OpenAI yaqin haftalar ichida sunʼiy intellektli brauzerini taqdim etadi — Reuters
Yangi brauzer Google’ning Chrome brauzeriga jiddiy raqobatchi boʻlishi kutilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, u yaqin haftalarda ommaga namoyish etiladi va foydalanuvchilarning internetdan foydalanish uslubini tubdan oʻzgartirishni maqsad qilgan.

OpenAI tez orada sunʼiy intellekt bilan integratsiyalangan yangi veb-brauzerni taqdim etadi. Bu haqda Reuters nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Yangi brauzer Alphabet kompaniyasining (yaʼni Google’ning) Chrome brauzeriga jiddiy raqobatchi boʻlishi kutilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, u yaqin haftalarda ommaga namoyish etiladi va foydalanuvchilarning internetdan foydalanish uslubini tubdan oʻzgartirishni maqsad qilgan.
OpenAI bu orqali Google’ning eng kuchli qurollaridan biri — foydalanuvchi maʼlumotlariga — bevosita kirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Agar OpenAI brauzeri ChatGPT’ning haftalik 500 million faol foydalanuvchisi tomonidan qabul qilinsa, bu Google’ning reklama orqali daromad topish tizimiga kuchli bosim oʻtkazishi mumkin. Chunki Chrome foydalanuvchi maʼlumotlarini yigʻish orqali Google’ga aniq, nishonli va samarali reklama joylashtirish imkonini beradi hamda odamlarni avtomatik ravishda oʻz qidiruv tizimiga yoʻnaltiradi.
Manbalarning taʼkidlashicha, OpenAI brauzeri oddiy veb-sahifalarni koʻrishdan koʻra, foydalanuvchilarga koʻplab vazifalarni toʻgʻridan-toʻgʻri ChatGPT uslubidagi sunʼiy intellekt chat oynasi orqali bajarishga imkon beradi.
Bu tashabbus OpenAI’ning oʻz sunʼiy intellekt xizmatlarini insonlarning kundalik hayoti va ish faoliyatiga chuqur singdirish rejasining muhim qismidir. Manbalarning aytishicha, OpenAI brauzeri orqali “Operator” kabi sunʼiy intellekt agentlarini ham internetga toʻliq integratsiya qilish koʻzda tutilgan — yaʼni foydalanuvchi nomidan veb-saytlarda harakatlanish, shakllarni toʻldirish, buyurtmalarni rasmiylashtirish kabi amallarni avtomatik bajaradigan tizimlar yaratilmoqda.
Shunga qaramay, OpenAI uchun bu raqobat oson kechmaydi. Google Chrome hozirda 3 milliarddan ortiq foydalanuvchiga ega va dunyo bozorining qariyb 66 foizini egallagan. Ikkinchi oʻrinda esa Apple’ning Safari brauzeri bor, u esa atigi 16 foizlik ulushga ega.
Bundan tashqari, bozorda sunʼiy intellekt bilan ishlovchi boshqa brauzerlar ham mavjud. Masalan, yaqinda Perplexity kompaniyasi “Comet” nomli yangi AI brauzerini taqdim etdi — u ham foydalanuvchi nomidan internetda harakatlana oladi. Shuningdek, Brave va The Browser Company kabi startaplar ham AI integratsiyalangan brauzerlar ustida ishlamoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, OpenAI oʻz brauzerini Google Chrome’ning ochiq kodli versiyasi — Chromium asosida ishlab chiqmoqda. Aytish joizki, Microsoft Edge va Opera brauzerlari ham aynan shu platformaga tayanadi.
Mavzuga doir: AI ish oʻrinlarini yaratadimi yoki yoʻq qiladimi? Texnologiya yetakchilari turli fikrda