Humans Oʻzbekistonga qarshi arbitrajda mamlakatdan yuz millionlab dollar kompensatsiya talab qilmoqda
Kompaniya davlat organlari va davlatga qarashli tuzilmalar tomonidan biznesiga tizimli bosim oʻtkazilganini iddao qilmoqda.
Daʼvo doirasida zarar miqdori aniq koʻrsatilmagan, biroq u yuz millionlab AQSh dollari deb baholanyapti.
Humans ishi va unga bogʻliq asosiy jarayonlar haqida batafsil:

Humans Mobile Ltd (Singapur) kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi xalqaro arbitraj doirasida yuz millionlab AQSh dollari miqdorida kompensatsiya talab qilmoqda. Bu haqda dastlab 27 yanvar kuni turli xorijiy nashrlar xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Oʻzbekistondagi Humans biznesiga egalik qiluvchi Humans Mobile Ltdʼning daʼvosi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish boʻyicha xalqaro markaz (ICCID)da roʻyxatga olingan. Ish ARB/25/24 raqami bilan yuritilmoqda.
Arbitraj tribunali 2026 yil 7 yanvar kuni shakllantirilgan boʻlib, uning tarkibiga uch nafar arbitr kiradi:
- Ser Daniel Betlehem (Daniel Bethlehem) — ICSID Maʼmuriy kengashi raisi tomonidan tribunal raisi etib tayinlangan;
- Anna Xoffman (Anne Hoffman) — daʼvogar tomon, yaʼni Humans Mobile tomonidan koʻrsatilgan;
- Xorxe E. Vinuales (Jorge E. Viñualess) — javobgar tomon — Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan koʻrsatilgan.
Humans Mobile manfaatlarini xalqaro investitsiya nizolari boʻyicha ixtisoslashgan Peter & Kim yuridik firmasi himoya qilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlari esa AQShning Vashington shahrida joylashgan Curtis, Mallet-Prevost, Colt & Mosle yuridik firmasi tomonidan taʼminlanmoqda.
Kompaniya bayonotiga koʻra, ilgari surilgan daʼvolar 2003 yil 15 iyulda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Singapur Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim qoidalarining bir qator buzilishlari bilan bogʻliq.
Humans Mobile taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning ayrim davlat organlari va davlatga qarashli kompaniyalari, jumladan Markaziy bank, “Oʻzbektelekom” AJ, shuningdek sud va prokuratura tizimi vakillari hamda kompaniya “hukmron elita vakillari” deb atagan shaxslar orqali Humansʼning Oʻzbekistondagi faoliyatiga nisbatan tizimli bosim oʻtkazilgan.
Humans Oʻzbekistondagi biznesiga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilmoqda. Kompaniya zarar miqdorini aniq koʻrsatmagan holda, uni yuz millionlab AQSh dollari deb baholamoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil may oyida Humans Mobile Ltd Oʻzbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilgan edi.
Oradan bir necha oy oʻtib, 2025 yil oktabr oyida Humans MChJ bankrot deb topildi.
Shundan soʻng, dekabr oyining ilk dam olish kunlarida oʻzbekistonlik foydalanuvchilarning Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ularning roziligisiz pul mablagʻlari yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan ishlar hozirda Ichki ishlar organlari tomonidan oʻrganilmoqda. Fuqarolardan yuzaga kelgan holatlar boʻyicha tegishli tartibda murojaat qilish soʻralgan.
Humans va uning atrofidagi muhim voqealar haqida batafsil:









