Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan banklarning egalari va boshqaruvchilari kimlar? (1-qism)
Pinkod tahririyati bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan banklarning aksiyadorlari, boshqaruv va kuzatuv kengashi raislari hamda ularning shaxsi haqida katta material tayyorladi.
Mazkur birinchi qismda 9 ta davlat banki, boshqaruv va kuzatuv kengashi raislari hamda ularning shaxsi haqida batafsil tanishish mumkin. Qolgan banklar haqida esa ikkinchi qismda atroflicha soʻz yuritiladi.

Kirish
Oʻzbekiston bank tizimi – uzoq yillik tarixga ega muhim moliyaviy sektor. Uning ildizlari XIX asrga, xususan, 1875 yilda Toshkentda Davlat banki filialining ochilishiga borib taqaladi. Mustamlaka davridan tortib, Sovet davri va mustaqillik yillarigacha bank tizimi koʻp marotaba oʻzgargan. Ayniqsa, mustaqillikdan keyin bank sohasi jadal rivojlanib, davlat banklari bilan bir qatorda xususiy banklar ham shakllandi.
Bugungi kunga kelib, mamlakatda 36 ta tijorat banki faoliyat yuritmoqda. Ulardan 9 tasi davlat ulushiga ega, 27 tasi esa boshqa (aksiyadorlik tijorat banklari, xususiy banklar va chet el kapitali ishtirokidagi) banklar sanaladi. Ushbu banklar faqatgina moliyaviy xizmat koʻrsatish bilan emas, balki iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya jalb qilish, eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratishda ham faol ishtirok etmoqda.
Hozirda Oʻzbekistonda 36 ta tijorat banki faoliyat yuritmoqda. Shundan 9 tasida davlat ulushi mavjud boʻlsa, qolgan 27 tasi aksiyadorlik tijorat banklari, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar hisoblanadi.
Ushbu maxsus material:
- har bir bankning tashkil topishi va tarixiy rivojlanishi;
- davlat ulushi bor yoki yoʻqligi;
- banklarning egasi kimligi (asosiy aksiyadorlar);
- boshqaruv raisi va kuzatuv kengashi raislarining shaxsi;
- banklar rahbarlarning taʼlimi, mehnat faoliyati va xalqaro tajribasi kabi koʻplab maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Tayanch tushunchalar:
Bank — bu yuridik va jismoniy shaxslarga moliyaviy xizmatlar koʻrsatadigan kredit-moliya muassasasi boʻlib, u omonatlarni jalb qilish, kreditlar berish, toʻlovlar va hisob-kitoblarni amalga oshirish, valyuta operatsiyalari, investitsiya xizmatlari va moliyaviy maslahatlar berish kabi keng koʻlamli faoliyat yuritadi. Banklar mamlakat iqtisodiyotining qon aylanish tizimi sifatida ishlaydi.
Aksiyadorlik jamiyati — bu yuridik shaxs boʻlib, uning ustav fondi (kapitali) muayyan miqdordagi aksiyalar orqali shakllantiriladi va ularning egalari — aksiyadorlar kompaniya foydasidan dividend shaklida daromad oladilar. Aksiyadorlik jamiyatlari ochiq va yopiq turlarga boʻlinadi; banklarning aksariyati ochiq shaklda tuzilgan boʻladi.
Davlat banki — aksiyalarining nazorat paketi (koʻpincha 50%+1 aksiya yoki undan koʻprogʻi) davlatga tegishli boʻlgan bankdir. Bunday banklar koʻpincha iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda hukumatga koʻmaklashadi, strategik sohalarni kreditlashda ustuvorlikka ega boʻladi va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtiradi.
Xususiy bank — bu davlat ishtirokisiz faoliyat yurituvchi bank boʻlib, uning asosiy aksiyadorlari yuridik yoki jismoniy shaxslardir. Xususiy banklar bozor sharoitlarida ishlaydi va raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar taklif etadi.
Kuzatuv kengashi raisi — bank strategiyasini ishlab chiqish va ijro etilishini nazorat qilish uchun masʼul boʻlgan organ – Kuzatuv kengashining rahbari. U bank faoliyati ustidan yuqori nazoratni amalga oshiradi va Boshqaruv raisining ishini baholaydi hamda muhim qarorlar qabul qiladi.
Boshqaruv raisi — bank faoliyatining kundalik operatsion boshqaruvi uchun masʼul boʻlgan shaxs. U bank ichki siyosatini yuritadi, xizmatlar va mahsulotlar rivojini nazorat qiladi hamda bank strategiyasini amaliyotga joriy etadi. Shuningdek, boshqaruv raisida bank ustavi bilan belgilab qoʻyilgan huquqlar asosida bank nomidan faoliyat olib borish huquqi mavjud boʻladi.
“Agrobank” ATB
Bank tarixi
“Agrobank” oʻz faoliyatini 1988 yil 1 yanvarda Oʻzbekiston SSR Davlat banki negizida boshlagan. U dastlab SSSR “Agroprombank”ining boʻlinmasi sifatida “OʻzSSR Agroprombank” nomi bilan, respublika boʻyicha 155 ta filial bilan tashkil etilgan.
Bank faoliyati davomida bir necha bor transformatsiya bosqichlaridan oʻtgan va oʻz nomini uch marotaba oʻzgartirgan.
Birinchi katta oʻzgarish 1990 yil 18 iyulda yuz berdi. SSSR Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, bank “Agroprombank” SSSR tizimidan ajralib chiqdi va mustaqil yopiq aksiyadorlik jamiyati sifatida “Uzagroprombank” tashkil etildi.
Keyingi bosqich 1995 yil 27 iyulda yuz berdi. Vazirlar Mahkamasining 294-sonli qaroriga asosan, “Uzagroprombank” negizida yangi bank — “Paxta-bank” tashkil qilindi. Bu nom ostida bank bir necha yil faoliyat yuritdi va 2001 yilda oʻzining ilk plastik kartasini muomalaga chiqardi.
2009 yil esa bank nomi hozirgi nomga oʻzgardi. Prezidentning 30 martdagi qaroriga binoan, “Paxta-bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki maqomini oldi va “Agrobank” nomi bilan qayta tashkil etildi.
Bank faoliyatidagi yutuqlar xorijiy eʼtirofga ham sazovor boʻlgan. Xususan, 2003, 2004, 2007, 2008 va 2009 yillarda Buyuk Britaniyaning nufuzli FT Business Financial Times gazetasi va The Banker jurnali tomonidan “Agrobank” (oʻsha paytda “Paxta-bank”) Oʻzbekistondagi “Yil banki” deb topilgan.
Bank rivojlanishining navbatdagi muhim bosqichi 2021 yilga toʻgʻri keladi. Shu yili “Agrobank” keng qamrovli rebrending oʻtkazib, tashqi koʻrinishi va ichki tizimini zamon talablariga moslashtirdi.
2023 yilda “Agrobank” tomonidan UDEA — “Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti” tashkil etildi. Shuningdek, “Suvchilar maktabi” loyihasi ham amalga oshirilgan.
Qiziq fakt: 2025 yilgacha “Smart bank” AJ ham aynan “Agrobank” ekotizimi tarkibiga kirgan.
Bank aksiyadorlari:
Bugungi kunda Agrobankning 98,54 foiz aksiyasi davlatga tegishli. Bu ulush ikki asosiy davlat institutlari oʻrtasida taqsimlangan:
- 52,22 foizi — Iqtisodiyot va moliya vazirligiga;
- 46,32 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli.
Qolgan 1,37 foiz aksiyalar 18 381 ta yuridik shaxsga, 0,09 foizi esa 73 324 nafar jismoniy shaxsga qarashli.
Boshqaruv raisi — Kahorov Erkin Azizjonovich
2025 yil mart oyiga qadar “Agrobank” boshqaruv raisi lavozimida Rustam Mamatqulov faoliyat yuritgan. Shu yilning 5 mart sanasidan boshlab bank rahbariyati Erkin Azizjonovich Kahorovga topshirildi.

