Dollar rasmiy kursi yana 12 400 soʻmdan pastga tushdi
4 sentabr kuni amalda boʻladigan dollar kursi 48 soʻm 35 tiyinga arzonlab, 12 374,55 soʻmni tashkil qildi. Bu soʻnggi ikki hafta ichida ikkinchi marotaba dollar kursining 12 400 soʻmdan pastga tushishidir.

Dollar rasmiy kursi chorshanba kuni yana sezilarli darajada pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati maʼlum qildi.
Kun davomida AQSh dollari 48 soʻm 35 tiyinga arzonlab, 4-sentabr kuni amalda boʻladigan kurs 12 374,55 soʻm etib belgilandi. Bu soʻnggi ikki hafta ichida ikkinchi marotaba dollar kursi 12 400 soʻmdan pastga tushishidir.
Boshqa asosiy valyutalar ham soʻmga nisbatan biroz pasaydi. Xususan, yevro 32 soʻm 76 tiyinga arzonlab 14 425 soʻmni, funt sterling esa 54,89 soʻmga tushib 16 591,8 soʻmni tashkil etdi.
2025 yil avgust oyida oʻzbek soʻmi AQSh dollariga nisbatan mustahkamlanishda davom etdi. Milliy valyuta bir oy ichida 109,32 soʻmga (0,87%) qimmatlashib, 12 482,38 soʻmni tashkil etdi.
Oyning birinchi yarmida kurs 12 720–12 500 soʻm oraligʻida shakllangan boʻlsa, ikkinchi yarmida soʻm keskin mustahkamlanib, 276 soʻmdan koʻproq oshdi va 2023 yil 7 dekabrdan buyon eng yuqori darajaga chiqdi. Biroq oxirgi kunlarda kurs yana 176,58 soʻmga koʻtarilib, avvalgi pasayishni qisman qopladi.
Umuman olganda, dastlabki sakkiz oy davomida milliy valyuta dollarga nisbatan 3,39 foiz yoki 438 soʻmga mustahkamlandi.