X ijtimoiy tarmogʻi oʻzining Grok sunʼiy intelekt chatbotini barcha foydalanuvchilar uchun bepul taqdim etdi
Kompaniya Grok uchun alohida mobil ilova yaratishni ham rejalashtirmoqda.
Ilon Maskning X (sobiq Twitter) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Grok sunʼiy intellekt chatbotidan foydalanish endi tarmoqning barcha foydalanuvchilari bepul. Ushbu oʻzgarishni birinchi boʻlib juma kuni bir nechta foydalanuvchilar sezishdi. Endilikda Premium obunasi boʻlmagan foydalanuvchilar ham chatbotga har ikki soatda 10 tagacha xabar yuborishlari mumkin. Biroq rasmlarni tahlil qilish imkoniyati kuniga uch martagacha cheklangan boʻlib, koʻproq funksiyalarga ega boʻlish uchun X Premium obunasini sotib olish talab qilinadi.
X oʻtgan yili Grok’ni “hazilkash sunʼiy intellektli yordamchi” sifatida taqdim etgan edi. Ammo dastlab ushbu xizmat faqat Premium obunachilar uchun mavjud edi. Avgust oyida sunʼiy inellektga matndan rasm generatsiyasi funksiyasi qoʻshildi, ammo bu funksiya baʼzi holatlarda muammoli tasvirlar yaratganligi uchun keng miqyosda tanqidga uchradi.
Tech Crunch’ning xabariga koʻra, oʻtgan oydan boshlab Maskning kompaniyasi Grok’ning bepul versiyasini ayrim hududlarda sinovdan oʻtkazishni boshlagan. Juma kuniga kelib esa chat bot barcha foydalanuvchilarga taqdim etildi. Bu Grok’ni Open Ai’ning ChatGPT, Google Gemini, Microsoft Copilot va Anthropic Claude kabi allaqachon bepul boʻlgan chatbotlar bilan raqobat qilishi uchun muhim qadamdir.
X yaqinda sunʼiy intellekt uchun $6 milliard mablagʻ jalb qildi va loyihaning umumiy kapitalini $12 milliardga yetkazdi. Shuningdek, The Wall Street Journal maʼlumotlariga koʻra, X Grok uchun alohida mobil ilova yaratishni ham rejalashtirmoqda. Bu boshqa raqobatchi chatbotlar (ChatGPT, Gemini, Claude) tomonidan allaqachon amalga oshirilgan qadamdir.