Paynet, Payme va Click: 2025 yilda qaysi toʻlov kompaniyasi koʻproq sof foyda oldi?
Oʻzbekistonning uchta yirk toʻlov kompaniyasi 2025 yilni jami 1,16 trln soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bir yil avval ularning umumiy foydasi 850,9 mlrd soʻm edi. Shu tariqa uch kompaniyaning jami sof foydasi bir yilda 310,1 mlrd soʻmga yoki 36,4 foizga oshgan.

2025 yil yakunlariga koʻra, eng koʻp sof foydani Paynet oldi — 395,1 mlrd soʻm. Kompaniya foydasi 2024 yildagi 281,5 mlrd soʻmga nisbatan 40,3 foizga yoki 113,6 mlrd soʻmga koʻpaygan.
Ikkinchi oʻrinni Payme egalladi. Kompaniyaning sof foydasi 390,1 mlrd soʻmni tashkil etib, Paynet natijasidan atigi 5 mlrd soʻmga kam boʻldi. Payme’ning foydasi bir yilda 42,2 foizga oshdi va bu uch kompaniya orasidagi eng yuqori oʻsish surʼati hisoblanadi.
Click esa 375,8 mlrd soʻm sof foyda bilan uchinchi oʻrinda qoldi. Kompaniya foydasi 2024 yilga nisbatan 27,3 foizga yoki 80,7 mlrd soʻmga koʻpaygan. Click Payme’dan 14,3 mlrd soʻmga, Paynet’dan esa 19,3 mlrd soʻmga ortda qoldi.
| Kompaniya | 2024 yil | 2025 yil | Oʻsish |
|---|---|---|---|
| Paynet | 281,5 mlrd soʻm | 395,1 mlrd soʻm | 40,3% |
| Payme | 274,3 mlrd soʻm | 390,1 mlrd soʻm | 42,2% |
| Click | 295,1 mlrd soʻm | 375,8 mlrd soʻm | 27,3% |
Shu bilan birga, kompaniyalar oʻrtasidagi tartib bir yil ichida oʻzgardi. 2024 yilda 295,1 mlrd soʻmlik sof foyda bilan Click birinchi oʻrinda edi. Paynet ikkinchi, Payme esa uchinchi oʻrinni egallagan. 2025 yilda Paynet va Payme yuqoriroq oʻsish surʼatlarini koʻrsatib, Click’ni ortda qoldirdi.

Tushum boʻyicha Paynet katta farq bilan yetakchi
Kompaniyalarning tushumi taqqoslanganda Paynet’ning ustunligi yanada yaqqol koʻrinadi. Uning xizmatlar va toʻlovlar realizatsiyasidan olgan sof tushumi 2025 yilda 1,74 trln soʻmga yetdi. Bu bir yil avvalgi 1,13 trln soʻmga nisbatan qariyb 54 foizga koʻp.
Payme’ning xizmatlar koʻrsatishdan olgan sof tushumi 56,4 foizga oshib, 492,1 mlrd soʻmdan 769,7 mlrd soʻmga yetdi. Bu uch kompaniya orasidagi eng yuqori tushum oʻsishi boʻldi.
Click’ning mijozlar bilan tuzilgan shartnomalardan olgan tushumi esa 36,1 foizga koʻpayib, 702,6 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Eng yuqori foyda marjasi Click’da
Tushumning qancha qismi sof foyda sifatida qolgani boʻyicha Click yuqoriroq natija koʻrsatdi. Kompaniyaning sof foyda marjasi 53,5 foizni tashkil etdi. Yaʼni Click har 100 soʻmlik tushumdan oʻrtacha 53,5 soʻm sof foyda olgan. Biroq bu koʻrsatkich 2024 yildagi 57,1 foizdan pasaygan.
Payme’ning sof foyda marjasi ham xarajatlar tushumdan tezroq oʻsgani sababli 55,8 foizdan 50,7 foizga tushdi. Kompaniya har 100 soʻmlik tushumdan qariyb 51 soʻm sof foyda olgan.
Paynet’da esa sof foydaning tushumga nisbati taxminan 22,7 foizni tashkil qiladi. Kompaniyaning davr xarajatlari bir yilda 59,3 foizga oshib, 1,29 trln soʻmga yetgan.









