Oʻzbekiston fevral oyida 12 tonna oltin sotdi
Global miqyosda markaziy banklar tomonidan mazkur oyda jami 24 tonna sof oltin xarid qilingan.
Xaridlar boʻyicha yetakchilikni Polsha Milliy banki egalladi — fevral oyining oʻzida 29 tonna oltin sotib oldi.
Yil boshida oltin xaridi boʻyicha yetakchi boʻlgan Oʻzbekiston, ikkinchi oyda oltin sotish boʻyicha yetakchi boʻldi.

Jahon oltin kengashi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston Markaziy banki 2025 yilning fevral oyida jami 12 tonna oltin sotgan.
Fevral oyida global miqyosda markaziy banklar tomonidan umumiy hisobda 24 tonna sof oltin xarid qilingan.
Xaridlar boʻyicha yetakchilikni Polsha Milliy banki egalladi — fevral oyining oʻzida 29 tonna oltin sotib olib, zaxiralarini 480 tonnaga yetkazdi.
Xitoy Xalq banki ketma-ket toʻrtinchi oy davomida oltin xarid qilgan boʻlib, fevralda zaxirasiga 5 tonna oltin qoʻshdi. Turkiya va Iordaniya har biri 3 tonnadan, Qatar va Chexiya esa 2 tonnadan oltin sotib olgan.
Biroq fevral oyida ayrim markaziy banklar oltin sotishni afzal koʻrgan. Xususan, Oʻzbekiston Markaziy banki shu oyda 12 tonna oltin sotgan. Qizigʻi shundaki, yanvar oyida mamlakat 8 tonna sof oltin xarid qilib, global miqyosda eng yirik xaridor sifatida ajralib turgan edi.
Bu oʻzgarish, ehtimol, fevral oyida oltin narxining koʻtarilishi bilan bogʻliq boʻlishi ehtimoli mavjud — Markaziy bank bu vaziyatdan foydalangan holda zaxiralarning bir qismini foydali tarzda sotgan boʻlishi mumkin.
Oltin sotish boʻyicha Oʻzbekistondan keyingi oʻrinda Qozogʻiston turibdi — uning Milliy banki fevralda jami 8 tonna oltin sotgan.
Maʼlumot uchun, Fevral oyida Oʻzbekiston Xalqaro oltin-valyuta zaxiralari ilk marotaba $45 mlrdga yaqinlashgan edi. Mazkur oyda jami zaxiralar $2 mlrddan koʻproqqa oshgan edi. Biroq, oltin zaxiralari sotish hisobiga $200 mlnga kamaygan.