Telegram’da navbatdagi yangilanish: messenjer AI imkoniyatlarni kengaytirmoqda
Messenjer bu safargi yangilanishda AI asosida stikerlar qidiruvi, yaxshilangan video ulashuvi, oʻxshash botlarni topish imkoniyati va boshqalarni taqdim etdi.

Telegram’ning soʻnggi yangilanishi AI yordamida millionlab stikerlarni qidirish, videolar uchun joriy vaqtdagi havolalarni nusxalash, videolar muqovasini tanlash, kanallar nomidan yulduzlar bilan reaksiya bildirish va oʻxshash botlarni topish imkoniyatlarini taqdim etadi.
AI asosida stiker qidiruvi

Dekabr oyida qoʻshilgan AI yordamida rasmiy Telegram toʻplamlaridan 40 000+ stiker va emoji qidirish imkoniyati endi millionlab foydalanuvchi tomonidan yuklangan maxsus stiker va emojilarni ham qamrab oladi. Qidiruv 29 tilda, jumladan, oʻzbek tilida ham ishlaydi.
Videoning joriy vaqtidagi havolasini nusxalash

2019 yildan buyon video xabarlarga qoʻshilgan izohlar va javoblar 1:38 kabi vaqt belgilarini qoʻllab-quvvatlab keladi, bu esa kulgili lahzalarni ajratib koʻrsatish yoki tomoshabinlarni maʼlum boʻlimlarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Telegram’dagi chatlarda yoki boshqa platformalarda video havolasini ulashayotganda endi havolaga joriy vaqt belgisini qoʻshish imkoniyati mavjud. Kimdir video havolasini bosganida video Telegramda mazkur belgilangan soniyada ochiladi.
Kanallarda video muqovalari

Endi kanallarga joylangan videolar uchun maxsus kadrni muqova sifatida tanlash mumkin. Videoga matn, stiker yoki emoji qoʻshib, qiziqarli eskiz yaratish imkoniyati ham mavjud.
Videolarni qolgan joyidan davom ettirish

Pleyer endi videolarni qayerda toʻxtatilganini eslab qoladi. Videoga qaytishda koʻrish aynan qoldirilgan joydan davom etadi.
Kanal nomidan yulduzlar bilan reaksiya

Foydalanuvchilar kontent mualliflarini kanal postlariga yulduz reaksiyasini yuborish orqali yulduzlar bilan qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Maxfiylikni oshirish va kontent mualliflariga reytingda kanallarini targʻib qilish imkonini berish uchun foydalanuvchilar endi oʻz kanallaridan biri nomidan yulduzlar bilan reaksiya bildirishi mumkin.
Oʻxshash botlar

Bot profillarida endi oʻxshash botlar roʻyxati ham aks etadi. Bu foydalanuvchilarga boshqa mashhur xizmatlar, vositalar va oʻyinlarni topishda yordam beradi.