12 303.160 so‘m

increase

23.680

14 507.890 so‘m

decrease

-0.320

159.760 so‘m

increase

0.510

12 303.160 so‘m

increase

23.680

9 soat avval
Bank
74

Islomiy banklarda “investitsion omonatlar”ga davlat kafolati berilmaydi — qonun loyihasi

Islomiy banklar faoliyatini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga koʻra, islomiy moliya tamoyillari asosida jalb qilinadigan investitsion omonatlar davlat tomonidan kafolatlanmaydi. Bu omonatlar foyda va zarar taqsimoti tamoyiliga asoslangan boʻlib, omonatchilar bank bilan birga moliyaviy risklarni boʻlishadi.

Islomiy banklarda “investitsion omonatlar”ga davlat kafolati berilmaydi — qonun loyihasi
Foto: AI/Pinkod.uz

Avvalroq Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati mamlakatda islomiy banklar faoliyatini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini maʼqullagani xabar qilingan edi.

Senatning yalpi majlisida mazkur qonun loyihasi hamda unda belgilangan talablar muhokama qilindi. Muhokamalar chogʻida senator Ikromxon Najmiddinov “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 3-moddasiga kiritilayotgan “investitsion omonat” tushunchasi, uning amaldagi anʼanaviy omonatlardan farqi va nega alohida tur sifatida koʻrsatilayotgani yuzasidan savol berdi.

Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abror Turdaliyevning taʼkidlashicha, investitsion va anʼanaviy omonatlar mutlaqo ikki xil moliyaviy instrument hisoblanadi. Uning tushuntirishicha, islomiy moliya tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi banklar foydani taqsimlash va vakillik shartnomalari asosida jalb qiladigan mablagʻlar “investitsion omonat” sifatida qayd etiladi.

Skrinshot: Oliy Majlis Senatining YouTube sahifasi / chapda — Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abror Turdaliyev

Anʼanaviy omonatlarda esa omonat muddati va foiz stavkasi oldindan belgilanadi hamda daromad toʻlanishi kafolatlanadi. Islomiy moliya tizimida esa pul mablagʻlari investitsiya shaklida joylashtiriladi va omonatchi bank bilan birgalikda foyda hamda zarar risklarini boʻlishadi.

Shu bois, investitsion omonat egasi barcha moliyaviy xavf-xatarlarni bank bilan teng darajada zimmasiga oladi. Aynan mana shu omil sababli ushbu turdagi omonatlar “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun doirasida kafolatlanmaydi, deya izoh berdi Markaziy bank raisi oʻrinbosari.

Maʼlumot uchun, amaldagi tartibga koʻra, Oʻzbekistonda bitta bankdagi omonatlarning faqat 200 mln soʻmgacha boʻlgan qismi davlat tomonidan kafolatlanadi. Yaqinda litsenziyasi chaqirib olingan “Yangi bank” omonatchilariga jami 208 mlrd soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlab berilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu 31 507 nafar omonatchining 98,7 foizini qamrab oladi. Mazkur holat bitta omonatni kafolatlash maksimal limiti bilan bogʻliq.


Islom banklaridagi investitsion depozitlar kafolatlanmasligining asosiy sababi ularning foyda va zarar taqsimoti (Profit and Loss Sharing — PLS) tamoyiliga asoslanishidadir. Xususan, mudaraba shartnomasi doirasida depozit qoʻyuvchi rabb al-mol (investor), bank esa mudarib (boshqaruvchi) sifatida ishtirok etadi. Foyda oldindan kelishilgan nisbatda taqsimlanadi, biroq investitsiya zarar keltirgan taqdirda moliyaviy yoʻqotish depozit egasi zimmasida qoladi.

Shu sababli islomiy banklardagi investitsion depozitlar kafolatlangan daromadga ega emas.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+