Erkin Kahorov 1988 yilda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tugʻilgan. 2009 yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2017 yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. U bank sohasida 15 yildan ortiq tajribaga ega.
Kahorov 2022 yil dekabr oyidan 2025 yil 5 martiga qadar “Agrobank” boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
Kuzatuv kengashi raisi — Xaydarov Axadbek Yaxyobekovich

Bank kuzatuv kengashi raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Xaydarov Axadbek Yaxyobekovich hisoblanadi. U 1971 yilda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻilgan.
Axadbek Xaydarov 1989–1994 yillarda Toshkent davlat universitetida, 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. 2001 yilda Yaponiyaning Siyosiy fanlar institutini, 2006 yilda esa AQShdagi Uilyams kolleji magistraturasini tamomlagan.
1996–1999 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Pul-kredit siyosati departamentida II toifali iqtisodchi, yetakchi iqtisodchi va boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlagan. 2013–2016 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining oʻrinbosari boʻlgan.
1999–2006 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat byudjeti bosh boshqarmasida boʻlim boshligʻi, keyin boshqarma boshligʻining oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
U 2006–2007 yillarda Moliya vazirligining Ijtimoiy soha va ilm-fan moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.
2007–2013 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida Qimmatli qogʻozlar departamenti boshqarmasi boshligʻi, Monetar siyosat departamenti direktorining oʻrinbosari – boshqarma boshligʻi, soʻngra departament direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2016 yildan 2017 yil may oyigacha davlat banki “Mikrokreditbank” ATB boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.
AT “Aloqabank”
Bank tarixi
“Aloqabank” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 12 oktabrdagi qaroriga asosan, 2 million soʻmlik ustav kapitali bilan tashkil etilgan. 1995 yil 22 martda bank rasmiy litsenziya olib, faoliyatini boshlagan. Dastlab bank Maxsus Aksiyador-Tijorat Banki (MATB) “Aloqabank” nomi bilan tanilgan.
Bankning ilk filiali 1996 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida ochilgan. Bu banklar ichida Qoraqalpogʻistonda filial ochgan birinchi bank hisoblanadi. 1997 yildan boshlab “Aloqabank” Oʻzbekiston valyuta birjasi aʼzosi hisoblanadi. Aynan shu yili, 30 oktabrda Namangan shahrida va 29 iyulda Urganch shahrida (Xorazm viloyati) bank filiallari ish boshlagan.
Bank tashkil topgan ilk yillardan 2001 yilgacha aloqa tarmogʻini qayta qurish va rivojlantirishga oid davlat dasturlarida faol ishtirok etgan tarmoq banki sifatida faoliyat yuritdi. 2001 yil 23 iyundan boshlab esa “Aloqabank” universal bank maqomini oldi va MATB oʻrniga Aksiyadorlik Tijorat banki sifatida ish yurita boshladi.
2011 yilda bank “Aholi omonatlarini jalb qilish boʻyicha eng yaxshi bank” mukofotiga sazovor boʻldi.
Bankning rasmiy mobil ilovasi — Zoomrad, Android va iOS operatsion tizimlari uchun ishlab chiqilgan boʻlib, u orqali mobil aloqa, internet, kommunal xizmatlar va boshqa koʻplab xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish, shuningdek, bank kartalari oʻrtasida pul oʻtkazmalarini bajarish mumkin.
2021 yilda bank taʼsischiligida yirik venchur fond — Aloqaventures tashkil etildi. 2025 yil 28 yanvarga kelib, “Aloqabank” taʼsischiligidagi venchur fondlar soni ikkitaga yetdi. Aynan shu sanada Aloqaventures-2 tashkil etildi.
2025 yil 14 fevral kungi Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida muhim yangilik eʼlon qilindi. Prezident imzolagan hujjatga koʻra, “Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi.
Bank aksiyadorlari:
Aloqabank davlat ulushi mavjud boʻlgan tashkilot hisoblanadi. Bank ustav kapitalidagi aksiyadorlar tarkibi quyidagicha taqsimlangan:
- Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi — 53,80%
- “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi — 19,18%
- Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi — 5,49%
- Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 3,76%
- “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi — 1,83%
Bank aksiyalarining qolgan 15,14 foizi esa kimga tegishli ekani ochiqlanmagan. Biroq 2024 yil dekabr oyida “Aloqabank” ustav kapitaliga besh nafar xususiy investor qoʻshilishi kutilayotgani xabar qilingan edi. Bu borada Pinkod surishtiruv olib borgan va tafsilotlar bilan bu yerda tanishish mumkin.
Boshqaruv raisi — Irisbekova Kammuna Narinbayevna

