Ispaniya 53,5 mln, Oʻzbekiston 12,5 mln dollar: JCh terma jamoalarga qancha pul olib keldi?
2026-yilgi Jahon chempionatidan eng katta daromadni FIFAning oʻzi oldi. Tashkilotning 2023–2026 yillardagi umumiy tushumi 15 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda, terma jamoalarga esa jami 871 mln dollar taqsimlandi. Chempion Ispaniyaga 53,5 mln dollar, guruh bosqichida qolgan Oʻzbekistonga esa 12,5 mln dollar toʻgʻri keldi.

FIFA dastlab 2026-yilgi Jahon chempionati ishtirokchilari uchun 727 mln dollar ajratishni rejalashtirgan edi. Biroq 28 aprelda jamgʻarma yana 144 mln dollarga yoki qariyb 20 foizga oshirilib, 871 mln dollarga yetkazildi.
Bunga Yevropa futbol federatsiyalarining AQSh, Kanada va Meksikadagi uzoq masofalar, mehmonxona va boshqa tashkiliy xarajatlar yuqoriligi boʻyicha bildirgan eʼtirozlari sabab boʻldi.
Yangilangan tartibga koʻra, barcha 48 ta terma jamoaga natijasidan qatʼi nazar, turnirga tayyorgarlik uchun 2,5 mln dollardan berildi. Bundan tashqari, har bir federatsiya jamoasining qaysi bosqichgacha yetib borganiga qarab alohida mukofot oldi.
Jahon chempioni Ispaniya natija uchun 51 mln dollar hamda tayyorgarlik uchun 2,5 mln dollar oldi. Shu tariqa, federatsiyaga ajratilgan umumiy toʻlov 53,5 mln dollarni tashkil etdi.
Finalda Ispaniyaga 0:1 hisobida magʻlub boʻlgan Argentina esa 34 mln dollar mukofot va 2,5 mln dollar tayyorgarlik puli bilan jami 36,5 mln dollarga ega boʻldi.
Uchinchi oʻrinni egallagan Angliyaga 32,5 mln dollar, toʻrtinchi oʻrindagi Fransiyaga esa 30,5 mln dollar ajratildi.
Chorak va nimchorak finalchilar
Chorak finalda turnirni tark etgan Norvegiya, Belgiya, Marokash va Shveytsariya natija uchun 20 mln dollardan oldi. Tayyorgarlik puli bilan har birining umumiy toʻlovi 22,5 mln dollarga yetdi.
Turnirning 1/8 final bosqichida magʻlub boʻlgan sakkizta jamoaga 16 mln dollardan mukofot berildi. Tayyorgarlik puli qoʻshilganda, ularning har biri jami 18,5 mln dollardan oldi. Bular quyidagi jamoalardir
- Meksika;
- Kolumbiya;
- Braziliya;
- AQSh;
- Portugaliya;
- Kanada;
- Misr;
- Paragvay.
1/16 finalda magʻlub boʻlganlar
Guruhdan chiqqan, biroq 1/16 finalda magʻlub boʻlgan 16 ta terma jamoaning har biriga natija uchun 12 mln dollar ajratildi. Natijada tayyorgarlik puli bilan umumiy toʻlov 14,5 mln dollarni tashkil etdi.
Mazkur jamoalar qatoriga Niderlandiya, Germaniya, Kot-d’Ivuar, Xorvatiya, Yaponiya, Avstraliya, Kongo Demokratik Respublikasi, Gana, Ekvador, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Avstriya, Bosniya va Gersegovina, Jazoir, Senegal hamda Kabo-Verde kirdi.
Oʻzbekiston 12,5 mln dollar oldi
Guruh bosqichidan chiqa olmagan 16 ta terma jamoaga 10 mln dollardan mukofot berildi. Bundan tashqari, ularning har biri 2,5 mln dollarlik tayyorgarlik puliga ham ega boʻldi. Natijada ushbu jamoalar uchun umumiy toʻlov 12,5 mln dollarni tashkil etdi.
Bu guruhga quyidagi mamlakatlar kirdi:
- Eron;
- Janubiy Koreya;
- Turkiya;
- Shotlandiya;
- Urugvay;
- Saudiya Arabistoni;
- Chexiya;
- Yangi Zelandiya;
- Qatar;
- Kyurasao;
- Panama;
- Iordaniya;
- Gaiti;
- Oʻzbekiston;
- Tunis;
- Iroq.
Oʻzbekiston turnirni uchta magʻlubiyat bilan yakunlab, FIFAning yakuniy tasnifida 46-oʻrinni egalladi. Shunga qaramay, mundialda qatnashishning oʻzi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga 12,5 mln dollar olib keldi.
Mazkur mablagʻning futbolchilar, murabbiylar va federatsiya oʻrtasida qanday taqsimlanishini FIFA emas, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi belgilaydi. Shu bilan birga, FIFA 50 kishilik delegatsiyaning biznes-klassdagi aviachiptalari, mehmonxonasi va mezbon mamlakatlar ichidagi transport xarajatlarini ham alohida qoplaydi.
Taqqoslash uchun, 2022 yilda jahon chempioni boʻlgan Argentina 42 mln dollar mukofot olgan edi. Bu safar Ispaniyaga natija uchun berilgan 51 mln dollarlik toʻlov avvalgi mundial chempioni mukofotidan 9 mln dollar yoki 21,4 foizga koʻp boʻldi.
Eng katta moliyaviy gʻolib FIFAning oʻzi boʻldi
Terma jamoalar oʻrtasida 871 mln dollar taqsimlangan boʻlsa, turnirning eng katta moliyaviy gʻolibi FIFAning oʻzi boʻldi.
FIFA prezidenti Janni Infantino 2026-yilgi Jahon chempionatidan keyin tashkilotning 2023–2026 yillardagi daromadi 15 mlrd dollardan oshishini maʼlum qildi. FIFA dastlab mazkur toʻrt yillik davrda 11 mlrd dollar tushum olishni rejalashtirgan edi. Natijada daromad dastlabki prognozdan kamida 4 mlrd dollar yoki 36 foizga yuqori boʻlishi kutilmoqda. FIFA maʼlumotiga koʻra, bunga 2026-yilgi mundialning tijoriy muvaffaqiyati katta taʼsir koʻrsatgan.
Taqqoslash uchun, 2019–2022 yillardagi avvalgi moliyaviy siklda FIFA 7,57 mlrd dollar daromad olgan. Demak, tashkilotning toʻrt yillik tushumi bu safar qariyb ikki baravarga oshmoqda.
Daromadning asosiy qismi teletranslyatsiya huquqlari, homiylik va marketing shartnomalari, chipta savdosi, litsenziyalash hamda qimmat hospi paketlaridan shakllangan. Turnirning 48 jamoa va 104 ta oʻyingacha kengaytirilishi ham FIFAga koʻproq tijoriy imkoniyat yaratdi.
Terma jamoalarga ajratilgan 871 mln dollar FIFAning 2023–2026 yillardagi kutilayotgan umumiy daromadining 6 foiziga ham yetmaydi. Biroq 15 mlrd dollar FIFAning sof foydasi emas, balki butun toʻrt yillik sikldagi umumiy tushumidir. Tashkilotning yakuniy xarajatlari va sof moliyaviy natijasi yillik hisobot eʼlon qilingach maʼlum boʻladi.









