UzNIF boshqaruviga “Oʻzsanoatqurilishbank”ning 30 foiz ulushi oʻtkaziladi, ikkita bank esa portfeldan chiqariladi
Prezidentning qaroriga muvofiq, Franklin Templeton boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) portfeliga oʻzgaririshlar kiritildi.
“Oʻzsanoatqurilishbank”ning 30 foizlik davlat ulushi jamgʻarma tarkibiga qoʻshiladi, bir qator bank va kompaniyalar chiqariladi, ayrim korxonalardagi ulushlar esa oshiriladi.
Oʻzgartirishlar natijasida jamgʻarma boshqaruvidagi kompaniyalar soni 18 tadan 15 taga tushadi.

19-sentabr kuni Prezident “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-289-son qarorini imzoladi.
Mazkur qarorga muvofiq, Fraklin Tempeton ishonchli boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) ustav kapitaliga davlat ulushi oʻtkaziladigan korxonalar va banklar roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritildi.
Jamgʻarma portfelidagi davlat korxonalari soni 18 tadan 15 taga qisqardi. Jumladan, quyidagi ulushlar portfeldan chiqariladi:
- Uzbekistan Airports AJ — 25%,
- “Mikrokreditbank” ATB— 40%,
- “Biznesni rivojlantirish banki” ATB— 25%,
- “Oʻzbekiston pochtasi” AJ — 25%.
Ularning oʻrniga “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning 30 foizlik davlat ulushi jamgʻarma portfeliga kiritiladi. Avvalroq ushbu bankda davlat ulushini 2025 yil yakuniga qadar 50% dan kamaytirish majburiyati belgilangan edi, endilikda bu talab bekor qilindi.

Shuningdek, qator kompaniyalar boʻyicha jamgʻarma ulushi oshiriladi:
- “Oʻzbekgidroenergo” AJ — 20% dan 40% gacha,
- “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ — 25% dan 40% gacha,
- “Oʻzbekinvest” AJ — 20% dan 30% gacha.
Oʻzbekiston va IPO
Eslatib oʻtamiz, 1 maydan boshlab Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi boshqaruvi AQShning Franklin Templeton investitsiya guruhiga oʻtkazilgan edi.
Hozirgi kunda UzNIF taxminan 1,7 milliard dollarlik aktivlarni boshqarmoqda. Jamgʻarma London va Toshkent fond birjalarida qoʻshma IPO (boshlangʻich ommaviy taklif) oʻtkazish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda.
Franklin Templeton kompaniyasi joriy yilda jamgʻarma boshqaruvini oʻz zimmasiga olgan va hozirda STJ Advisors kabi xalqaro moliyaviy maslahatchilar bilan hamkorlikda ishlamoqda.
Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, UzNIF aksiyalari Toshkent fond birjasida va xorijiy birjalardan birida joylashtiriladi. Hozircha qaysi xalqaro birja tanlanishi aniq emas.
Avvalroq Pinkod NKMK Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada ikkita IPO oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida yozgan edi.
Davlat korxonasi qarzlarni ham hisobga olgan holda taxminan 20 milliard dollarlik baholashga erishishni kutmoqda.