“Aloqabank” boshqaruv raisi lavozimida Irisbekova Kammuna Narinbayevna faoliyat yuritadi. U 1960 yilda Qozogʻiston Respublikasida tugʻilgan. 1982 yilda Toshkent avtomobil yoʻllari institutini, 1991 yilda S. Ordjonikidze nomidagi Rossiya Davlat boshqaruv akademiyasining aspiranturasini, 2009 yilda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Kammuna Narinbayevna — biznesni boshqarish mutaxassisligi boʻyicha tahsil olgan, iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga va dotsent unvoniga ega.
Uning mehnatlari davlat tomonidan eʼtirof etilgan:
- 2018 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
- 2020 yilda unga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni berilgan.
Qiziq fakt: “Aloqabank” tashkil topganidan beri uning boshqaruv raisi oʻzgarmagan. Yaʼni Kammuna Narinbayevna bankni 30 yildan koʻproq vaqtdan beri boshqarib kelmoqda.
Kuzatuv kengashi raisi — Shermatov Sherzod Xotamovich

2021 yil dekabr oyidan buyon “Aloqabank” kuzatuv kengashi raisi sifatida raqamli texnologiyalar vaziri Shermatov Sherzod Xotamovich faoliyat yuritmoqda. U 1977 yil 7 aprelda Toshkent shahrida tugʻilgan.
Sherzod Shermatov 1993–1998 yillarda Toshkent davlat texnika universitetida, 1998–2000 yillarda esa AQShning nufuzli Yale universitetida tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini 2000–2001 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Valyuta iqtisodiyoti bosh boshqarmasida bosh iqtisodchi sifatida boshlagan. 2001–2002 yillarda Vazirlar Mahkamasida yetakchi mutaxassis, soʻngra bosh mutaxassis lavozimlarida ishlagan.
2004–2005 yillarda BMT va Oʻzbekiston hukumati hamkorligidagi “Raqamli rivojlanish tashabbusi” loyihasida ishtirok etgan. 2005 yilda esa Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari yordamchisi lavozimiga tayinlangan.
Shuningdek, 2005–2008 yillarda “Oʻzbekistonda axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish” loyihasiga rahbarlik qilgan va AKT sohasida bilimlar hamda yechimlar boshqaruvi boʻyicha maslahatchi sifatida faoliyat olib borgan.
2008 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar boʻyicha axborot-tahlil boshqarmasi boshligʻi boʻlgan. 2010–2012 yillarda Prezident devonining tashkilot-kadrlar xizmati yetakchi va bosh inspektori lavozimlarida ishlagan.
2012–2014 yillarda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi (hozirgi Raqamli texnologiyalar vazirligi) raisining oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2014 yildan boshlab Toshkentdagi Inha universiteti rektori lavozimida ishlagan. 2016 yil noyabrdan 2017 yil fevralgacha AKT vazirining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.
2018–2021 yillarda Xalq taʼlimi (hozirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi) vaziri lavozimida ishlagan. 2021 yil 17 noyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uning nomzodi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish (hozirgi Raqamli texnologiyalar vazirligi) vaziri lavozimiga maʼqullangan.
“Asakabank” AJ
Bank tarixi
“Asakabank” rasmiy ravishda 1995 yil 7 noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 424-son qaroriga binoan tashkil etilgan. Bank davlat aksiyadorlik banki sifatida avtomobilsozlik tarmogʻini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hamda aholiga qulay shartlarda avtotransport vositalarini sotib olish imkoniyatini yaratish maqsadida tuzilgan.
2001 yil 5 yanvarda “Asakabank”ga universal tijorat banki maqomi berildi. Bu esa uning xizmat koʻrsatish doirasini kengaytirib, korporativ va chakana bank xizmatlari bozorida faol ishtirok etishiga imkon yaratdi.
Bank bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan boʻlib, “Tashkent City” hududida zamonaviy infratuzilmaga ega binoda faoliyat yuritadi. Respublika boʻylab esa 21 ta filial orqali mijozlarga xizmat koʻrsatadi.
“Asakabank” yillar davomida bir qator xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlgan:
- 2003 yilda Osiyo va Tinch Okeani Rivojlantirish Moliyaviy Muassasalari Uyushmasi (OTORMMU) tomonidan “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” va “Eng yaxshi yillik hisobot” yoʻnalishlari boʻyicha eʼtirof etilgan.
- 2005 yilda Euromoney nashriyoti tomonidan “Oʻzbekistonning eng yaxshi banki” deb tan olingan.
- 2009, 2010, 2012, 2014 va 2015 yillarda “Aholi omonatlarini jalb qilish boʻyicha yilning eng yaxshi banki” unvoniga loyiq koʻrilgan.
- Global Finance (2005–2007), The Banker (2005) va Euromoney (2005) nashrlari tomonidan “Yil banki” deb topilgan.
- 2021 yilda Asiamoney uni Oʻzbekistonning eng yaxshi korporativ va investitsiyaviy banki deb tan oldi.
Bank tomonidan moliyalashtirilgan muhim loyihalardan biri bu — 2021 yilda ishga tushirilgan Markaziy Osiyodagi eng yirik zargarlik korxonasi boʻlgan FONON zavodidir. Umumiy qiymati 28,3 million yevroga teng boʻlgan loyihaning 19 million yevrosi “Asakabank” mablagʻlari hisobidan ajratilgan.
2024 yil 2 may kuni Toshkent Xalqaro Investitsion Forumida “Asakabank”ni bosqichma-bosqich xususiylashtirish rejalashtirilgani eʼlon qilindi. Bu jarayonda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (EBRD) ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Biroq, xususiylashtirish boʻyicha amaliy bosqichlar hozircha sekin kechmoqda.
Bank aksiyadorlari:
Asakabank davlat banki hisoblanadi. Undagi davlat nomidan aksiyalarga egalik qiluvchilar ulushi quyidagicha:
- Oʻzbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi — 88.22 %
- Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 10.85 %
- “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MChJ — 0.73 %
- “Uzavtosanoat” AJ — 0.10 %
- “Uzagrosugʻurta” AJ — 0.08 %
- “Uzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati — 0.02 %
Boshqaruv raisi — Tulyaganov Kudratilla Asatullayevich

