12 212.790 so‘m

increase

43.380

14 411.090 so‘m

increase

51.190

159.520 so‘m

increase

0.570

12 212.790 so‘m

increase

43.380

5 soat avval
FinLit
45

Oʻzbekistonda islomiy banklar nega yoʻq edi va endi nima oʻzgaradi?

Yangi qonun islomiy banklar uchun alohida litsenziya, soliq tartibi, investitsion omonat instituti hamda AAOIFI standartlari asosida faoliyat yuritish mexanizmini belgilab bermoqda.

Oʻzbekistonda islomiy banklar nega yoʻq edi va endi nima oʻzgaradi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Islomiy moliya tushunchasi

Islomiy moliya deganda islom qonunlariga muvofiq amalga oshiriladigan moliyaviy faoliyat tizimini tushunish kerak.

Mazkur tizim axloqiy va ijtimoiy masʼuliyatga asoslangan investitsiyalar, riskni sherikchilik asosida taqsimlash hamda foizning (ribo) taqiqlanishi kabi tamoyillariga tayanadi. Ushbu model anʼanaviy foizli qarz asosidagi moliyalashtirishdan farqli ravishda foyda va zararlarni boʻlishish prinsipi asosida ishlaydi.

Islomiy moliya anʼanaviy, foizli qarzga asoslangan moliyalashtirish modelidan tubdan farq qiladi. U foyda va zararlarni boʻlishish (profit and loss sharing) tamoyiliga tayanadi. Yaʼni, moliyalashtiruvchi va mablagʻ oluvchi oʻrtasidagi munosabat kreditor–qarzdor shaklida emas, balki hamkorlik asosida quriladi.

Islom moliyasi pulning oʻzi mustaqil qiymat manbai emas, degan eʼtiqodga asoslanadi. Pul real iqtisodiy faoliyat – mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish jarayoniga bogʻlanmaguncha daromad keltiruvchi vosita sifatida koʻrilmaydi. Boshqacha aytganda, shunchaki puldan-pul ishlab olish mumkin emas.

Shuningdek, islomiy moliya investitsiyalarning ijtimoiy jihatdan zararli sohalarga yoʻnaltirilishini rad etadi. Masalan, alkogol, tamaki mahsulotlari, qimor, noqonuniy faoliyat yoki axloqiy jihatdan nomaqbul sohalarga sarmoya kiritish taqiqlanadi.

Oʻzbekistonda islomiy moliyaga talab

Soʻnggi yillarda islomiy moliyaga boʻlgan global qiziqish ortib borar ekan, Oʻzbekiston ham ushbu jarayondan chetda qolayotgani yoʻq.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mamlakatda islomiy bank tizimini joriy etish kamida 10 milliard AQSh dollari miqdorida qoʻshimcha investitsiyalarni jalb etish imkonini yaratishi mumkin. Ushbu prognoz 2019 yilda oʻtkazilgan Bank Expo tadbirida ilgari surilgan boʻlib, bugungi iqtisodiy sharoit va moliyaviy bozorlar kengayib borayotganini inobatga olsak, potensial investitsiya hajmi bundan ham yuqori boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Aholi va tadbirkorlar oʻrtasidagi talab ham bu yoʻnalishning istiqbolli ekanini koʻrsatadi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi maʼlumotlariga koʻra, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, aholining 68 foizi hamda tadbirkorlarning 60 foizi diniy eʼtiqod sababli anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istamasligini bildirgan.

Islomiy moliya va anʼanaviy moliya tizimining farqlari

Islomiy moliya tizimi anʼanaviy moliya bilan bir vaqtning oʻzida bir qator farqli va baʼzi oʻxshash jihatlari mavjud. Birinchi navbatda ikkala moliya tizimi oʻrtasidagi farqlarga toʻxtalish maqsadga muvofiq boʻladi. 

Ikkala tizim oʻrtasidagi birinchi farq sifatida ushbu tizimlar qaysi manbalarga asoslanishi keltirib oʻtish kerak. Islom moliyasi oʻz nomidan sezilganidek islom qoidalariga asoslangan boʻladi. Bunda manbalar sifatida Quroni karim va sunna, shuningdek, ijmo va qiyosga asoslangan boʻladi. Har qanday keyingi chiqarilayotgan qaror, moliyaviy mahsulotlar islom qoidalariga mos kelishi shart.

Anʼanaviy tizimda esa asosiy manba sifatida qonunchilik koʻrsatib oʻtiladi. Bu tizimdagi shaxslar qonunda taqiqlanmagan istalgan faoliyat bilan shugʻillanishi va xuddi shunday taqiqlanmagan istalgan yoʻl orqali daromad hamda foyda koʻrishlari mumkin.

Keyingi farqlarni tushunish uchun islom moliyasi prinsiplariga toʻxtalib oʻtish kerak.

Islomiy moliyaning asosiy prinsiplari uchta muhim cheklov va bitta asosiy mexanizmga tayanadi.

Birinchidan, ribo (foiz) taqiqlanadi. Yaʼni, pulni qarz berib, ustiga oldindan belgilangan foiz olish mumkin emas. Daromad faqat real iqtisodiy faoliyat orqali olinishi kerak. Ikkinchidan, gʻarar (noaniqlik) man etiladi. Shartnomalar aniq, shaffof va tushunarli boʻlishi shart.

Uchinchidan, maysir (qimor) taqiqlanadi. Tasodif va sof spekulyatsiyaga asoslangan operatsiyalarga ruxsat berilmaydi. Asosiy mexanizm esa — foyda va zararni boʻlishish. Yaʼni, moliyalashtiruvchi va tadbirkor riskni birgalikda koʻtaradi.

