Oʻzbekiston yoki Qozogʻiston: 9 oyda qayerdagi banklar koʻproq sof foyda oldi?
2026 yilning toʻqqiz oyida Qozogʻiston banklari Oʻzbekiston banklariga nisbatan qariyb 3,2 baravar koʻp sof foyda oldi.
Qozogʻistonda banklar foydasi yillik hisobda 11,6 foizga kamaygan boʻlsa, Oʻzbekistonda 40,3 foizga oshdi.
Shunga qaramay, Qozogʻistondagi birgina Halyk Bank’ning oʻzi butun Oʻzbekiston bank tizimidan 22 foiz koʻproq sof foyda qayd etgan.
Pinkod ikki davlat banklarining toʻqqiz oylik sof foydasi va kapital rentabelligini taqqoslab chiqdi.

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida Qozogʻiston banklarining sof foydasi 1,812 trln tengeni tashkil etdi. Oʻzbekiston tijorat banklari esa shu davrda 15,256 trln soʻm sof foyda oldi.
1 oktabrdagi rasmiy valyuta kurslari boʻyicha ushbu summalar tegishlicha 4,11 mlrd dollar va 1,29 mlrd dollarga teng. Shu tariqa, sof foydadagi farq Qozogʻiston foydasiga qariyb 2,82 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
| Koʻrsatkich | Oʻzbekiston | Qozogʻiston |
|---|---|---|
| Banklar soni | 35 ta | 23 ta |
| Yanvar–sentabrdagi sof foyda | 15,256 trln soʻm | 1,812 trln tenge |
| Dollar ekvivalentida | 1,29 mlrd dollar | 4,11 mlrd dollar |
| Sof foydaning yillik oʻzgarishi | +40,3% | −11,6% |
| Jami aktivlar, dollar hisobida | 88,5 mlrd dollar | 174,2 mlrd dollar |
| Kapital rentabelligi — ROE | 14,1% | 22,7% |
Jadval regulyatorlar maʼlumotlari va Pinkod hisob-kitoblari asosida tuzildi. Dollar ekvivalentlari 2026 yil 1 oktabrdagi rasmiy kurslarda hisoblangan: 1 dollar — 11 808,76 soʻm va 440,86 tenge.
Aktivlarda ikki baravar, foydada uch baravardan koʻp farq
1 oktabr holatiga Oʻzbekiston bank tizimining jami aktivlari 1 044,8 trln soʻmni tashkil qilgan. Qozogʻistonda esa bu koʻrsatkich 76,8 trln tengega yetgan. Dollar hisobida qoʻshni mamlakat bank tizimi qariyb ikki baravar katta.
Sof foydadagi tafovut esa 3,2 baravarni tashkil etmoqda. Demak, Qozogʻiston banklarining koʻproq foyda olishini faqat aktivlar hajmi bilan tushuntirib boʻlmaydi.
Kapital rentabelligida ham farq bor. Oʻzbekistonda regulyator eʼlon qilgan ROE bir yil ichida 11,8 foizdan 14,1 foizga koʻtarilgan. Qozogʻistonda esa ushbu koʻrsatkich 22,7 foizni tashkil etgan. ROE bank kapitaliga nisbatan qancha sof foyda olayotganini ifodalaydi.
Oʻzbekistonda oʻsish, Qozogʻistonda pasayish
Oʻzbekiston banklari 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida 10,876 trln soʻm sof foyda olgan edi. Joriy yilning shu davrida natija 4,38 trln soʻmga yaxshilangan.
Qozogʻistonda esa pasayish koʻpchilik banklarda kuzatilgan. Halyk Finance tahliliga koʻra, mamlakatdagi 23 ta bankdan 16 tasining toʻqqiz oylik foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.
Sektorning sof foizli daromadi atigi 1 foizga oshib, 3,162 trln tengeni tashkil qilgan. Sof komissiya daromadlari esa 25,5 foizga kamayib, 356 mlrd tengega tushgan. Bu banklarning komissiyalardan oladigan sof daromadi sezilarli qisqarganini koʻrsatadi.
Eng koʻp foydani qaysi banklar oldi?
Oʻzbekistonda toʻqqiz oylik natijalar boʻyicha “Ipoteka-bank” yetakchi boʻldi. Bank qariyb 175,5 mln dollar sof foyda qayd etgan. Keyingi oʻrinlarni 131,4 mln dollar bilan Oʻzmilliybank va 125,4 mln dollar bilan Hamkorbank egallagan.
| Oʻrin | Oʻzbekiston banklari | Sof foyda |
|---|---|---|
| 1 | Ipoteka-bank | 175,5 mln dollar |
| 2 | Oʻzmilliybank | 131,4 mln dollar |
| 3 | Hamkorbank | 125,4 mln dollar |
| 4 | Kapitalbank | 111,2 mln dollar |
| 5 | Oʻzsanoatqurilishbank | 102,2 mln dollar |
Ushbu beshta bank birgalikda qariyb 645,7 mln dollar yoki tizim sof foydasining yarmini shakllantirgan.
Qozogʻistonda foydaning ancha katta qismi yetakchi banklarda jamlangan. Halyk Bank yanvar–sentabrda qariyb 1,57 mlrd dollar, Kaspi Bank esa 793,2 mln dollar sof foyda olgan.
| Oʻrin | Qozogʻiston banklari | Sof foyda |
|---|---|---|
| 1 | Halyk Bank | 1 574,2 mln dollar |
| 2 | Kaspi Bank | 793,2 mln dollar |
| 3 | Bank CenterCredit | 365,2 mln dollar |
| 4 | Otbasy Bank | 288,1 mln dollar |
| 5 | ForteBank | 225,9 mln dollar |
Mazkur beshta bank jami qariyb 3,25 mlrd dollar sof foyda olgan. Ularning sektor umumiy foydasidagi ulushi 79 foizni tashkil etadi. Faqat Halyk va Kaspi birgalikda 2,37 mlrd dollar yoki jami foydaning 57,6 foizini shakllantirgan.
Halyk Bank’ning oʻzi Oʻzbekiston bank tizimining jami natijasidan qariyb 22 foiz koʻp foyda olgan. Oʻzbekistondagi yetakchi — “Ipoteka-bank” bilan taqqoslaganda esa farq qariyb 9 baravarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, milliy valyutada hisoblanganda Halyk Bankning sof foydasi yillik hisobda 4,6 foizga kamaygan. Kaspi Bankda pasayish 17,3 foizni, Bank CenterCredit’da 19 foizni, ForteBank’da esa 30 foizni tashkil etgan.
Kreditlar tarkibida ham katta tafovut bor
Qozogʻiston banklari kreditlashda aholiga koʻproq yoʻnaltirilgan. 1 oktabr holatiga iqtisodiyotga ajratilgan 43,1 trln tengelik kreditlarning 26,7 trln tengesi yoki qariyb 62 foizi jismoniy shaxslar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Oʻzbekistonda esa 659,1 trln soʻmlik kredit portfelining 248,4 trln soʻmi aholiga ajratilgan. Bu jami kreditlarning 37,7 foiziga teng. Qolgan 62,3 foiz yuridik shaxslar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Shu bilan birga, Qozogʻistonda chakana kreditlash surʼati sekinlashmoqda. Halyk Finance maʼlumotiga koʻra, aholiga kreditlar yil boshidan 7,6 foizga oshgan. Oʻtgan yilning mos davrida oʻsish 16,2 foiz boʻlgan edi.