“Asakabank” boshqaruvi raisi lavozimini 2023 yil 14 fevraldan buyon Tulyaganov Kudratilla Asatullayevich egallab kelmoqda. U 1982 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, millati — oʻzbek.
Kudratilla Tulyaganov 2008 yilda Toshkent moliya institutining bakalavriat bosqichini, 2016 yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. Mutaxassisligi — bank sohasida investitsiyalarni boshqarish.
Bank tizimida 25 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassis 2020–2023 yillar oraligʻida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (NBU) boshqaruvi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
2023 yil fevralidan buyon u “Asakabank”ga rahbarlik qilib kelmoqda.
Kuzatuv kengashi raisi — Osipyan Ashot Feliksovich

2025 yil aprel oyidan buyon “Asakabank” AJ Kuzatuv kengashiga Osipyan Ashot Feliksovich raislik qilib kelmoqda. U bank sohasi va moliyaviy boshqaruv boʻyicha 30 yildan ortiq tajribaga ega yirik mutaxassislardan biri hisoblanadi.
Ashot Osipyan AQShdagi nufuzli Chicago universitetining Booth Business School va Booth College bitiruvchisi hisoblanadi.
U oʻz mehnat faoliyatini Armaniston Moliya va iqtisodiyot vazirligida boshlagan. Bu yerda u qimmatli qogʻozlar bozorini nazorat qilish boshqarmasi hamda pul-kredit siyosati boshqarmasini boshqargan. 1998 yilda Armaniston Markaziy banki raisining maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.
1998 yildan 2020 yilgacha Osipyan Armanistonning ikki yetakchi bankida — ArmEconomBank (1998–2006) va AraratBank (2006–2020)da boshqaruv raisi lavozimida faoliyat olib borgan.
2020 yildan boshlab u Osiyo-Tinch okeani banki (Rossiya) va Esxat banki (Tojikiston) Direktorlar kengashi tarkibida ishlagan. Shuningdek, oʻsha yildan beri Bank menejmenti maktabining asoschisi va direktori sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
2022 yil oktabridan 2025 yil aprelgacha Osipyan “Asakabank” AJ Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi sifatida faoliyat yuritib kelgan.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB
Bank tarixi
Bank 1994 yil 20 iyunda Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan tashkil etilgan boʻlib, dastlab “Gʻallabank” nomi ostida qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan tijorat banki sifatida faoliyat boshlagan.
Dastlabki yillarda bank faqat qishloq xoʻjaligi sohasida xizmat koʻrsatgan. Biroq, 1999 yildan boshlab “Gʻallabank” faoliyat doirasini kengaytirib, universal bank xizmatlarini koʻrsata boshladi. Bu bosqichda bank aholiga chakana xizmatlar, turli kredit turlari va omonat mahsulotlarini taklif eta boshlagan.
2005 yilga kelib bank tizimi kengayib, unda 13 ta viloyat filiali, 18 ta tuman boʻlimi, 68 ta mini-bank, 141 ta jamgʻarma shoxobchasi faoliyat yuritayotgan edi.
2009 yil 30 aprelda Prezident farmoniga asosan “Gʻallabank” negizida yangi nom ostida — “Qishloq Qurilish Banki” (QQB) tashkil etildi. Yangi tashkil topgan bankning asosiy vazifalari qishloq joylarida uy-joy, yoʻl, elektr, gaz va boshqa infratuzilmalarni moliyalashtirish, shuningdek, kichik va oilaviy biznesni qoʻllab-quvvatlashdan iborat edi. QQB, shuningdek, davlat infratuzilma loyihalariga xizmat koʻrsatgan.
2023 yil 4 sentabr kuni Prezident qarori bilan “Qishloq Qurilish Banki” yangi bosqichga oʻtdi va “Biznesni Rivojlantirish Banki” nomini oldi. Endilikda bankning asosiy faoliyati tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va oʻrta biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazi tashkil etilgan boʻlib, ushbu markazlar tadbirkorlarga oʻz bizneslarini boshlash va yuritishda koʻmak berish, maslahatlar bilan taʼminlash maqsadida faoliyat yuritmoqda.
Bank aksiyadorlari:
- Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 22,05%.
- Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi — 52,30%.
- Oʻzbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamgʻarmasi —- 25,11%.
- Bank aksiyalarining 1%dan kam qismiga ega boʻlgan yuridik shaxslarning umumiy soni (2386) — 0,52%.
- Bank aksiyalarining 1 foizdan kam qismiga ega boʻlgan jismoniy shaxslarning umumiy soni (6624) — 0,02%.
Boshqaruv raisi — Annaklichev Saxi Saparmuxamedovich

“Biznesni rivojlantirish banki” nomi ostida qayta tashkil etilganidan buyon bank boshqaruvi raisi lavozimini Annaklichev Saxi Saparmuxamedovich egallab kelmoqda. U 1975 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toʻrtkoʻl tumanida tugʻilgan.
Saxi Annaklichev quyidagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan:
- 1996 yil — Turkmaniston xalq xoʻjaligi instituti;
- 1999 yil — Oʻzbekiston Bank-moliya akademiyasi;
- 2008 yil — Yaponiya Kobe universiteti;
- 2010 yil — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi.
Mehnat faoliyatini 1996 yilda Oʻzbekiston Markaziy bankining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bosh boshqarmasida yetakchi iqtisodchi sifatida boshlagan. U keyinchalik ushbu boshqarmada bosh iqtisodchi va shoʻba mudiri lavozimlarida ishlagan.
Annaklichev 2000–2017 yillar davomida Markaziy bank tizimida bir qator masʼul lavozimlarda — Moliya departamenti boʻlim boshligʻi, boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, Jahon banki loyihalari doirasida maslahatchi, bosh buxgalter, direktor oʻrinbosari va direktor lavozimlarida ishlagan.
U 2017–2018 yillarda Vazirlar Mahkamasida investitsiya dasturlari va xorijiy investitsiyalar boʻyicha axborot-tahlil departamenti mudiri sifatida ishlagan. 2018–2019 yillarda “Oʻzsanoatqurilishbank” boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari, 2019–2020 yillarda “Oʻzmilliybank” boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2020 yil mart oyida “Oʻzsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan. 2023 yildan esa yangi nomdagi “Biznesni rivojlantirish banki”ga rahbarlik qilmoqda.
Kuzatuv kengashi raisi — Norqulov Ilhom Ibroximovich

