12 014.480 so‘m

decrease

-39.550

13 858.700 so‘m

decrease

-73.350

166.610 so‘m

decrease

-0.440

12 014.480 so‘m

decrease

-39.550

10 soat avval
Texnologiya
68

Telegram smart soatlar uchun ilovalarni va oʻnlab yangi funksiyalarni taqdim etdi

Yangilanish bilan Telegram Apple Watch va Wear OS’larda ishlay boshladi. Shuningdek, botlar uchun kengaytirilgan matn formati, guruhlarga qoʻshilish soʻrovlarini tekshiruvchi AI botlar, soʻrovnomalarga havola qoʻshish va brauzerni boshqarish imkoniyatlari taqdim etildi. 

Telegram smart soatlar uchun ilovalarni va oʻnlab yangi funksiyalarni taqdim etdi

Telegram oʻzining navbatdagi yangilanishlarini taqdim etdi

Yangilanish doirasida messenjerning Apple Watch va Wear OS uchun ilovalari ishga tushirildi. Shuningdek, botlar uchun kengaytirilgan matn formati, guruhlarga qoʻshilish soʻrovlarini tekshiruvchi AI botlar hamda brauzer bilan bogʻliq yangi imkoniyatlar taqdim etildi.

Telegram smart soatlarda ishlaydi

Telegram Apple Watch va Wear OS operatsion tizimida ishlovchi smart soatlar uchun alohida ilovalarni taqdim etdi.

Ular orqali matnli va ovozli xabarlar yuborish, ovozli xabarlarni tinglash, foto va videolarni koʻrish, uzun xabarlarni oʻqish hamda chatlarni boshqarish mumkin.

Android smart soatlarida chatlarni ovozsiz rejimga oʻtkazish, yuqoriga qadash va xabarlarni oʻchirish funksiyalari mavjud. Apple Watch ilovasida esa joylashuvlarni koʻrish va stikerlar yuborish imkoniyati qoʻshilgan.

Telegram ushbu funksiyalar keyingi yangilanishlarda ikkala platformada ham bir xil koʻrinishda taqdim etilishini bildirdi.

Botlar uchun kengaytirilgan format

Telegram botlari endi murakkab formatlangan xabarlarni yuborishi mumkin.

Xususan, botlar javoblarida jadvallar, sarlavhalar, ichma-ich iqtiboslar, nazorat roʻyxatlari, media karusellar, matematik formulalar, yuqori va quyi indekslardan foydalanish mumkin.

Bitta xabar hajmi 32 768 tagacha belgini tashkil etadi. Dastlabki 8 ming belgidan keyin xabarning qolgan qismini ochish uchun “Koʻproq koʻrsatish” tugmasi paydo boʻladi.

Guruhlar uchun AI qoʻriqchilar

Guruh administratorlari qoʻshilish soʻrovlarini koʻrib chiqish uchun AI botlarni administrator sifatida tayinlashi mumkin.

Bunday botlar yangi foydalanuvchilarni mini-ilovalar orqali tekshiradi hamda belgilangan mezonlar asosida ularni guruhga qabul qiladi yoki soʻrovni rad etadi.

AI botlar guruh qoidalarini buzgan foydalanuvchilarga nisbatan ham avtomatik choralar qoʻllashi mumkin.

Soʻrovnoma variantlariga havolalar qoʻshiladi

Telegram soʻrovnomalaridagi javob variantlariga havola joylashtirish imkonini ham qoʻshdi.

Bu orqali javob variantlariga qoʻshimcha maʼlumot, izoh yoki tashqi manba biriktirish mumkin boʻladi.

Markdown fayllari brauzerda ochiladi

Telegramʼning ichki brauzeri endi .md formatidagi Markdown fayllarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Fayllar ilovaning oʻzida formatlangan koʻrinishda ochiladi va ularni koʻrish uchun alohida dastur talab etilmaydi.

Brauzerni tanlash imkoniyati kengaydi

Havolalarni Telegram brauzerida yoki qurilmadagi boshqa brauzerda ochish imkoniyati paydo boʻldi.

Havolani bosib turish orqali kerakli brauzerni tanlash mumkin. Bundan tashqari, ayrim saytlarni doimo Telegram brauzerida yoki faqat tashqi brauzerda ochiladigan qilib sozlash mumkin.

Telegram ichki brauzerda koʻrilgan sahifalar tarixini saqlamasligini qayd etdi.

Brauzer sozlamalarini boshqarish uchun:

Android: Sozlamalar → Chat sozlamalari → Ilova ichidagi brauzer

iOS: Sozlamalar → Maxfiylik va xavfsizlik → Havolalarni ochish

Android interfeysi ham yangilandi

Android ilovasida chatlarning yuqori qismidagi sarlavha panellari qayta ishlangan.

Yangi dizayn chat mazmuni uchun ekranda koʻproq joy ajratishi va navigatsiyani ixchamlashtirishi aytilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+