Shu tamoyillar islomiy moliyani anʼanaviy, foizga asoslangan tizimdan farqlaydi.

Nega Oʻzbekistonda shu paytgacha islomiy banklar mavjud emas?

Oʻzbekistonda islomiy bank va unga oid xizmatlar joriy etishdagi eng katta toʻsiqlardan biri bu qonunchilikda islomiy moliya yoki islomiy bankchilikka oid normativlar belgilab qoʻyilmaganidadir.

Biroq 2026 yilda ushbu boʻshliqni bartaraf etish kutilmoqda. 5 fevral kuni Oʻzbekiston Senati islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonunni maʼqulladi. Endilikda hujjat prezident tomonidan imzolanib, rasmiy eʼlon qilingach kuchga kiradi.

Qonun bilan ikki kodeks va yetti qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilaydigan yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi alohida litsenziya turi joriy etilib, unga qoʻyiladigan talablar belgilanmoqda. Mazkur litsenziya banklarga toʻliq islomiy bank faoliyatini olib borish yoki bir vaqtning oʻzida ham anʼanaviy, ham islomiy bank xizmatlarini koʻrsatish imkonini beradi.

Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilaydigan alohida bob kiritilmoqda. Unga muvofiq, islomiy moliya faoliyatidan olinadigan daromadlar soliq solish maqsadida foizli daromadlarga tenglashtiriladi. Shu bilan birga, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozlarga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qoʻyiladigan ustamalar qoʻshilgan qiymat soligʻidan (QQS) ozod etiladi.

Islomiy banklardagi investitsion omonatlar va odatiy banklardagi omonatlar farqi

Senatning yalpi majlisida mazkur qonun loyihasi hamda unda belgilangan talablar muhokama qilingan edi. Muhokamalar chogʻida senator Ikromxon Najmiddinov “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 3-moddasiga kiritilayotgan “investitsion omonat” tushunchasi, uning amaldagi anʼanaviy omonatlardan farqi va nega alohida tur sifatida koʻrsatilayotgani yuzasidan savol berdi.

Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abror Turdaliyevning taʼkidlashicha, investitsion va anʼanaviy omonatlar mutlaqo ikki xil moliyaviy instrument hisoblanadi. Uning tushuntirishicha, islomiy moliya tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi banklar foydani taqsimlash va vakillik shartnomalari asosida jalb qiladigan mablagʻlar “investitsion omonat” sifatida qayd etiladi.

Anʼanaviy omonatlarda esa omonat muddati va foiz stavkasi oldindan belgilanadi hamda daromad toʻlanishi kafolatlanadi. Islomiy moliya tizimida esa pul mablagʻlari investitsiya shaklida joylashtiriladi va omonatchi bank bilan birgalikda foyda hamda zarar risklarini boʻlishadi.

Shu bois, investitsion omonat egasi barcha moliyaviy xavf-xatarlarni bank bilan teng darajada zimmasiga oladi. Aynan mana shu omil sababli ushbu turdagi omonatlar “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun doirasida kafolatlanmaydi, deya izoh bergan Markaziy bank raisi oʻrinbosari.

Oʻzbekistonda islomiy banklar qaysi standartlar asosida faoliyat olib boradi?

Oʻzbekistonda islomiy banklar faoliyati AAOIFI xalqaro standartlari asosida yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.

Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abrorxoʻja Turdalievning tushuntirishicha, hisobraqam ochish, ular boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish, valyuta ayirboshlash kabi oddiy bank operatsiyalari avvalgidek umum qabul qilingan anʼanaviy tartibda bajariladi.

Islomiy moliyaga oid operatsiyalar boʻyicha esa Oʻzbekistonda dastlab 7 ta asosiy yoʻnalishda standartlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Markaziy bank vakilining aytishicha, bu standartlar asosan AAOIFI — “Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti” standartlariga tayangan holda ishlab chiqiladi.

Gap Murobaha, islomiy ijara, muzoraba, vakala, mushoraka, salam va istisna moliyaviy operatsiyalari haqida bormoqda. Aynan ushbu yoʻnalishlar qonunda qayd etilgan boʻlib, Markaziy bank ularni dastlabki va eng dolzarb islomiy moliya instrumentlari sifatida baholamoqda.

Kelgusida islomiy moliya tizimi rivojlanib borishi bilan qoʻshimcha operatsiyalar boʻyicha ham yangi standartlar ishlab chiqilishi mumkin. Bu esa murakkabroq islomiy moliya mahsulotlarini joriy etishga asos boʻladi.

Oʻzbekistonda ilk islomiy bank qachon paydo boʻladi?

Yangilangan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasiga koʻra, 2030 yilga qadar kamida uchta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

Strategiyaga muvofiq, mamlakatda islomiy moliyaning toʻliq huquqiy asoslarini yaratish nazarda tutilgan.

Rejalarga koʻra, 2026 yilda Oʻzbekistonda biror bankda islomiy moliya xizmatlari yoʻlga qoʻyilishi kutilmaydi. Bu holat aynan shu yilda qonunchilik bazasini ishlab chiqish jarayoni bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. 2027–2028 yillarda bunday banklar soni 1 taga yetadi, 2029 yilda kamida 2 taga, 2030 yilga borib esa kamida 3 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun, mikromoliya tashkilotlari tomonidan 2025 yilning 9 oyida koʻrsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • murobaha (nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish),
  • islomiy ijara (ijara asosidagi moliyalashtirish),
  • muzoraba (foyda taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish).

Mazkur xizmatlarning umumiy hajmi 8,6 mlrd soʻm boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 14 barobar oʻsishni anglatadi.


Muallif: Toshkent davlat yuridik universiteti 
talabasi Diyorbek Qambarov.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+