Ilhom Ibroximovich Norqulov 1981 yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy: u 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakultetini, soʻngra Buyuk Britaniyadagi Glazgo universitetining “Iqtisodiy rivojlanish” yoʻnalishi boʻyicha magistraturasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2004 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida yetakchi mutaxassis lavozimidan boshlagan. 2006 yilda Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi Iqtisodiyot bosh boshqarmasida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlagan. 2006–2009 yillar oraligʻida “Neftegazmontaj” MChJ qoʻshma korxonasida qurilish mashinalari va mexanizatsiyalari boshqarmasi taʼminot boʻyicha menejeri sifatida faoliyat yuritgan.
2010 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ishlay boshlagan. U yerda bosh mutaxassisdan departament rahbarligigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan: 2013–2017 yillarda Monetar siyosat departamenti, 2017–2018 yillarda esa Pul-kredit siyosati departamentiga rahbarlik qilgan.
2018–2020 yillarda Markaziy bank boshqaruvi raisining oʻrinbosari va keyinchalik birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. U Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari sifatida ham ishlagan.
Hozirda Ilhom Norqulov Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari, shuningdek, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Kuzatuv kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
“Mikrokreditbank” ATB
Bank tarixi
“Mikrokreditbank” 2006 yilgacha “Tadbirkorbank” nomi ostida faoliyat yuritgan. “Tadbirkorbank” esa oʻz navbatida 1993 yil 7 yanvarda “Oʻzdehqonsanoatbank” negizida tashkil topgan.
Bank faoliyatining dastlabki maqsadi qishloq xoʻjaligi, fermer xoʻjaliklari, kooperativlar va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashdan iborat boʻlgan.
2003 yilga kelib bankning filial tarmogʻi kengayib, 13 ta viloyat filiali, respublika va viloyat markazlarida amaliyot boʻlimlari, 69 ta tuman boʻlimi va ularga biriktirilgan 42 ta mini-bank faoliyat yuritgan. Shu davrda bank mijozlar soni 41 ming nafardan oshgan.
2005 yildan boshlab “Tadbirkorbank” sohaviy ixtisoslashuvdan chiqib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi universal bank sifatida faoliyatini davom ettirgan.
2006 yil 5 may kuni Prezident qaroriga muvofiq, bank “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki sifatida qayta tashkil etilgan.
2010 yilda Financial Times nashri tomonidan “Mikrokreditbank” Oʻzbekistonning eng yaxshi banki deb eʼtirof etilgan.
2022 yilda bank toʻliq rebrendingdan oʻtib, hozirgi MKbank nomi ostida faoliyat yuritmoqda.
Bank aksiyadorlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 32,7%
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi — 26,3 %
Milliy investitsiya jamgʻarmasi — 40%
Boshqa taʼsischilar — 1%
Boshqaruv raisi — Butayev Orif Aliboyevich

Butayev Orif Aliboyevich 1983 yilda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan. 2006 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2012 yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi — bank ishi va investitsiyalarni boshqarish (bank sektori).
U mehnat faoliyatini 2006 yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tijorat banklariga litsenziya berish va ular faoliyatini tartibga solish departamentida 1-toifali iqtisodchi lavozimida boshlagan. Keyingi yillarda u ushbu departamentning turli boʻlim va boshqarmalarida yetakchi iqtisodchi, bosh iqtisodchi, shuʼba mudiri va boshqarma boshligʻi oʻrinbosari kabi lavozimlarda ishlagan.
2016–2018 yillarda Markaziy bank departamenti direktori sifatida faoliyat yuritgan. 2018–2019 yillarda esa Markaziy bank raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.
Shundan soʻng Orif Butayev tijorat banklarida rahbarlik faoliyatini davom ettirdi: 2019–2020 yillarda “Oʻzsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari, 2020–2024 yillar davomida “Mikrokreditbank” boshqaruvi raisi lavozimida ishladi.
2024 yil mart oyidan boshlab esa Butayev Orif Aliboyevich “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Kuzatuv kengashi raisi — Zaxidov Botir Erkinovich

Botir Zoxidov 1982 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2003 yilda Toshkent moliya institutini, 2008 yilda esa Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2003 yilda “Asakabank”da boshlagan. 2005–2009 yillar davomida bankning tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida faoliyat olib borib, valyuta-ayirboshlash operatsiyalari boʻyicha maxsus boshqarmaga rahbarlik qilgan.
2019 yil 26 maydan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2022 yil 19-sentabrda Toshkent shahri Shayxontohur tumani hokimi etib tayinlangan.
2023 yil 23 sentabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vaziri lavozimida faoliyat yuritmoqda.
“Turonbank” ATB
Bank tarixi
“Turonbank” 1990 yil noyabr oyida tashkil etilgan. 1993 yildan boshlab bank ochiq aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat yuritmoqda.
“Turonbank” faoliyati qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar, kichik va oʻrta biznes subʼektlari, savdo, tayyorlov va qurilish sohalaridagi qayta ishlovchi korxonalar, shuningdek, xalq xoʻjaligining turli tarmoqlari, xususiy tadbirkorlar, fermer xoʻjaliklari va aholiga bank xizmatlari koʻrsatishga qaratilgan.
Bank universal moliyaviy xizmat koʻrsatish tamoyili asosida faoliyat olib boradi va mamlakatdagi keng tarmoqli banklardan biri hisoblanadi.
2013 yilda Turonbank va Jahon banki (IDA) hamkorligida qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan kredit liniyasi ishga tushirildi. Aynan shu yilda bank “Turon mobile” mobil banking xizmatini yoʻlga qoʻydi. Shuningdek, nufuzli Financial Times nashrining The Banker jurnali “Turonbank”ni “Oʻzbekistondagi eng yaxshi bank” deb eʼtirof etdi.
2022–2023 yillarda Turonbank raqamli xizmatlarini sezilarli darajada kengaytirib, “MyTuron” mobil ilovasini tubdan yangiladi. Ushbu ilova orqali mijozlar Visa, Mastercard va HUMO kartalarini bogʻlab, toʻlovlarni amalga oshirish, xalqaro tranzaksiyalarni real vaqt rejimida bajarish hamda karta balanslarini boshqarish imkoniyatiga ega boʻldi.
Hozirgi kunda “Turonbank”ning 15 ta Bank xizmatlari markazi va 51 ta Bank xizmatlari ofisi mijozlarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Bank aksiyadorlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va Taraqqiyot Jamgʻarmasi — 87,70 %
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi — 10,30 %
Boshqalar — 2%
Boshqaruv raisi — Mirzayev Chori Sadibaqosovich

