Oʻzbekiston banklari 9 oyda qancha foyda oldi?
2025 yilning 9 oyida Oʻzbekiston banklari 10,9 trillion soʻm foyda koʻrdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,8 trillion soʻmga yoki 34,5 foizga koʻpdir. Eng yuqori natijani Oʻzmilliybank, SQB, Hamkorbank va Kapitalbank koʻrsatgan boʻlsa, foydasi eng koʻp kamaygan banklar orasida TBC Bank va Ipoteka bank yetakchilik qildi.

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekiston bank tizimi umumiy hisobda 10,9 trillion soʻmlik sof foyda oldi.
Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,79 trillion soʻmga yoki 34,5 foizga koʻpdir (2024 yilning shu davrida 8,1 trillion soʻm). Banklar kesimidagi sof foyda haqida Bankers.uz operativ maʼlumotlarga tayanib xabar berdi.
9 oy yakunida faqat toʻrtta bankning sof foydasi 1 trillion soʻmdan oshdi. Eng yuqori natijani Oʻzmilliybank qayd etib, 1 trillion 449,7 milliard soʻmlik foyda oldi.
Undan keyingi oʻrinlarda SQB 1 trillion 386 milliard soʻm, Hamkorbank 1 trillion 267,8 milliard soʻm va Kapitalbank 1 trillion 156,6 milliard soʻmlik foyda bilan joylashdi.
.png)
Bu toʻrtta bankdan tashqari, OFB (793,5 mlrd soʻm), Ipak Yoʻli Bank (752,5 mlrd soʻm) hamda Trastbank (616,9 mlrd soʻm) ham yetakchi oʻntalikda qayd etilgan. Eng katta oʻsish BRB bankida kuzatilib, uning foydasi 279,1 mlrd soʻm zarar holatidan chiqib, 386,9 mlrd soʻmga yetgan (yaʼni 666 mlrd soʻmlik ijobiy oʻzgarish).
Shuningdek, Aloqabank (+237 mlrd soʻm), Anorbank (+135,3 mlrd soʻm) va KDB Bank Uzbekistan (+100,3 mlrd soʻm) ham sezilarli oʻsishga erishgan.
Oʻtgan yilning ayni shu davrini zarar bilan yakunlagan Hayot bank (10,8 mlrd soʻm) va Avo bank (0,4 mlrd soʻm) bu yili sof foyda olganini alohida takidlash kerak.
Biroq ayrim banklarda sof foyda kamaygan. Xususan, TBC Bank Uzbekistanning foydasi 244,1 milliard soʻmga, Ipoteka bankniki 86,8 milliard soʻmga, Turonbankniki 13,1 milliard soʻmga, Ziraat Bankniki esa 11,3 milliard soʻmga qisqargan.
Undan tashqari Yangi bank (52,2 mlrd) va Apex bank (95,4 mlrd) III chorakni zarar bilan yakunladi.









