12 033.280 so‘m

increase

64.690

14 060.890 so‘m

increase

40.880

149.300 so‘m

increase

1.560

12 033.280 so‘m

increase

64.690

7 kun avval
Bank
131

Oʻzbekiston 2030 yilgacha davlat banklari sonini 9 tadan 4 tagacha qisqartiradi

2030 yilgacha bank tizimidagi davlat ulushi 55 foizgacha kamaytirilishi koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston 2030 yilgacha davlat banklari sonini 9 tadan 4 tagacha qisqartiradi
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekiston beshta davlat bankini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan yangilangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining moliyaviy strategiyasida maʼlumot berilgan.

Hozirda davlat tasarrufida NBU, “Agrobank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Xalq banki”, “Biznesni rivojlantirish banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank” va “Turonbank” kabi toʻqqizta bank mavjud. Rejalarga koʻra, 2026 yilga kelib davlat banklari soni sakkiztaga, 2030 yilga borib esa toʻrttagacha qisqartiriladi. Yaʼni, har yili kamida bitta davlat banki xususiylashtiriladi.

Yangilangan strategiyada bank tizimidagi davlat ulushini 2026 yilda 65 foizdan 2030 yilga kelib 55 foizgacha kamaytirish maqsadi belgilangan. 2024 yil 1 dekabr holatiga koʻra, davlat ishtirokidagi banklar aktivlari 576,2 trln soʻmni yoki tizimning 64,53 foizini tashkil etadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, “Oʻzsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025–2026 yillarga, “Asakabank”, “Aloqabank” va “Turonbank”ni xususiylashtirish esa 2026–2027 yillarga moʻljallangan. Shu bilan birga, NBU, “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Xalq banki” va “Biznesni rivojlantirish banki”ni sotish 2026–2028 yillar oraligʻida rejalashtirilmagan.

Shuningdek, iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, yaqin yillarda kichik banklardan biri — “Aloqabank” yoki “Turonbank” xususiylashtirilishi mumkin. Unga koʻra, “Oʻzsanoatqurilishbank” yoki “Asakabank”ni sotish ehtimoli 2028 yildan oldin past.

Bundan tashqari, xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) 2026 yilda “Asakabank” aksiyalarining 15 foizini sotib olib, bank aksiyadorlari tarkibiga kirishi rejalashtirilgan.


Avvalroq Oʻzbekiston xususiylashtirish strategiyasida asosiy eʼtibor SQB’ga qaratilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+