Mirzayev Chori Sadibaqosovich 1971 yil 23 mayda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tugʻilgan. 1995 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini, 2000 yilda esa Yaponiyaning Saitama universitetini tamomlagan. U xalqaro iqtisodiy munosabatlar hamda davlat siyosati va boshqaruvi yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olgan.
Bank tizimidagi faoliyatini 1995 yilda boshlagan va shu sohada uzluksiz mehnat qilib kelmoqda. Uning bu boradagi tajribasi 30 yildan oshadi. 2016 yil 23 sentabrdan buyon esa bank boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Mirzayev Chori Sadibaqosovich oʻzining fidokorona xizmatlari uchun 2021 yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Kuzatuv kengashi raisi — Karshibayev Jasur Hazratkulovich

Karshibayev Jasur Hazratkulovich — “Turonbank” Kuzatuv kengashi raisi boʻlib, 1982 yil 30 iyulda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan. U 1999–2004 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavriat bosqichini imtiyozli diplom bilan, 2004–2006 yillarda esa magistratura bosqichini tamomlagan. 2015 yilda Yaponiyadagi Yevropa Ittifoqi instituti (EU Institute in Japan)da tahsil olgan. Iqtisodiyot fanlari doktori (PhD) boʻlgan Karshibayevning asosiy ilmiy yoʻnalishlari moliya, jahon iqtisodiyoti, Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti hamda xalqaro iqtisodiy munosabatlardir.
U oʻz mehnat faoliyatini 2006–2011 yillarda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining xalqaro aloqalar boʻlimida boshlagan. Keyinchalik Tokio va Osaka, Seul kabi shaharlarda turli malaka oshirish dasturlarida qatnashgan. Shu yillarda u “Oʻzbekiston–Malayziya” doʻstlik jamiyatining ijrochi direktori sifatida ham faoliyat yuritgan.
2011–2015 yillarda u Yaponiya Kyushu universitetida ilmiy xodim va doktorant sifatida faoliyat yuritgan. 2015–2016 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dotsent, Ilmiy boʻlim va Karera markazi rahbari lavozimlarida ishlagan. Shu bilan birga, makroiqtisodiy tadqiqot loyihalarida ilmiy xodim sifatida ham faoliyat olib borgan.
2016 yildan boshlab Markaziy bankda turli yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan — jumladan, monetar siyosat, pul-kredit siyosatini tahlil qilish va operatsiyalarni boshqarish yoʻnalishlarida. 2018–2019 yillarda esa Moliya vazirligi tizimida davlat qarzi bilan bogʻliq boshqaruv lavozimlarida ishlagan.
2019 yil 4 apreldan boshlab u Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat ichki va tashqi qarz departamenti direktori lavozimida faoliyat yuritgan. Hozirda u Iqtisodiyot va moliya vazirining maslahatchisi hamda bir vaqtning oʻzida “Turonbank” Kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi.
Xalq banki
Bank tarixi
Xalq banki Oʻzbekiston moliyaviy tizimining eng qadimiy va muhim boʻgʻinlaridan biri hisoblanadi. Uning ildizlari XIX asrga, yaʼni 1875 yil 10 mayda Rossiya imperiyasi Davlat bankining Toshkentdagi filialining ochilishiga borib taqaladi. Bu bank Turkiston oʻlkasidagi ilk moliyaviy muassasa sifatida aholiga sakkiz turdagi bank xizmatlarini koʻrsatishni boshlagan. Dastlab u imperatorlik mustamlaka maʼmuriyatining byudjetini nazorat qilish va savdoni moliyalashtirish bilan shugʻullangan.
XX asr boshlariga kelib, filial kichik kredit operatsiyalarini rivojlantirishga eʼtibor qaratdi. Shunga qaramay, u nafaqat viloyat maʼmuriyati, balki butun Markaziy Osiyoda faoliyat yurituvchi boshqa tijorat banklari uchun ham gʻaznachilik funksiyasini bajarishda davom etdi. 1896 yilga kelib, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Margʻilon va boshqa shaharlarda ham bank filiallari ochildi.
1925 yilda bu tizim Davlat mehnat jamgʻarma bankiga aylantirildi. Mustaqillikdan soʻng, 1993 yil 27 avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra “Oʻzjamgʻarmabank” tashkil etildi. 1995 yil 4 oktabrda esa bu bank Xalq bankiga aylantirildi.
2004 yilda bank fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya hisoblarini yuritish vakolatiga ega boʻldi. 2015 yilgi Prezident farmoniga binoan bank nomi “Aksiyadorlik tijorat Xalq banki”ga oʻzgartirildi. 2017 yildan boshlab esa pensiyalar va nafaqalarni toʻlash boʻyicha yagona vakolatli moliyaviy muassasa sifatida belgilandi.
Hozirda Xalq banki 196 ta hududiy va tuman (shahar) filiali, 106 ta bank xizmatlari markazlari va 2 260 dan ortiq kassalari orqali mamlakat boʻylab keng tarmoqqa ega universal bank sifatida faoliyat yuritmoqda.
Bank aksiyadorlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi — 73,8%
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamgʻarmasi — 26,2%
Boshqaruv raisi — Atabayev Shuhrat Xaldarovich

Shuhrat Atabayev 1978 yilda tugʻilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutini, 2005 yilda Yaponiyaning Siyosiy fanlar milliy institutini, 2010 yilda esa Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1995 yilda Navoiy viloyatidagi 14-oʻrta maktabda ingliz tili oʻqituvchisi sifatida boshlagan. Moliyaviy sektor bilan bogʻliq faoliyati davomida u bir qator yirik lavozimlarda ishlagan: 2014–2015 yillarda Markaziy bankning Moliya-iqtisod departamenti direktori, 2015–2017 yillarda esa Xalq banki boshqaruvi raisi oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2017 yil iyun oyidan 2018 yil 14 noyabrgacha Markaziy bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Soʻngra, 2018 yildan 2021 yilgacha “Ipoteka Bank” boshqaruvi raisi lavozimida mehnat qilgan.
2021 yil fevral oyidan iyul oyigacha Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2021 yil iyul oyidan boshlab esa Xalq banki boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Kuzatuv kengashi raisi — Aleksandr Pikker

