12 141.380 so‘m

increase

15.280

14 313.470 so‘m

increase

141.700

160.260 so‘m

increase

1.150

12 141.380 so‘m

increase

15.280

19-fevral, 12:52
Bank
831

2026 yil Oʻzbekistonda birorta bank xususiylashtirilmaydi — yangilangan strategiya

Yangilangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasiga koʻra, 2026 yilda davlat banklari soni 9 ta darajasida saqlanib qoladi. 2027 yilda ular 7 taga, 2028 yilda 6 taga, 2029 yilda 5 taga va 2030 yilda 4 taga qisqartirilishi rejalashtirilgan.

2026 yil Oʻzbekistonda birorta bank xususiylashtirilmaydi — yangilangan strategiya
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekiston 2026 yilda davlat banklarini xususiylashtirishni rejalashtirmayapti. Bu haqda 16 fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida keltirilgan.

Hozirda davlatga tegishli toʻqqizta bank mavjud: NBU, “Agrobank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Xalq banki”, “Biznesni rivojlantirish banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank” va “Turonbank”.

Hujjatga koʻra, 2026 yilda davlat banklari soni oʻtgan yil darajasida saqlanib qoladi. Biroq keyingi yillarda keng koʻlamli xususiylashtirish rejalashtirilgan.

2027 yilda davlat banklari soni 7 taga qisqaradi. 2028 yilda ular 6 ta, 2029 yilda 5 ta, 2030 yilda esa 4 ta boʻladi. Shunday qilib, davlat beshta bankni sotishni va oʻz tasarrufida toʻrtta bankni qoldirishni rejalashtirmoqda. Qaysi banklar saqlab qolinishi hujjatda koʻrsatilmagan.

Tasdiqlangan yangilangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasidagi koʻrsatkichlar 2025 yil dekabr oyi oxirida prezident topshirigʻi bilan jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan loyiha variantidan biroz farq qiladi. Jamoatchilikka taqdim qilingan loyihada 2026 yilda ham bitta davlat bankini xususiylashtirish rejalashtirilgani nazarda tutilgan edi.

2023 yil sentabrda qabul qilingan strategiyaning avvalgi talqinida esa davlat mulkida 3–4 ta bankni saqlab qolish koʻzda tutilgan edi.

Oʻzbekistonda banklarni xususiylashtirish

Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, “Oʻzsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025–2026 yillarga rejalashtirilgan edi. Biroq yangilangan strategiyadan kelib chiqib, 2026 yilda hech bir bank sotilmasligi mumkin.

Shuningdek, iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, yaqin yillarda kichik banklardan biri — “Aloqabank” yoki “Turonbank” xususiylashtirilishi mumkin. Unga koʻra, “Oʻzsanoatqurilishbank” yoki “Asakabank”ni 2028 yildan oldin sotish ehtimoli past.

Bundan tashqari, xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) 2026 yilda “Asakabank” aksiyalarining 15 foizini sotib olib, bank aksiyadorlari tarkibiga kirishi rejalashtirilgan.

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning xususiylashtirish strategiyasida endilikda eʼtibor koʻproq Sanoatqurilishbank (SQB) ga qaratilayotganini maʼlum qilgan edi

2025 yil sentabr oyida esa Fraklin Tempeton ishonchli boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) ustav kapitaliga “Oʻzsanoatqurilishbank”ning 30 foiz ulushi oʻtkazilgan edi.  

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+