12 048.840 so‘m

increase

62.280

13 741.700 so‘m

increase

50.050

152.880 so‘m

increase

0.790

12 048.840 so‘m

increase

62.280

10 soat avval
Bank
160

Rekord natijalar: Oʻzbekiston banklari birinchi yarim yillikda qancha sof foyda oldi?

2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston banklarining jami sof foydasi 68,9 foizga oshib, 10,99 trln soʻmga yetdi. Ipoteka-bank 1,39 trln soʻmlik natija bilan eng koʻp foyda olgan bank boʻldi. AVO bank esa yarim yillikni zarar bilan yakunlagan yagona bank boʻlib qoldi.

Rekord natijalar: Oʻzbekiston banklari birinchi yarim yillikda qancha sof foyda oldi?
Foto: AI/Pinkod.uz

2026 yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistondagi tijorat banklarining umumiy sof foydasi 10,99 trln soʻmni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025 yilning birinchi yarmida bu koʻrsatkich 6,51 trln soʻm boʻlgan.

Banklar olgan jami foydaning yarmidan koʻpi beshta bank hissasiga toʻgʻri keldi. Ipoteka-bank, Oʻzmilliybank, Oʻzsanoatqurilishbank, Hamkorbank va Kapitalbank birgalikda 5,51 trln soʻm sof foyda olgan. Bu bank tizimidagi umumiy natijaning 50,1 foiziga teng.

Eng katta sof foydani Ipoteka-bank qayd etdi — 1,39 trln soʻm. Bank oʻtgan yilning shu davridagi 392,5 mlrd soʻmlik zararni foydaga aylantirgan. Natijada uning moliyaviy natijasi bir yil ichida 1,78 trln soʻmga yaxshilandi.

Keyingi oʻrinlarni Oʻzmilliybank — 1,21 trln soʻm, Oʻzsanoatqurilishbank — 1,11 trln soʻm hamda Hamkorbank — 970 mlrd soʻm bilan egalladi. Kapitalbankning sof foydasi esa 38,4 foizga oshib, 833,6 mlrd soʻmga yetdi.

Xalq banki eng katta mutlaq oʻsishlardan birini koʻrsatdi. Bank foydasi 154,6 mlrd soʻmdan 650,5 mlrd soʻmga koʻtarilgan. Bir yillik oʻsish 495,9 mlrd soʻm yoki 320,8 foizni tashkil etdi.

Nisbiy hisobda Uzumbank yetakchi boʻldi. Uning sof foydasi 30,4 mlrd soʻmdan 258,1 mlrd soʻmga yetib, 8,5 baravar oshdi. TBC bankning foydasi 2,9 baravar koʻpayib, 288,1 mlrd soʻmni, InFinBankniki esa 2,6 baravar oshib, 353,2 mlrd soʻmni tashkil etdi.

Apexbank ham 2025 yilning birinchi yarmidagi 62,4 mlrd soʻmlik zarardan chiqib, 107,6 mlrd soʻm foyda oldi. Garant bankning 9,7 mlrd soʻmlik zarari esa 28,5 mlrd soʻmlik foydaga aylandi.

Shu bilan birga, toʻqqizta bankning moliyaviy natijasi yomonlashdi. Eng katta pasayish Biznesni rivojlantirish bankida kuzatildi. Bank sof foydasi 111,2 mlrd soʻm yoki 34,8 foizga kamayib, 208,5 mlrd soʻmni tashkil etdi.

Shuningdek, Orient Finans bankning sof foydasi 4,2 foizga kamayib, 501,6 mlrd soʻmni tashkil etdi. Anorbankda bu koʻrsatkich 22,5 foizga qisqarib, 79,2 mlrd soʻmga tushdi. Poytaxt bankning foydasi 46,2 foizga, Openbankniki esa 53,4 foizga kamaydi.

AVO bank yarim yillikni zarar bilan yakunlagan yagona faol bank boʻldi. Uning sof zarari oʻtgan yilgi 1,8 mlrd soʻmdan 7,1 mlrd soʻmgacha oshgan. Qolgan 33 ta bank 2026 yilning birinchi yarmida sof foyda qayd etdi.


Banklar sof foydasi haqidagi maʼlumotlar operativ hisobotlarga asoslanib, Bankers.uz nashri tomonidan eʼlon qilingan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+