Humans 2024 yilda rekord miqdorda zarar koʻrdi
Humans 2024 yilda 192,7 milliard soʻmlik sof zarar qayd etdi — bu oʻtgan yilgi foydaga nisbatan keskin pasayishdir.
Ayni paytda kompaniya Markaziy bank, “Oʻzbektelekom” va Octobank bilan turli huquqiy masalalar yuzasidan nizolashmoqda.
Jumladan, Pinkod oʻrgangan sud hujjatlariga koʻra, Humans’ning “Oʻzbektelekom” oldidagi qarzi 497,7 milliard soʻmni tashkil etadi.

Humans Companies AJ 2024 yil yakuni boʻyicha auditdan oʻtgan moliyaviy hisobotini eʼlon qildi. Hisobotga koʻra, kompaniya 192,7 mlrd soʻm sof zarar koʻrgan boʻlib, bu 2023 yildagi 8,9 mlrd soʻmlik sof foydaga nisbatan 2263,3 foiz yillik pasayishni anglatadi.
Sof tushum yillik ifodada 29,6 mlrd soʻmdan 31,3 mlrd soʻmga oshgan boʻlsa-da, yalpi foyda 6,1 mlrd soʻmdan 2,9 mlrd soʻmga kamaygan. Kompaniyaning uzoq muddatli kredit va qarz majburiyatlari 8,8 mlrd soʻmdan 79,6 mlrd soʻmga (+803,4%) koʻpaygan. Ayni paytda, qisqa muddatli qarzlar 4,1 mlrd soʻmdan 3,4 mlrd soʻmga (-16,4%) qisqargan.
Humans duch kelayotgan muammolar
Oʻzbekistondagi Humans biznesining egasi, Singapurda roʻyxatdan oʻtgan Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Oʻzbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj sudiga daʼvo arizasi kiritgan.
Kompaniya davlat organi va tashkilotidan zarar uchun kompensatsiya soʻramoqda. Humans Mobile’ning taʼkidlashicha, kompaniyaga yetkazilgan zarar Oʻzbekiston Markaziy banki va “Oʻzbektelekom” tomonidan amalga oshirilgan harakatlar natijasidir. Shu sababli, koʻrilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilinmoqda.
“Oʻzbektelekom” bilan mojaro
2025 yilning may oyida Humans kompaniyasi “Oʻzbektelekom” ustidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga rasmiy shikoyat kiritdi. Shikoyatga koʻra, davlat operatori internet xizmatlarini sunʼiy ravishda cheklab, kompaniyaga nisbatan bosim oʻtkazgan va monopol narxlarni qoʻllagan.
Bunga javoban “Oʻzbektelekom” rasmiy bayonot berib, bu ayblovlarni asossiz deb atadi. Kompaniyaning aytishicha, aynan Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini buzgan va koʻrsatilgan xizmatlar uchun katta miqdorda qarzdorlikni toʻlamagan.
Bundan tashqari, 8 may kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida “Oʻzbektelekom” va Humans oʻrtasidagi nizo koʻrib chiqilgan. Pinkod mazkur sud ishini oʻrgandi. Sud hal qiluv qaroriga koʻra, Humans hisobidan “Oʻzbektelekom” foydasiga 497,7 mlrd soʻm asosiy qarz va 23,6 mlrd soʻmlik penya undirilishi belgilangan.
Octobank bilan ziddiyat
Octobank AJ 2025 yil 13 iyun soat 18:00 dan boshlab Humans Visa kartalariga xizmat koʻrsatish toʻxtatilishini eʼlon qildi. Bunga Humans tomonidan shartnoma majburiyatlarning muntazam ravishda buzilishi sabab qilib koʻrsatilgan.
Shuningdek, 13 iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Humans va Octobank oʻrtasida nizo koʻrib chiqilgan. Octobank Humans’dan daʼvo boʻyicha 500 mlrd soʻm talab qilayotgan edi.
Sud hal qiluv qaroriga koʻra, Humans’ga Octobank oldidagi qarzdorlikni qoplash majburiyatini yuklatilgan.
Humans mazkur vaziyatga oʻz munosabatini bildirib oʻtgan. Unda, Humans Octobank AJ shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda bajarmagani uchun unga qarshi daʼvo tayyorlayotgani aytilgan.