Paynet 2025 yilning birinchi yarmida 200 mlrd soʻmdan ortiq sof foyda oldi
Paynet kompaniyasi 2025 yil yanvar–iyun oylarida 201,7 mlrd soʻm sof foyda oldi. Koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 64,4 milliard soʻmga yoki 46,9 foizga oshgan.

Paynet kompaniyasi 2025 yil yanvar–iyun oylarida 201,7 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu haqda kompaniyaning yarim yillik moliyaviy hisobotida keltirib oʻtilgan.
Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 64,4 mlrd soʻm yoki 46,9 foizga koʻproqdir. Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida kompaniya 137,3 milliard soʻm sof foyda qayd etgan edi.
Hisobotga koʻra, Paynet’ning umumiy tushumi 252,3 milliard soʻmga (+50,04%) oshib, 756,5 milliard soʻmni tashkil etdi.
Shuningdek, kompaniya davlat byudjetiga toʻlagan daromad soligʻi ham sezilarli darajada koʻpaygan. Joriy yilning olti oyi davomida Paynet 35,7 milliard soʻm daromad soligʻi toʻlagan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 46,8 foizga koʻpdir.
Mavzuga doir: Click, Payme yoki Paynet: 2024 yilda qaysi toʻlov tashkiloti koʻproq foyda koʻrdi?
Kompaniyaning jami aktivlari 420,1 milliard soʻmga oshib, 1 trillion 262,4 milliard soʻmga yetdi.
Bundan tashqari, Paynet ustav kapitalida sezilarli oʻsish kuzatildi. Ushbu koʻrsatkich 10,5 milliard soʻmdan 558,1 milliard soʻmgacha oshdi.
Taqsimlanmagan sof foyda hajmi ham oʻsib, 295,6 milliard soʻmdan 497,3 milliard soʻmga yetdi.
Maʼlumot oʻrnida, yil boshida HUMO toʻlov tizimi Paynet kompaniyasi tomonidan 65 million dollarga sotib olingan edi.