Oʻzbekiston 2024 yilda eng koʻp oltin qazib olgan TOP-10 mamlakatlar qatoriga kirdi
2024 yilda Oʻzbekiston 129 tonna oltin ishlab chiqib, global ishlab chiqaruvchilar orasida 10-oʻrinni egalladi. Shu yil davomida dunyo boʻyicha oltin qazib olish hajmi 3,66 ming tonnaga yetdi.

2024 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston oltin qazib olish boʻyicha jahon reytingida 10-oʻrinni egallab, 129 tonna qimmatbaho metall ishlab chiqardi.
Bu koʻrsatkich global hajmning 3,5 foizini tashkil etadi, deya xabar bermoqda Jahon oltin kengashi (WGC).
Hisobotda qayd etilishicha, 2024 yilda dunyo boʻyicha oltin qazib olish hajmi 3,66 ming tonnaga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 0,5 foizga oshgan. Eng yirik ishlab chiqaruvchilar orasida Xitoy (380 tonna), Rossiya (330 tonna), Avstraliya (284 tonna), Kanada (202 tonna) va AQSh (158 tonna) yetakchilik qilmoqda. Mintaqadagi qoʻshni Qozogʻiston esa 87 tonna oltin ishlab chiqargan holda 14-oʻrinni band etdi.
Oltinning eng yirik isteʼmolchisi zargarlik sanoati boʻldi. Bu soha ulushiga 2 ming tonna oltin toʻgʻri keldi. Garchi umumiy talab 11 foizga qisqarib, 1,87 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa-da, zargarlik buyumlariga sarf-xarajatlar 9 foizga koʻpayib, 144 milliard dollarga yetdi.
2025 yil sentabr oyi boshida jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekord oʻrnatib, bir unsiya uchun $3 600 ga chiqdi.
Joriy yil boshidan beri oltin 44 foizga qimmatlab, keskin oʻsishni davom ettirmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil avgustida Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy rekord darajaga chiqdi.
Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, 1-sentabr holatiga zaxiralarning umumiy qiymati 50,08 milliard dollarni tashkil etib, bir oy oldingi koʻrsatkichdan 1,34 milliard dollarga koʻproq boʻldi.