Bitcoin narxi noyabr oyidan beri ilk marta $90 000 dan pastga tushib ketdi
Bunga AQSh iqtisodiyotidagi noaniqlik va yaqinda sodir boʻlgan keng koʻlamli xakerlik hujumi asosiy sabab sifatida koʻrsatilmoqda.

Bitcoin narxi $90,000 dan pastga tushib, 18 noyabrdan beri eng past darajaga yetdi. AQSh boj tariflariga oid xavotirlar va oʻtgan haftada Bybit birjasidan 1,5 milliard dollarlik Ethereum oʻgʻirlanishi kripto bozoridagi investorlarning ishonchiga jiddiy zarba berdi.
Dunyoning eng yirik kriptovalyutasi boʻlgan Bitcoin (BTC) narxi 25 fevral kuni $86,138 gacha tushdi. Xabar tayyorlanayotgan paytda esa kripto-aktiv birjalarda $86,363 dan savdo qilinmoqda.

Global investorlar AQSh iqtisodiyoti oʻzining "mukammallik davri"ni yoʻqotishi mumkinligidan xavotirga tushishmoqda. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada va Meksikadan import qilinadigan mahsulotlarga 25% tarif joriy qilish rejasidan voz kechmasligini bildirdi. Bu esa bozor ishtirokchilari orasida beqarorlikni yanada kuchaytirdi. Natijada xavfsiz aktiv sifatida koʻriladigan AQSh gʻaznachilik obligatsiyalariga talab oshdi va ularning rentabelligi soʻnggi ikki oy ichida eng past darajaga tushdi.
Bitcoin soʻnggi bir haftada 10% bozor qiymatini yoʻqotgan boʻlsa, kichikroq altkoinlar bundan ham koʻproq zarar koʻrdi. Maʼlumotlarga koʻra, memkoin Dogecoin va Solana hamda Cardano tarmoqlarining tokenlari qariyb 20% ga tushib ketdi.
Bozor qiymati boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi kriptovalyuta Ethereum (ETH) 12,88% ga pasayib, $2,392 ga tushdi va oktabrdan beri eng past darajaga yetdi.
Kriptovalyutalarning bunday darajada tushib ketishini kutilmagan holat deb boʻlmaydi. Yuqorida taʼkidlanganidek AQSh tomonidan boshqa davlatlarga joriy etilishi mumkin boʻlgan boj tariflari va yaqinda sodir boʻlgan tarixdagi eng katta oʻgʻirlik mazkur holatning asosiy sabablaridan biridir. Bundan tashqari turli siyosatchilar tomonidan chiqarilgan muvaffaqiyatsiz memkoinlar kriptoga boʻlgan ishonchning pasayishiga olib keldi.