Oʻzbekiston 2025 yilning birinchi choragida eng koʻp oltin sotgan davlat boʻldi - WGC
Umumiy hisobda, 2025 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonning oltin zaxiralari 15 tonnaga kamaydi.

2025 yilning birinchi choragida global oltin bozori markaziy banklarning faol xarid va sotuvlari bilan ajralib turdi. Ushbu davr mobaynida Oʻzbekiston Markaziy banki eng koʻp oltin sotgan davlat sifatida qayd etildi.
Yanvar oyida mamlakat 18 tonna oltin sotib olib, eng yirik xaridorga aylangan boʻlsa-da, keyingi oylarda zaxiralar eksport orqali sezilarli kamaydi. Jumladan, fevral oyida 12 tonna oltin sotilgani xabar qilingan. Umumiy hisobda, 2025 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonning oltin zaxiralari 15 tonnaga kamaydi.
1 aprel holatiga koʻra, mamlakat zaxiralaridagi oltin miqdori 11,8 million troy unsiyani, yaʼni taxminan 367 tonnani tashkil etmoqda.

Oltin xaridi boʻyicha esa Polsha Milliy banki yetakchilikni davom ettirdi. Sharqiy Yevropada joylashgan ushbu davlat 2024 yilda ham eng yirik markaziy bank xaridori boʻlgan edi va 2025 yilning dastlabki uch oyida yana 49 tonna oltin qoʻshib, umumiy yetakchiligini saqlab qoldi.
Ikkinchi oʻrinni Xitoy Xalq banki egalladi. Osiyo mamlakati 2025 yilning birinchi choragida zaxirasiga yana 13 tonna oltin qoʻshdi. Shu bilan Xitoyning rasmiy oltin zaxiralari 2 292 tonnaga yetdi, bu esa mamlakatning umumiy valyuta zaxiralarining 6,5 foizini tashkil etadi.
Biroq tahlilchilar Xitoyning rasmiy maʼlumotlariga shubha bilan qaraydi. Taniqli tahlilchi Yan Nyuvenxaysning tadqiqotlariga koʻra, Xitoy rasmiy koʻrsatkichlardan ancha koʻp oltinga ega. Uning taʼkidlashicha, Pekindagi yashirin zaxiralarda 5 000 tonnadan ortiq monetar oltin mavjud boʻlib, bu rasmiy eʼlon qilingan miqdordan ikki barobar koʻpdir.
Qozogʻiston ham chorak davomida faol markaziy banklardan biri boʻldi. Garchi fevralda 8 tonna oltin sotgan boʻlsa-da, mart oyida 11 tonna oltin sotib olib, sof xarid hajmini 6 tonnaga yetkazdi. Natijada, mamlakatning rasmiy oltin zaxiralari 291 tonnani tashkil etdi.
Birinchi chorak davomida boshqa qator davlatlar ham oltin xarid qildi. Jumladan, Ozarbayjonning Davlat Neft Jamgʻarmasi (SOFAZ) 19 tonna, Turkiya 4 tonna, Qatar 3 tonna, Misr esa 1 tonna oltin zaxirasiga qoʻshdi. Ayni paytda, Rossiya 3 tonna, Qirgʻiz Respublikasi esa 2 tonna oltin sotdi.
Ushbu maʼlumotlar Jaxon oltin kengashiga(WGC) taqdim etilgan rasmiy hisobotlarga asoslangan. Hukumatlar tomonidan amalga oshirilgan oltin xaridlari yoki sotuvlari bundan ham koʻproq boʻlishi mumkin.