,6 foizga oshgan.
Hisobot davrida umumiy ovqatlanish korxonalarining tovar aylanmasi 14,1 trln soʻmni tashkil etdi. Ularga qoʻllanilgan soliq imtiyozlari esa 9,4 foizga kamayib, 88,7 mlrd soʻmdan 80,4 mlrd soʻmga tushgan.
Eng koʻp soliq toʻlagan kompaniya KFC brendi ostida faoliyat yurituvchi “International FoodChain” boʻldi. Korxona olti oyda 52,2 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 mlrd soʻm yoki 10,1 foiz koʻp.
Ikkinchi oʻrinni EVOS tarmogʻining operatori “Mak Food Servis” egalladi. Kompaniyaning soliq toʻlovlari 31,8 mlrd soʻmdan 41,4 mlrd soʻmga yetib, 30,2 foizga oshgan.
KFC va EVOS oʻrtasidagi farq 10,8 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bir yil avval bu tafovut 15,6 mlrd soʻmga teng edi. Shu tariqa, EVOS soliq toʻlovlari boʻyicha KFC bilan oradagi farqni qisqartirgan.
Kuchli uchlikni “Uzbekistan Airways” tarkibidagi “Ketring” korxonasi yakunladi. Uning soliq toʻlovlari 50,3 foizga oshib, 16,5 mlrd soʻmdan 24,8 mlrd soʻmga yetgan.

Oqtepa Lavash operatori “Oqtepa-Food Service” 20 mlrd soʻm bilan toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Bir yil avval kompaniya 18,3 mlrd soʻm soliq toʻlagan edi.
Eng katta oʻsishlardan biri Bellissimo Pizza’da kuzatildi. Tarmoq operatorining soliq toʻlovlari 1,9 mlrd soʻmdan 11,7 mlrd soʻmga yetib, 6 baravardan koʻproqqa oshgan. Natijada kompaniya reytingda beshinchi oʻringa koʻtarildi.
Keyingi oʻrinlarni “Good Food Catering” — 8,1 mlrd soʻm, “Savdo” — 7,8 mlrd soʻm, Feed Up — 5,6 mlrd soʻm, “Alexander Brands” — 5,5 mlrd soʻm va “Garden Catering Trade” — 5 mlrd soʻm bilan egalladi.
Shuningdek, “French Pastry” 4,1 mlrd soʻm, “Caravan Group Delivery” 4 mlrd soʻm, “Akfa Food” 3,7 mlrd soʻm, MaxWay 3,6 mlrd soʻm, Shashleek 3,3 mlrd soʻm va “Vanilla Food” 3,2 mlrd soʻm soliq toʻlagan.
TOP-20 korxonaning jami soliq toʻlovlari 215,9 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgidan 59,6 mlrd soʻm yoki 38,1 foiz koʻp. Ularning soha boʻyicha jami soliq tushumlaridagi ulushi esa 19,3 foizdan 21,4 foizga oshgan.









