Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari hajmi yana rekord darajaga yetdi — qariyb $55 mlrd
Zaxiralar hajmi sentabr oyida $4,9 mlrdga oshib, 1-oktabr holatiga $54,99 mlrdga yetdi va tarixiy rekordni yangiladi.
Asosiy oʻsish jahon bozorida oltin narxining keskin koʻtarilishi hisobiga sodir boʻldi.
Biroq, qimmatbaho metallning fizik hajmi 11,8 mln troy unsiyadan 11,6 mln troy unsiyagacha kamaydi.

Oʻzbekiston xalqaro oltin-valyuta zaxiralari sentabr oyida ham tarixiy rekordni yangiladi.
Markaziy bank hisobotiga koʻra, 1-oktabr holatiga zaxiralarning umumiy hajmi $54,99 mlrdni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich avgust oyiga nisbatan $4,9 mlrdga koʻpdir.
Zaxiralar ketma-ket ikkinchi oyda rekord darajaga chiqmoqda. Avgust oyida mamlakat zaxiralari ilk bor $50 mlrdlik chegaradan oshgan edi.
Zaxiralarning bunday keskin oshishiga asosan jahon bozorida oltin narxining yuqori surʼatda koʻtarilishi sabab boʻldi. Bir oy ichida oltin qiymati $4,17 mlrdga oshib, $44,23 mlrddan oshdi — bu qiymat jihatidan ketma-ket uchinchi oyda qayd etilgan rekord natijadir.
Biroq, oltinning fizik hajmi 11,8 mln troya unsiyadan 11,6 mln troya unsiyagacha kamaydi.
Xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi ham bir oy davomida $735,7 mlnga koʻpayib, $10,2 mlrdga yetdi.
Markaziy bankning qimmatli qogʻozlardagi aktivlari esa oʻzgarishsiz — $1,02 mlrd darajasida qoldi.
Jahon miqyosida oltin narxining oshishi davom etmoqda. Jumladan, 8-oktabr kuni oltin narxi tarixda ilk marta bir unsiya uchun 4 ming dollardan oshdi.