Aleksandr Pikker 1962 yil 5 noyabrda Avstriyaning Zalsburg shahrida tugʻilgan. U xalqaro moliya sohasi boʻyicha yuqori malakali mutaxassis boʻlib, 30 yildan ortiq tajribaga ega. Faoliyati davomida Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya hamda Markaziy Osiyodagi bir qator yirik moliyaviy institutlarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Pikker Zalsburg universitetida ikki yoʻnalishda oliy maʼlumot olgan: 1987 yilda huquq, 1989 yilda esa slavyan filologiyasi boʻyicha tahsilni tamomlagan. Bank sohasidagi faoliyatini 1989 yilda Österreichische Länderbank’da (hozirgi Bank Austria UniCredit) boshlagan. 1990–1992 yillarda Erste Bank (Girozentrale) tizimida loyiha moliyalash boʻyicha kredit mutaxassisi sifatida Rossiya, Polsha va Ruminiyada yirik loyihalarda ishtirok etgan.
1994 yilda Creditanstalt Bankverein tarkibiga qoʻshilib, ushbu bank tomonidan Rossiyada tashkil etilgan “International Moscow Bank” (hozirgi UniCredit Russia)ga yuborilgan. U yerda boshqaruv kengashi aʼzosi va bosh risk-menejeri lavozimida faoliyat yuritib, 1998 yilgi Rossiya moliyaviy inqirozi davrida muhim boshqaruv qarorlarini qabul qilgan.
Keyinchalik Polshaning PBK bankida (hozirgi Bank BPH) bosh operatsiyalar direktori, soʻng integratsiya boʻyicha direktor boʻlib ishlagan va bankni muvaffaqiyatli birlashtirish jarayonini boshqargan.
2004 yilda Serbiyaning HVB Serbia & Montenegro (bugungi UniCreditbank Serbia) bankiga bosh direktor etib tayinlangan. 2007–2010 yillarda esa Qozogʻistondagi ATF Bank’da bosh direktor (CEO) va UniCredit Group vitse-prezidenti sifatida ishlagan.
2011–2015 yillarda Hypo Alpe-Adria International Group’ga rahbarlik qilib, guruhning Sloveniyadagi, Bosniya va Gersegovinadagi boʻlinmalarini hamda Avstriyadagi bosh idorasini boshqargan.
Hozirda u Moldova Respublikasining Moldindconbank bankida boshqaruv raisi lavozimida ishlamoqda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki Kuzatuv kengashi raisi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
“Oʻzmilliybank” AJ (NBU)
Bank tarixi
Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki (NBU) Oʻzbekistonning strategik ahamiyatga ega banki hisoblanadi. Bank Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 7 sentabridagi farmoni bilan unitar korxona shaklida tashkil etilgan. Ilk tashkil qilingan paytida bank xodimlari soni 100 nafarni tashkil qilgan.
1992 yildagi hisobotlarga koʻra, oʻsha paytda NBU Oʻzbekiston tashqi toʻlovlarining 95 foizini amalga oshirgan.
NBU SWIFT, Zolotaya Korona, Reuters, Do Jones Telerate va Bloomberg kabi global moliyaviy telekommunikatsiyalar tizimlariga ulangan.
NBU’ning Rossiya hududida shoʻba banki mavjud.
1996 yilda Rossiyada Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari oʻrtasidagi hukumatlararo bitimga muvofiq, moliya va bank sektorida milliy kapitaldan foydalanishning ilgʻor shakllarini rivojlantirish maqsadida “Aziya – Invest Bank” aksiyadorlik tijorat banki tashkil etilgan.
Forbes Russia tomonidan bank 2022 yilda Oʻzbekistonning eng ishonchli banki deb topilgan.
Qiziq fakt: Milliy bankning Oʻzbekiston bank tizimidagi oʻrni shu qadar yirikki, jami bank tizimidagi kreditlarning 19,1 foizi (108,5 trln soʻm) va jami depozitlarning 12,1 foizi aynan NBU hissasiga toʻgʻri keladi.
Bank aksiyadorlari:
2019 yilga qadar NBU unitar korxona sifatida faoliyat yuritgan. Prezidentning 2019 yil 30 noyabrdagi PQ-4540-sonli qaroriga asosan “Oʻzmilliybank” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etilgan.
2019 yilgacha bankning asosiy taʼsischisi Vazirlar Mahkamasi boʻlgan. Ayni paytda esa bank taʼsischisi sifatida davlat nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi (59,30 foiz) va Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (40,70 foiz) koʻrsatilgan.
Boshqaruv raisi — Mirsoatov Alisher Qudratullayevich

Bankni 2017 yil 30 noyabrdan beri Mirsoatov Alisher Qudratullayevich boshqarib kelmoqda. Alisher Mirsoatov 1974 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. 1996 yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent Davlat texnika universitetini tamomlagan. 2003 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini, 2004 yilda Maastricht School of Management (Niderlandiya)ni, 2021 yilda esa yana Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Alisher Qudratullayevich bank tizimida 26 yillik tajribaga ega. U 2016 yil kuzidan to mazkur lavozimga tayinlanguniga qadar Oʻzsanoatqurilishbank boshqaruv raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Mirsoatov bank tizimidan tashqari sport sohasida ham faol hisoblanadi. 2020 yil 6 mart kuni u sobiq MXX raisi Rustam Inoyatov oʻrniga Tennis federatsiyasi rahbari etib tayinlangan. Keyinchalik bu lavozimdan ketgan. 2025 yil 17 fevraldan boshlab esa Qishki sport turlari federatsiyasi rahbari hisoblanadi.
Alisher Mirsoatov oʻzbek davlat va siyosat arbobi Rafiqov Qudratilla Mirsoatovichning kenja farzandi hisoblanadi. Qudratilla Rafiqov hozirda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi sifatida ishlaydi.
Kuzatuv kengashi raisi — Qudratov Laziz Shavkatovich

