Tesla’ning aql bovar qilmas hikoyasi: bankrotlikdan elektromobil gigantligigacha
2008 yilda kompaniya deyarli qulash arafasida edi, biroq bir mashhur avtomobil kompaniyasidan kelgan sarmoya loyihaning kelajagini saqlab qoldi.
Elektromobillar ilmiy fantastika hisoblangan va birgina kompaniya bu gʻoyaga bor-yoʻgʻini tikishga qaror qilgan dunyoni tasavvur qilib koʻring. Bu aynan Tesla’ning tarixi boʻlib, u dramatik pasayishlar va yuksalishlarga toʻla ajoyib hikoyadan iborat. Bugungi maqolada biz Tesla’ning halokat yoqasidan avtomobilsozlik sanoatining ulkan qudratiga aylanish yoʻli qanday kechgani haqida.
Ilk kunlar: kelajakka katta umid qilgan kompaniya
2003 yilda Martin Eberxard va Mark Tarpenning tomonidan asos solingan Tesla kompaniyasining maqsadi dunyoning barqaror energiyaga oʻtishini tezlashtirish edi. 2004 yildan boshlab kompaniyaga Ilon Mask ham qoʻshildi. Mask Tesla’ga nafaqat sarmoya, balki keng koʻlamli gʻoyani ham taqdim etdi. U elektr avtomobillar ham amaliy, ham jozibador boʻlishi mumkinligini isbotlashga kirishdi. 2008 yilda Tesla Roadster’ning taqdimoti bu yoʻldagi ilk dadil qadam boʻldi, ammo bu hali shunchaki boshlanish edi, xolos.
Deyarli bankrotlik va Mercedes Benz’dan qutqaruv
2008 yilga kelib dastlabki mashina taqdimotiga qaramasdan Tesla korporatsiyasi deyarli qulash arafasida edi. Aynan mazkur yilda juda koʻp kompaniyalar jahon moliyaviy inqirozi tufayli deyarli bankrotlik yoqasiga kelib qolgan yoki butunlay tugab ketish arafasida edi. Bunday xatarlar tabiiyki Tesla’ni ham chetlab oʻtmadi. Moliyaviy inqirozga qoʻshimcha ravishda kompaniyada mazkur davrga kelib naqd pul zaxiralari keskin kamayib ketgan edi. Maskning oʻzi bu holatni, Tesla ishchilariga oylikni oʻz kredit kartasi orqali toʻlagani bilan eslab oʻtadi. Koʻplab nashrlar va tahlilchilar fikricha, Tesla tez orada Silikon Vodiysidagi yana bir muvaffaqiyatsiz startapga aylanish arafasida turgan edi. Biroq, Mercedes Benz kompaniyasiga egalik qiluvchi Daimler korporatsiyasining 2010 yildagi 50 million dollarlik sarmoyasi (hozirda hamma ulushlar sotib yuborilgan) Tesla’ni qutqarib qoldi va unga oʻzgarish hamda innovatsiya uchun vaqt berdi.
Muvaffaqiyatning boshlanishi
Bu omil Tesla’ning ishlab chiqarish strategiyasini oʻzgartirdi va kompaniya oʻz mahsulot turlarini yanada kengaytirishga qaror qildi. Model X (krossover), Model 3 (yangi avlod sedan) va Cybertruck (kelajakdagi pikap) kabi avtomobillarni ishlab chiqish orqali Tesla oʻz bozorni kengaytirib, elektrli avtomobillarni yanada kengroq auditoriyaga moslashtirdi. Har bir yangi model oʻzining innovatsion xususiyatlari va texnologik yangiliklari bilan isteʼmolchilarni oʻziga jalb etdi, bu esa kompaniyaning muvaffaqiyatini yanada mustahkamladi.
Toʻsiqlar va Mask ortidan kelgan “zararlar”
Tesla muvaffaqiyatga erisha boshlaganiga qaramasdan, bir qator jiddiy qiyinchiliklar bilan toʻqnash keldi. Model 3’ning ishlab chiqarilishidagi toʻsiqlar, yetkazib berish va ishlab chiqarishning oʻz vaqtida amalga oshirilmasligi, kompaniya uchun katta muammolarga aylandi. Bu muammolar, investorlar va analitiklar tomonidan shubhalar va tanqidlarga olib keldi. 2017-2018 yillarda Model 3’ning ishlab chiqarilishi kutgan darajada tezlashmadi, bu esa kompaniyaning moliyaviy holatini yanada murakkablashtirdi.
Bundan tashqari, kompaniya aksiyadorlari tarkibida shunday bir munozarali shaxs bor ediki, uning bayonotlari Tesla aksiyalarining tez-tez tushishiga olib kelardi. Bu shaxs esa siz-u bizga mashhur Ilon Mask edi. Uning ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etishi va baʼzan nozik masalalarda keskin bayonotlar berishi kompaniyaga ayrim holatlarda katta zararlar olib kelardi. Maskning ayniqsa Twitter’dagi faolligi (hozirgi X) koʻplab muhokamalarni keltirib chiqarib, oʻz navbatida kompaniya aksiyalariga boʻlgan ishonchning susayishiga olib kelar edi.
Biroq dastlab zararga ishlagan Maskning bu harakatlari keyinchalik kompaniyaning foydasiga ishladi deb aytish mumkin. 2024 yilda uning saylovlardagi faolligidan soʻng Tesla’ning aksiyalari bir yilda 71 % dan koʻproqqa oʻsib, 18 dekabr holatiga $479 dollarni tashkil etmoqda.
Elektromobillar sohasidagi dominantlik
Tesla’ning innovatsiyalar yaratishga boʻlgan sadoqati hech qachon pasaymagan. Kompaniya nafaqat mashinalar ishlab chiqarishda, balki ularni foydalanishda zarur boʻladigan mahsulotlar yaratishda ham yetakchi innovatorlardan boʻldi. Buni Tesla’ning batareya texnologiyalaridan boshqa mashina ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham foydalanishni boshlaganidan bilish mumkin.
Tesla’ning innovatsiyalar yaratishga boʻlgan sadoqati hech qachon pasaymagan. Kompaniya nafaqat mashinalar yaratishda, balki ehtiyoj qismlari ishlab chiqarishda ham yetakchi innovatorlardan boʻldi. Buni Tesla’ning batareya texnologiyalaridan boshqa mashina ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham foydalanishni boshlaganidan bilish mumkin.
Tesla’ning mazkur sohadagi taʼsiri shunchalikka chiqdiki, hozirda mashina ishlab chiqarish sohasida gigantlar boʻlgan BMW, Mercedes Benz, Porsche va boshqa koʻplab kompaniyalar faol ravishda elektromobillar ishlab chiqarishga oʻtishmoqda. Yevropa Ittifoqining 2035 yildan boshlab ittifoq boʻylab dizel va boshqa yoqilgʻili avtomobillarni sotishga nisbatan chiqarilgan qarori bu jarayonning yanada tezlashuviga olib keladi.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 11 dekabr kuni Ilon Mask $447 mlrd bilan tarixdagi ilk $400 mlrd boylikka ega boʻlgan shaxsga aylandi. Mazkur kunda Tesla aksiyalari ham barcha davrlardagi eng yuqori narxini koʻrsatdi va hozir ham oʻsishda davom etmoqda.