Dollar kursi qariyb 12 300 soʻmgacha tushdi: buning sabablari nimada?
Oʻzbekistonda dollar kursi ketma-ket toʻrtinchi sessiyada pasayib, 12 305,9 soʻmgacha tushdi. Bunday koʻrsatkich oxirgi bor 2023 yil dekabr oyi boshida qayd etilgan edi. Xoʻsh, kursning bu darajada pasayishiga qanday omillar sabab boʻlmoqda?

Oʻzbekistonda dollar kursi ketma-ket toʻrtinchi sessiyada pasayishda davom etmoqda. 26 avgust kuni amal qiladigan dollar kursi 51,29 soʻmga pasayib, 12 305,80 soʻmni tashkil qildi.
Bu soʻnggi ikki yilda qayd etilgan eng past koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi. Bunday koʻrsatkich oxirgi marotaba 2023 yilning dekabr oyi boshida kuzatilgan edi.
Oxirgi toʻrtta sessiyada dollar kursi 219 soʻmga pasaydi. Yil boshidan buyon esa milliy valyuta dollarga nisbatan 600 soʻmga mustahkamlandi.
Bunga nima sabab boʻlmoqda?
Soʻnggi kunlardagi asosiy tendensiya shundaki, soʻm Markaziy bank eʼlon qiladigan valyutalar ichida faqat Argentina pesosiga nisbatan qadrsizlanib, qolgan barcha valyutalarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Jumladan, dollarga nisbatan 0,7 foizga, yevroga nisbatan 0,9 foizga, shveytsariya frankiga nisbatan 0,8 foizga va yapon iyenasiga nisbatan 1 foizga kuchaydi.
Bu holat Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi ichki omillar taʼsirida yuz bermoqda. Masalan, iyul oyida mamlakat 1,09 milliard dollarlik oltin eksportini amalga oshirdi. Shu bilan birga, yilning dastlabki yetti oylik eksport hajmi butun 2024 yildagi koʻrsatkichdan ham oshib ketdi.
Bundan tashqari, Markaziy bankning maʼlumotiga koʻra, mehnat muhojirlari yuborgan pul oʻtkazmalari ikkinchi chorakda 4,8 milliard dollarga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21,4 foizga oshgan. Oʻsish tendensiyasi davom etayotganini hisobga olsak, uchinchi chorakda ham pul oʻtkazmalari avvalgi yilga nisbatan yuqoriroq boʻlishi kutish mumkin. Bu esa oʻz navbatida milliy valyutani mustahkamlovchi omil sifatida taʼsir koʻrsatmoqda.
Dollar endi tushib ketadimi?
Biroq dollar kursi bundan keyin ham pasayishda davom etadimi, degan savolga hozircha aniq javob berish qiyin. Iqtisodchi Mirkomil Xolboevning taʼkidlashicha, global faktorlar taʼsirini dollar indeksi va rubl kursi orqali baholash mumkin.
Soʻnggi 10 sessiya davomida dollar indeksi 0,7 foizga pasaygan boʻlsa, rubl 0,3 foizga mustahkamlangan. Bu jarayon soʻmning mustahkamlanishiga kechikkan (lag) taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin. Lekin soʻnggi besh sessiyada teskari tendensiya kuzatilmoqda: dollar 0,1 foizga mustahkamlangan, rubl esa 0,7 foizga qadrsizlangan. Bu esa soʻm uchun pasaytiruvchi omil sifatida boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Shu bois, hozircha dollar kursi izchil pasayishda davom etadi, deb qatʼiy xulosa qilishga erta.