KFC, EVOS va Oqtepa: umumiy ovqatlanish korxonalari yetti oyda 1 trln soʻmga yaqin soliq toʻladi
Bu mablagʻning beshdan bir qismi eng yirik 20 ta kompaniya hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlib, ular orasida KFC, Evos va Oqtepa Lavash tarmoqlari yetakchilik qilmoqda.

2025 yilning yanvar–iyul oylarida umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalar 963,3 mlrd soʻm soliq toʻladi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi maʼlumot berdi.
Hisobot davrida umumiy ovqatlanish bilan shugʻullanuvchi 20 126 ta yuridik shaxs faoliyat yuritgan. Ularning umumiy tovar aylanmasi 10,8 trln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, berilgan soliq imtiyozlari hajmi 108 mlrd soʻmga teng boʻldi.
Shu bilan birga, sohaga oid eng koʻp soliq toʻlovchi TOP-20 korxona jami 184,2 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Bu esa umumiy summaning 19,1 foizini tashkil etadi.
Eng koʻp soliq toʻlovchi korxonalar
Eng koʻp soliq toʻlagan kompaniya — xalqaro KFC tarmogʻining Oʻzbekistondagi franshiza hisoblangan International Foodchain boʻldi. Bu korxona 7 oyda 55,7 mlrd soʻmlik soliq toʻlovlarini amalga oshirgan.
Ikkinchi oʻringa esa 37,7 milliard soʻm soliq toʻlagan Mak Food Servis kompaniyasi joylashdi. Ushbu kompaniya mamlakat boʻylab tanilgan Evos brendi ostida faoliyat yuritadi.

Kuchli uchlikni esa 21,4 milliard soʻmlik soliq bilan Oqtepa Food Service yakunladi — bu korxona mashhur Oqtepa Lavash tarmogʻining asosiy operatori hisoblanadi.
Toʻrtinchi oʻrinni 19,3 milliard soʻmlik soliq toʻlovi bilan Ketring kompaniyasi egalladi. Keyingi oʻrinlardagi korxonalarda soliq toʻlovlari sezilarli kamayadi. Masalan, mashhur Feed Up fast-fud tarmogʻi 4,9 mlrd soʻmlik soliq toʻlovlarini amalga oshirgan.
Shuningdek, “Savdo” MChJ (4,6 mlrd soʻm), Chef Catering MChJ (3,8 mlrd soʻm), French Pastry MChJ (3,5 mlrd soʻm), MaxwayFood MChJ (3,0 mlrd soʻm), Bellissimo Pizza International MChJ (2,8 mlrd soʻm), Dodo Pizza Tashkent MChJ (2,2 mlrd soʻm) kabi mashhur ovqatlanish tarmoqlari ham TOP-20 taligiga kirdi.
Soliqlar tarkibida eng katta ulushni qoʻshilgan qiymat soligʻi (78,2 mlrd soʻm) va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (49,6 mlrd soʻm) egalladi.