Tramp tariflardan tushgan mablagʻlardan amerikaliklarga 2 000 dollarlik dividend vaʼda qilmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp global tariflardan “trillionlab dollar” tushayotgani va bu mablagʻ evaziga amerikaliklarning aksariyatiga 2 000 dollardan toʻlanishi mumkinligini taʼkidladi. Ammo iqtisodchilar bunday vaʼdalar haqiqatga mos kelmasligini, tariflardan hozirgacha atigi 120 milliard dollar jamlangani va toʻlovlarni amalga oshirish uchun kamida 300 milliard dollar kerakligini qayd etmoqda.

Prezident Donald Tramp amerikaliklarning aksariyati 2 000 dollarlik “dividend” olishi mumkinligini aytib, AQShga tariflardan “trillionlab dollar” tushayotgani haqida daʼvo qildi. Bu haqda Times nashri xabar bermoqda.
“Tariflarga qarshi boʻlgan odamlar ahmoqdir. Biz hozir dunyodagi eng boy, eng hurmatli davlatmiz. Biz trillionlab dollar ishlab olyapmiz va tez orada ulkan qarzimizni toʻlashni boshlaymiz… AQShga rekord darajada investitsiyalar kiryapti, zavod va fabrikalar joylashmoqda”, — dedi Tramp Truth Social orqali.
“Har bir kishiga (yuqori daromadli odamlar bundan mustasno) kamida 2 000 dollardan dividend toʻlanadi”.
Tramp oʻz fikrini yana takrorladi va Truth Social’dagi 11 million kuzatuvchisiga:
“2 000 dollarlik toʻlovlardan ortib qolgan barcha pul milliy qarzni sezilarli darajada kamaytirish uchun ishlatiladi”, -deb yozdi.
Bu Trampning tariflardan tushgan mablagʻlar hisobidan amerikaliklarning aksariyatiga naqd toʻlov yoki soliq qaytarilishi haqida gapirishi birinchi marta emas. Ammo shu paytgacha uning maʼmuriyati ushbu vaʼdani amalga oshirmagan.
Tramp nima taklif qilmoqda va dividend qayerdan olinadi?
Tramp amerikaliklarga (yuqori daromadli odamlar mustasno) 2 000 dollarlik toʻlov taklif qilmoqda.
Dividend Trampning global tariflaridan tushgan mablagʻlardan moliyalashtiriladi. U ushbu tariflarni “Ozodlik kuni” deb atagan tadbirda eʼlon qilgan edi. Tariflar ham daromad, ham bahs-munozaraga sabab boʻlgan.
Prezident tariflardan tushgan mablagʻlar tez orada davlat qarzni ham toʻlashga yoʻnaltirilishini aytdi. Davlat qarzi hozirda 38 trillion dollardan ortiqni tashkil qilmoqda.
Ammo tahlilchilarga koʻra, Trampning bu gaplari unchalik ham haqiqatga yaqin emas. Hozirgacha tariflardan yigʻilgan jami mablagʻ $120 mlrdni tashkil qiladi. Tax Foundation vitse-prezidenti Erica Yorkning ayticha, boy boʻlmaganlarga 2 000 dollar tolash uchun $300 mlrd mablagʻ kerak boʻladi.









