Teacher Azam bir oyda qancha pul topadi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Teacher Azam nomi bilan tanilgan bloger va tadbirkor Mirazam Abdullayev oylik daromadini ochiqladi.
Uning aytishicha, Englify’ning oylik aylanmasi 220–250 ming dollarga yetadi, oʻzi esa qariyb 50 ming dollar daromad qiladi.
Biroq mablagʻning katta qismi yangi loyihalarga qayta investitsiya qilingani sababli, amalda uning qoʻliga 20–30 ming dollar tushadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Teacher Azam taxallusi bilan tanilgan mashhur bloger, tadbirkor Mirazam Abdullayev PulNews YouTube kanalida Jahongir Latipovga bergan intervyusida bir oyda qancha pul topishini ochiqladi.
Uning aytishicha, Englify’ning oylik aylanmasi 220–250 ming dollarga yaqin. Bu 1 sentabrdagi rasmiy valyuta kursi boʻyicha 2,6–3 trln soʻmga teng.
Kompaniya shu surʼatni saqlasa, uning yillik aylanmasi 2,64–3 mln dollar yoki 31,2–35,5 mlrd soʻmni tashkil etadi. Abdullayevning oʻzi Englify yiliga 2,5 mln dollardan ortiq aylanma qilishini aytgan.
Blogerning shaxsiy daromadi esa kompaniya aylanmasidan alohida. Uning soʻzlariga koʻra, daromadining qariyb yarmi Englifyʼdan, qolgan yarmi blogerlik faoliyati, jumladan reklama va storislardan keladi.
“Reinvestitsiya qilmaganimda, boshqa loyihalarni boshlamaganimda oyiga 50 ming dollar atrofida topgan boʻlardim”, — dedi Abdullayev.
Biroq tadbirkor bu mablagʻning barchasini shaxsiy ehtiyojlari uchun olmasligini taʼkidladi.
Abdullayevning aytishicha, Englify’dan tashqari yana beshta loyiha parallel rivojlantirilmoqda. Daromadning katta qismi ushbu loyihalarga qayta investitsiya qilinayotgani sababli amalda uning qoʻliga oyiga 20–30 ming dollar yoki 236–355 mln soʻm atrofida pul tushadi.
Bunda 220–250 ming dollar Englify’ning umumiy aylanmasi boʻlib, kompaniyaning sof foydasi yoki Abdullayevning shaxsiy daromadi emas. Xarajatlar, xodimlar maoshi, soliqlar va investitsiyalar chiqarib tashlanganidan keyingi natija intervyuda ochiqlanmagan.
Englify saytida ingliz tili kurslarining oylik narxi tanlangan tarifga qarab 750–820 ming soʻm etib koʻrsatilgan. Kompaniya aytgan oylik aylanma faqat shu tariflar hisobidan shakllangan deb faraz qilinsa, u taxminan 3,2–3,9 mingta bir oylik toʻlovga teng keladi. Blogerning oʻzi suhbatda Englify onlayn maktabida shu kunga qadar 20 mingdan ortiq talaba tahsil olganini bildirib oʻtdi.
Ochiq maʼlumotlarga koʻra, “Englify” MChJ 2022 yil 15 avgustda roʻyxatdan oʻtgan. Kompaniyaning 60 foiz ulushi Mirazam Abdullayevga, 40 foizi Ziyavuddin Vaxobovga tegishli. Englify 2024 yil noyabrdan IT Park rezidenti hisoblanadi.
Englify ingliz tilini oʻrgatishga moʻljallangan onlayn maktab va mobil ilovani boshqaradi. Platformada videodarslar, jonli mashgʻulotlar, mini-oʻyinlar, interaktiv topshiriqlar va sunʼiy intellekt yordamchisi mavjud. Ilova Google Play’da 500 ming martadan ortiq yuklab olingan.
Shuningdek, Mirazam Abdullayev nomidagi dasturchi sahifalarida rus tilini oʻrgatuvchi Rustoz va nemis tiliga ixtisoslashgan Guten ilovalari ham joylashtirilgan. Englify brendi ostida 5–12 yoshli bolalarga moʻljallangan Englify Kids loyihasi ham ishlaydi.
Biroq ular Abdullayev intervyuda tilga olgan beshta yangi loyihaning barchasini tashkil etishi yoki etmasligi ochiqlanmagan.
Blogerning Instagram sahifasida 585 ming, YouTube kanalida esa 530 mingga yaqin obunachi bor.
2026 yil 22 avgustda Mirazam Abdullayev Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Prezident farmonida u “Englify” MChJ rahbari va ijtimoiy tarmoqlardagi “Teacher Azam” sahifasi asoschisi sifatida koʻrsatilgan.









