Oʻzbekiston va jahon bozorida oltin narxi rekord oʻrnatdi
Oʻzbekistonda 5 grammli oltin quymaning narxi ilk bor 9 million soʻmdan oshdi. Jahon bozorida esa oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 4 600 dollarga yetib, rekord oʻrnatdi.

Oʻzbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 9 million soʻmdan oshdi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, oltinning bir gramm narxi 1 802 240 soʻmni tashkil etib, oʻtgan jumaga nisbatan 2 foizdan ortiq oshdi. Natijada 5 grammli oltin quymaning sotish narxi 9 million 10 ming soʻmga yetdi.
Shu bilan birga, oltin quymalarining sotish va qayta sotib olish narxlari oʻrtasidagi farq oʻrtacha 3,88 foiz atrofida shakllanmoqda.
Oltin quymalarning amaldagi narxlari:
| Ogʻirligi | Sotish narxi |
Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadogʻi but holatda | qadogʻi buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda | ||
5 gramm | 9 010 000 soʻm | 8 660 000 soʻm | 8 573 000 soʻm |
10 gramm | 18 020 000 soʻm | 17 320 000 soʻm | 17 145 000 soʻm |
20 gramm | 36 040 000 soʻm | 34 640 000 soʻm | 34 291 000 soʻm |
50 gramm | 90 100 000 soʻm | 86 601 000 soʻm | 85 726 000 soʻm |
100 gramm | 180 200 000 soʻm | 173 202 000 soʻm | 171 453 000 soʻm |
Jahon bozorida ham oltin narxi tarixiy rekordlarni yangilamoqda. Bir unsiya oltin narxi 4 600 dollargacha koʻtarildi. Xabar tayyorlanayotgan paytda qimmatbaho metall 4 573 dollar atrofida savdo qilinmoqda.

Mutaxassislar oltin narxining keskin oshishini bir nechta omillar bilan izohlamoqda. Avvalo, geosiyosiy keskinliklar va global noaniqliklar investorlarni xavfsiz aktiv sifatida oltinga yoʻnaltirmoqda. Xususan, Eron atrofidagi vaziyat, harbiy xavflar va siyosiy beqarorlik bunga misol boʻla oladi.
Shuningdek, AQShda foiz stavkalari pasaytirilishi kutilayotgani oltinni yanada jozibador qilmoqda. Chunki past foiz stavkalari sharoitida daromad keltirmaydigan aktivlarni, jumladan oltinni ushlab turish nisbatan arzonlashadi.
Bundan tashqari, AQSh mehnat bozori boʻyicha eʼlon qilingan sust koʻrsatkichlar va dollar kursidagi bosim ham oltin narxining oʻsishiga qoʻshimcha turtki bermoqda.
Mavzuga aloqador:
2026 yilda oltin narxi bilan nimalar sodir boʻladi — Prognoz.
Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari yangi tarixiy maksimumga yetdi — $66,3 mlrd.









