Click, Payme yoki Paynet: 2024 yilda qaysi toʻlov tashkiloti koʻproq foyda koʻrdi?
Bugungi kunda Click, Payme va Paynet kompaniyalari toʻlov sohasida yetakchi brendlardan hisoblanadi. Ular millionlab foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatibgina qolmay, katta daromad va foyda bilan ham ajralib turmoqda.
Pinkod mazkur toʻlov tashkilotlarining 2024 yildagi moliyaviy natijalari bilan tanishib chiqdi.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda raqamli moliyaviy texnologiyalar — yaʼni fintech — jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, toʻlov tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan mobil ilovalar orqali foydalanuvchilar turli xizmatlar uchun bir necha soniyalarda toʻlov amalga oshirishi, bankka bormasdan, moliyaviy operatsiyalarni smartfon orqali bajarishi mumkin boʻldi.
Bugungi kunda Click, Payme va Paynet kompaniyalari toʻlov sohasida yetakchi brendlardan hisoblanadi. Ular millionlab foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatibgina qolmay, katta daromad va foyda bilan ham ajralib turmoqda.
Pinkod mazkur toʻlov tashkilotlarining 2024 yildagi moliyaviy natijalari bilan tanishib chiqdi.
Click AJ — 295,1 milliard soʻm sof foyda
Click kompaniyasi 2024 yilni 295,1 milliard soʻmlik sof foyda bilan yakunladi. Bu 2023 yildagi 205,2 milliard soʻmlik natijaga nisbatan 43,8 foiz oʻsishni anglatadi.
Kompaniya jami aktivlari yil yakuniga koʻra 433,5 mlrd soʻmni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 66,1 foizga oʻsgan
Hisobotda taʼkidlanishicha, kompaniya 2024 yilda 837,1 million soʻm miqdorida daromad soligʻi toʻlagan.

Payme AJ — 274,3 milliard soʻm foyda
Payme 2024 yilda 274,3 milliard soʻm sof foyda koʻrdi. Bu oʻtgan yilgi 202,5 milliard soʻmlik koʻrsatkichga nisbatan 35,5 foizlik oʻsish demakdir.
Kompaniyaning umumiy sof tushumi esa 492,1 milliard soʻmni tashkil etdi. Bu esa 2023 yilga nisbatan 43,8 foizga oshgan.
Eʼtiborga molik jihatlardan biri — kompaniyaning davlat byudjetiga toʻlagan soliq miqdoridir.
2024 yilda Payme tomonidan toʻlangan soliq 2,3 milliard soʻmga yetib, bu koʻrsatkich avvalgi yilga nisbatan 1 084 foizga oshgan.
Paynet AJ — 281,5 milliard soʻm sof foyda
Paynet kompaniyasi 2024 yilda 281,5 milliard soʻm sof foyda bilan yilni yakunladi. Bu 2023 yilga nisbatan 153,5 milliard soʻmga yoki 119,9 foizga koʻproqdir. Ushbu oʻsish Paynet’ning bozordagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaganini bildiradi.
Kompaniyaning yillik sof tushumi esa 1 trillion 135 milliard soʻmga yetdi. Bu esa oʻtgan yilga nisbatan 53 foizlik oʻsishni anglatadi.