Yangi tarixiy rekord: Ilon Maskning boyligi $447 milliardga yetdi
Milliarder boyligi bir kunda qariyb $63 mlrdga koʻpaygan. U mazkur natijaga erishgan tarixdagi birinchi inson boʻldi.
Ilon Mask moliyaviy rekordlarni yangilashda davom etmoqda. Chorshanba kuni uning sof boyligi Bloomberg milliarderlar indeksiga koʻra, $447 milliardga yetib, $400 milliarddan oshgan tarixdagi birinchi insonga aylandi. Bu holatga Tesla, SpaceX va xAI kabi kompaniyalarining bozor kapitali yuqorilashi sabab boʻlgan.
SpaceX: Ichki ulushlar savdosi kompaniyaning qiymatini $350 milliardga olib chiqdi.
Tesla: Aksiyalari birja savdolarida $424,77 darajasiga yetib, yil boshidan beri 71% ga oshdi.
xAI: May oyidan beri kompaniyaning qiymati ikki barobarga oshib, $50 milliardga yetdi.
Bular Maskning boyligini bir kunda $62.7 milliardga koʻpaytirdi.
Biroq shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, milliarder mazkur kompaniyalarda faqatgina maʼlum miqdordagi aksiyalarga egalik qiladi.
Donald Trampning prezidentlikka qayta saylanishi Mask kompaniyalari oʻsishi uchun katta turtki berdi. Uning maʼmuriyati avtomatlashtirilgan transport tizimlariga doir tartiblarni yengillashtirishi va raqobatchilarga soliq imtiyozlarini bekor qilishi Tesla aksiyalarining oʻsishiga sabab boʻldi.
Koʻproq: Dunyoning eng boy odami Ilon Mask endi Amerikaning eng katta siyosiy donori
Umuman olganda, 2024 yilda Maskning umumiy boyligi $218 milliardga oshdi. Shuningdek, ilk marta dunyoning 500 ta eng boy insonining umumiy boyligi $10 trilliondan yuqori miqdordi tashkil etdi.
Ilon Mask muvaffaqiyatlariga qaramay, oʻtgan haftada Delaver sudida 2018 yilda Tesla tomonidan unga tayinlangan $100 milliardlik mukofot puli boʻyicha sud jarayonida yutqazdi. U ushbu qarorni “mutlaq korrupsiya” deb atab, apellyatsiyaga murojaat qilishini maʼlum qildi. Agar sud apellyatsiyani qanoatlantirmagan taqdirda ham, Mask dunyoning eng boy insoni boʻlib qolaveradi.