UzAuto Motors AJ uch oyda rekord darajada — qariyb 2,8 trln soʻm sof foyda oldi
UzAuto Motors oʻtgan yilning uchinchi choragiga oid moliyaviy hisobotini ochiqladi. Ushbu davr yakunlariga koʻra, kompaniya qariyb 2,8 trillion soʻm (taxminan 213 million dollar) miqdorida sof foyda koʻrgan.
Taqqoslash uchun, ayni shu chorakda Oʻzbekistondagi biror bir bank UzAuto Motors kabi daromad koʻrmagan.

UzAuto Motors AJ 2025 yil may oyida oʻtgan yilning uchinchi choragiga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Ushbu davr yakunlariga koʻra, kompaniya qariyb 2,8 trillion soʻm (taxminan 213 million dollar) miqdorida sof foyda koʻrgan. Bu koʻrsatkich UzAuto Motors tarixida, moliyaviy hisobotlarni ommaga eʼlon qila boshlaganidan buyon, rekord daraja hisoblanadi. Qolaversa, bu natija 2015, 2016, 2017, 2018 va 2019 yillardagi yillik sof foyda miqdoridan ham yuqori.
Taqqoslash uchun, ayni chorakda Oʻzbekistondagi biror bir bank UzAuto Motors kabi daromad koʻrmagan.
Kompaniyaning balansdagi jami aktivlari hozirda 31 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Bu raqam hisobot davri boshidan beri 5 trln soʻmdan ortiqqa kamaygan.
Kompaniya oʻtgan yil iyul-sentabr oylarida mahsulotlar sotishdan jami 40,6 trln soʻm daromad koʻrgan boʻlib, shundan 7,1 trln soʻmlik qismi sof yalpi foyda hisobiga toʻgʻri keladi.
Shuningdek, kompaniya ushbu davrda 713,5 milliard soʻm miqdorida foyda soligʻi toʻlagan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar koʻp degani.
Umuman olganda, barcha xarajatlar chegirib tashlanganda UzAuto Motors 2 trln 754 mlrd soʻm sof foyda oldi.
Eslatib oʻtish kerak, 2025 yil 1 maydan boshlab, yangi elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi toʻrt baravarga oshirildi.
Hukumat qaroriga koʻra, ishlab chiqarilganiga uch yilgacha boʻlgan elektromobillar uchun yigʻim bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari etib belgilangan (avval 30 baravar). Ishlab chiqarilganiga uch yildan ortiq boʻlgan elektromobillar uchun esa bu koʻrsatkich BHMning 210 baravariga yetkaziladi (avvalgi 90 baravarga nisbatan).
Mazkur tartib kuchga kirishi natijasida, yil boshidan beri keskin kamaygan avtomobil importi yanada qisqarishi mumkin.