Xalqaro oltin-valyuta zaxiralari ilk marotaba $45 mlrdga yaqinlashdi
Fevral oyida mamlakatning jami zaxiralari 2 milliard dollardan koʻproqqa oshib, $44,94 mlrdga yetdi. Biroq, oltin zaxiralari sotish hisobiga $200 mlnga kamaydi.

Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari fevral oyida $2,03 mlrdga koʻpayib, 1 mart holatiga koʻra $44,94 mlrdni tashkil qilmoqda. Bu haqida Markaziy bank 7 mart kungi hisobotida maʼlumot berdi.
Eng asosiy yuqorilash xorijiy valyutadagi zaxira aktivlarda kuzatildi. Yanvar oyida bu turdagi aktivlar miqdori deyarli $7,3 mlrdni tashkil qilgan edi. Oʻtgan oyda esa ularning miqdori $2,23 mlrdga koʻpayib $9,5 mlrddan koʻproqni tashkil qildi. Mazkur aktivlar tarkibidagi naqd valyuta va depozitlarning jami miqdori esa $9,3 mlrdga yetdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qogʻozlar qiymati bir oyda qariyb ikki baravar oshib, $102,1 mlndan $202,46 mlnga yetdi.
Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2025 | 1 fevral 2025 | 1 mart 2025 |
Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 41,2 | 42,9 | 44,94 |
Oltin (mlrd $) | 32,03 | 35,06 | 34,86 |
Sof hajmi (mln troya unsiya) | 12,3 | 12,6 | 12,2 |
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 8,6 | 7,3 | 9,53 |
Valyutadagi aktivlardan farqli ravishda, mazkur oyda oltin zaxiralari $0,2 mlrdga kamaydi. Oltinning sof hajmi ham 0,38 mln troyaga kamayib, 12,18 mlnga tushdi. Raqamlar Markaziy bank oltin narxi oshgan vaqtda uni sotganini bildiradi.
Avvalroq, Oʻzbekiston yanvar oyida oltin xarid qilish boʻyicha jahonda birinchi oʻrinni egallagani xabar qilingan edi. Markaziy bank yilning ilk oyida 8 tonna oltin xarid qilgan.