NBU’ning Kuzatuv kengashi raisi Qudratov Laziz Shavkatovich hisoblanadi. U Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri lavozimida ishlaydi. Laziz Qudratov 1981 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Xosei universiteti (Yaponiya)ni tamomlagan.
U Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida turli lavozimlarda ishlagan (2003–2010), Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi boʻlgan (2010–2014), “Uzinfoinvest” agentligining direktori, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi (2017–2019). 2022 yil dekabrdan boshlab esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri lavozimida faoliyat yuritmoqda.
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB (SQB)
Bank tarixi
“Oʻzsanoatqurilishbank” — Oʻzbekiston moliya tizimidagi eng qadimiy banklardan biri hisoblanadi. Uning faoliyati 1922 yil 28 oktabrda Toshkentdagi Savdo-sanoat bankining Oʻrta Osiyodagi idorasi sifatida boshlangan. 1924 yilga kelib, bank xalq xoʻjaligi tarmoqlarini moliyalashtirish va kreditlash boʻyicha hukumat agenti sifatida faoliyat yurita boshlagan.
Bank 1926 yilda Oʻzbekistondagi ilk yirik energiya inshootlaridan biri — Boʻzsuv GES qurilishini moliyalashtirgan. 1932 yil may oyida bank “Sanoatbank” nomi ostida qayta tashkil etilib, sanoat va kapital qurilishni moliyalashtirishga ixtisoslashtirilgan moliya instituti sifatida faoliyat koʻrsata boshladi.
Urush yillarida va undan keyingi davrda — xususan, 1960 yillarda — bank mamlakatdagi koʻplab sanoat obʼektlari va zavodlar qurilishida faol ishtirok etdi. 1959 yilda esa nomi “Qurilishbank”ga oʻzgartirilib, butun mamlakat boʻylab qurilish jarayonlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda davom etdi.
1966 yilda Toshkentda sodir boʻlgan zilzila oqibatlarini bartaraf etish, vayron boʻlgan binolar va infratuzilmani qayta tiklash ishlari ham aynan “Qurilishbank” tomonidan moliyalashtirilgan.
1987 yildan boshlab bank “Sanoatqurilishbank” deb nomlana boshladi. Uning faoliyat doirasi kengaytirilib, yirik sanoat loyihalariga xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish tarmoqlarini kreditlash yoʻnalishlari kuchaytirildi.
2009 yilda hozirgi nomi — “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazildi.
2018 yilda bank brend yangilanishi va biznes jarayonlarini optimallashtirishga kirishdi. 2019 yilda esa Oʻzbekiston tarixida ilk bor 300 million dollarlik xalqaro evrobondlarni muvaffaqiyatli joylashtirib, moliya bozorida katta yangilikka sabab boʻldi.
2020 yilda esa bank JOYDA mobil ilovasini ishga tushirib, nafaqat bank xizmatlarini, balki turli marketpleys funksiyalarini ham oʻz ichiga olgan innovatsion platforma yaratdi.
SQB Oʻzbekistondagi xususiylashtirilishi kerak boʻlgan, ammo bu jarayon kechikib keladigan bank hisoblanadi.
Bank aksiyadorlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va Taraqqiyot jamgʻarmasi — 82,1%
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi — 13,1%
“OʻZTRANSGAZ” AJ —1,2%
Boshqalar — 3,6%
Boshqaruv raisi — Akbarjonov Aziz Akbarjon oʻgʻli

Akbarjonov Aziz Akbarjon oʻgʻli 1985 yil 11 sentabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. U 2008 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat bosqichini, 2010 yilda esa shu oliy oʻquv yurtining magistratura boʻlimini “Menejment” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2004 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Toshkent viloyat boʻlimida Korporativ mijozlar bilan ishlash boʻlimi 2-toifali mutaxassisi lavozimidan boshlagan.
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATBdagi faoliyati 2018 yilda Loyiha boshqaruvi va ijro nazorati departamenti direktori lavozimi bilan boshlangan. 2019 yil noyabr oyidan bankning Kredit direktori (CCO), 2020 yil yanvaridan esa Kredit bosh direktori sifatida faoliyat yuritgan.
2020 yil may oyidan 2023 yil oktabrigacha “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
2023 yil 3 oktabr sanasidan boshlab esa Akbarjonov Aziz Akbarjon oʻgʻli “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Kuzatuv kengashi raisi — Isakov Odilbek Rustamovich

Odilbek Isakov — xalqaro tajribaga ega moliyaviy mutaxassis va infratuzilma sohasidagi ekspert. U 1981 yilda Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Millati — oʻzbek.
Hozirda u London va Toshkentda faoliyat yurituvchi “Infrasia Capital” MChJ bosh direktori va hammuassisi hisoblanadi. Ushbu kompaniya Oʻzbekiston va unga tutash bozorlarda infratuzilma loyihalarini ishga tushirish, boshqarish va moliyalashtirishga ixtisoslashgan. Isakov 12 milliard AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega boʻlgan loyihalarda ishtirok etgan.
2018 yil sentabridan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida maslahatchi sifatida faoliyat boshlagan va tez orada yangi tashkil etilgan Davlat qarzini boshqarish boshqarmasiga rahbarlik qilgan. 2019 yil mart oyida moliya vazirining oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.
U vazir oʻrinbosari sifatida Xazina, Davlat-xususiy sheriklik agentligi, Davlat qarzi boshqarmasi, Xalqaro reytinglar, IT markazi va Kapital bozorini rivojlantirish boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtirgan. Shuningdek, kapital bozori ustidan nazorat vazifasini ham amalga oshirgan.
Isakovning asosiy yutuqlari — Oʻzbekistonning ilk suveren kredit reytingini olish, davlatning birinchi yevrobondlarini chiqarish, yirik davlat korxonalarining xalqaro obligatsiya loyihalarini muvofiqlashtirish, davlat xaridlari qonunchiligini isloh qilish va moliya tizimini raqamlashtirishdir.
U kasbiy faoliyatini 2008 yilda HSBC bankining “Global Banking and Markets” boʻlimida stajyor-analitik sifatida boshlagan. 12 yil davomida HSBCda turli lavozimlarda ishlab, nihoyat, rivojlanayotgan bozorlar boʻyicha kapital bozorlari direktori boʻlgan. U Polsha, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rumыniya, Vengriya, Qozogʻiston va boshqa davlatlarda 70 dan ortiq muvaffaqiyatli operatsiyalarni amalga oshirgan.
2002 yilda Buyuk Britaniyaning Manchester Metropoliten universitetida biznes iqtisodiyoti boʻyicha imtiyozli diplom, 2006 yilda Stratklayd universitetida moliya magistri darajasini olgan. 2012 yildan buyon xalqaro moliyaviy tahlilchilar sertifikati (CFA) sohibi.
Shu yergacha oʻqib chiqqaningiz uchun tahririyatimiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz. Materialning ikkinchi soni koʻp kuttirmaydi — tez orada boshqa banklarning aksiyadorlari, boshqaruv va kuzatuv kengashi raislari hamda ularning shaxsi haqidagi ikkinchi maqolani eʼtiboringizga havola etamiz. Hozircha esa shular.