UZCARD 9 oyda 1,6 trln soʻm sof foyda oldi — deyarli barcha banklardan koʻproq
UZCARD’ning sof foydasi bir yilda 73 foizga oshib, toʻqqiz oyning oʻzida oʻtgan yilgi jami natijadan yuqori boʻldi. Kompaniya foyda hajmi boʻyicha mamlakatdagi 34 ta bank ichida faqat Ipoteka-bankdan ortda qoldi. Shu davrda UZCARD’ning tushumi 36,5 foizga koʻpayib, 2,09 trln soʻmga yetdi.

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ (UZCARD) 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida 1 trln 608,9 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotida maʼlum qilingan.
UZCARD’ning sof foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 678,9 mlrd soʻm yoki 73 foizga oshdi. Bir yil oldin kompaniya toʻqqiz oyni 930 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunlagan edi.
Ushbu natija bilan UZCARD Oʻzbekistondagi 34 ta bankdan 33 tasini ortda qoldirdi. Xususan, shu davrda Oʻzmilliybank 1 trln 552,2 mlrd soʻm, Hamkorbank 1 trln 480,4 mlrd soʻm, Kapitalbank esa 1 trln 313 mlrd soʻm sof foyda olgan. Faqat Ipoteka-bank 2 trln 72,3 mlrd soʻm bilan UZCARD’dan yuqori natija qayd etgan.
Shuningdek, UZCARD toʻqqiz oyning oʻzida oʻtgan yilgi toʻliq yillik foydasidan ham oshib ketgan. Kompaniya 2025 yilda qariyb 1,3 trln soʻm sof foyda olgan edi.
Hisobot davrida kompaniyaning tushumi 1,53 trln soʻmdan 2,09 trln soʻmga yetib, 36,5 foizga koʻpaygan. Uning qariyb 91 foizi yoki 1,9 trln soʻmi tranzaksiyalarni qayta ishlash uchun olinadigan komissiyalar hisobiga shakllangan. Ushbu yoʻnalishdagi daromad bir yilda 38,9 foizga oshgan. Tranzaksiyaga bogʻliq boʻlmagan protsessing komissiyalaridan tushum esa 16,1 foizga koʻpayib, 187,5 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Xarajatlar ham oshgan. Xodimlarga sarflar 155,5 mlrd soʻmdan 180,1 mlrd soʻmga, mahsulotlarni ilgari surish va mijozlarni jalb qilish xarajatlari 124 mlrd soʻmdan 164 mlrd soʻmga yetgan. Protsessing va uskunalarga xizmat koʻrsatish xarajatlari esa 49 foizga koʻpayib, 48,4 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Natijada kompaniyaning operatsion foydasi 41,5 foizga oshib, 1,45 trln soʻmga yetgan.
Ayni paytda kompaniyaning soliq xarajatlari sezilarli koʻpaygan. Uzcard 2026 yil 1 apreldan IT Park rezidenti maqomini yoʻqotib, foyda soligʻining 0 foizlik imtiyozli stavkasidan 15 foizlik standart stavkaga oʻtgan. Natijada joriy foyda soligʻi xarajati oʻtgan yilgi 3,7 mlrd soʻmdan 175,2 mlrd soʻmga yetgan.
Yanvar–sentabr oylarida aksiyadorlarga 1,28 trln soʻm dividend hisoblangan. 30 sentabr holatiga kompaniyaning aktivlari yil boshiga nisbatan 29,8 foizga oshib, 1,41 trln soʻmga, xususiy kapitali esa 40,4 foizga koʻpayib, 1,14 trln soʻmga yetgan.









