Oʻzbekiston oʻrtacha pensiya yoshini koʻtarishi kerak — XVJ
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston hukumatiga mavjud pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qilmoqda. Takliflar ichida oʻrtacha pensiya yoshini koʻtarish ham bor. Maʼlumot uchun, hozirda erkaklar uchun bu yosh 60 yoshni, ayollar uchun esa 55 yoshni tashkil etadi.

Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi (XVJ) Oʻzbekiston hukumatiga mavjud pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qildi. Bu haqda xalqaro moliyaviy tashkilotning press-relizida aytilgan.
Ushbu chora oʻrta muddatli istiqbolda tizimning barqarorligini taʼminlash bilan birga, pensiyalarning yetarli darajada boʻlishiga xizmat qiladi.
Takliflar orasida pensiyaga chiqishning eng kam yoshini bosqichma-bosqich oshirish ham mavjud. Hozirda erkaklar uchun bu yosh — 60 (kamida 25 yillik mehnat staji bilan), ayollar uchun esa — 55 (kamida 20 yillik staj bilan).
Mavzuga doir: Yaxshi miqdorda pensiya olish uchun nima qilish kerak?
Boshqa takliflar qatorida — standart pensiya badallari stavkasini bosqichma-bosqich oshirish, ayrim turdagi tashkilotlar uchun imtiyozli (pasaytirilgan) stavkalardan voz kechish, pensiya miqdorini butun mehnat faoliyati davomida olingan oʻrtacha ish haqi asosida hisoblash va pensiyalarni inflyatsiya darajasiga qarab avtomatik indeksatsiya qilish bor.
Tashkilot taʼkidlashicha, keksalikda kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan har qanday ijtimoiy pensiyalar moliyaviy imkoniyat mavjudligiga qarab tekshirilmogʻi, byudjetdan moliyalashtirilishi va boshqa ijtimoiy nafaqalar bilan uygʻunlashtirilishi lozim — takrorlanishga yoʻl qoʻymaslik uchun.
XVJ maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston hukumati 2025 yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini prezidentga 2025 yil sentabr oyiga qadar taqdim etish koʻzda tutilgan.
Qoʻshimcha:
Pensiya jamgʻarmasi XVJ takliflari boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi. Mazkur bayonot bilan bu yerda tanishish mumkin.