AI ish oʻrinlarini yaratadimi yoki yoʻq qiladimi? Texnologiya yetakchilari turli fikrda
Sunʼiy intellekt (AI) ish bozori kelajagiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Bu masala hozirda dolzarb muhokama mavzusiga aylangan. Texnologiya sohasidagi yetakchilar AI tufayli ish oʻrinlari koʻpayadimi yoki yoʻqoladimi, degan savolga turlicha yondashmoqda.

Sunʼiy intellekt (AI) ish bozori kelajagiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Bu masala hozirda dolzarb muhokama mavzusiga aylangan. Texnologiya sohasidagi yetakchilar AI tufayli ish oʻrinlari koʻpayadimi yoki yoʻqoladimi, degan savolga turlicha yondashmoqda.
Dario Amodei

Anthropic startapining bosh direktori Dario Amodeiga koʻra, kelgusi besh yil ichida AI oq yoqali (ofis) ishlarning 50 foizini yoʻq qilishi mumkin. U may oyida Axiosga bergan intervyusida bu tahdidga hukumat va AI kompaniyalari hozirdan tayyor turishi kerakligini taʼkidladi. Amodei ishsizlik darajasi 10–20% gacha oshishi mumkinligini aytdi va ayniqsa texnologiya, moliya, yuridik va konsalting kabi sohalarda kirish darajasidagi ishlar xavf ostida ekanini ogohlantirdi.
Jensen Xuang

Ammo Nvidia rahbari Jensen Xuang bu fikrlarga qatʼiy qarshi chiqdi:
“Men Amodei aytganlarning deyarli hech biriga qoʻshilmayman”, — dedi u Vivatech konferensiyasida.
Unga koʻra, AI ishlarni oʻzgartiradi, lekin bu yangi ijodiy imkoniyatlar ochadi va hammani oʻzgarishga majbur qiladi. U AI’ni xavfli deb hisoblamaydi va bu texnologiyadan faqat bitta kompaniya foydalanishi kerak degan fikrni rad etdi.
Yann LeKun

Meta kompaniyasining bosh AI olimi Yann LeKun ham Xuangni qoʻllab-quvvatlab, LinkedIndagi postida:
“Men Jensen bilan bir fikrdaman va deyarli Amodei aytganlarga qoʻshilmayman”, — deb yozdi.
LeKunning fikricha, insonlar AI tizimlari bilan "xoʻjayin-xodim" munosabatida boʻladi va texnologiyalarni boshqarish insoniyat qoʻlida qoladi.
Demis Xassabis

Google DeepMind asoschilaridan biri Demis Xassabis esa AI texnika bilimga ega mutaxassislarni kuchaytiradi va yangi, foydali ish oʻrinlarini yaratadi, deb hisoblaydi. U yoshlarni hanuz STEM fanlariga (matematika, fizika, informatika) eʼtibor qaratishga chaqirdi.
Jeffri Xinton

AI sohasining “otasi” sifatida tanilgan Jeffri Xinton esa ehtiyotkor yondashmoqda. U:
“AIdan himoyalangan ish topish uchun juda yuqori koʻnikmaga ega boʻlish kerak”, — deb hisoblaydi.
Xinton paralegallar, koll-markaz xodimlari va boshqa aqliy mehnat bilan shugʻullanuvchilarni xavf ostida deb hisoblaydi. Unga koʻra, jismoniy mehnat talab qilinadigan kasblar, masalan, santexniklik, nisbatan xavfsizroq.
Sem Altman

OpenAI bosh direktori Sem Altman esa ish oʻrinlari oʻzgarishini tan oladi:
“AI juda koʻp ishlarni oʻzgartiradi, baʼzilarini yoʻq qiladi, yangilarini yaratadi”, — dedi u.
U hozirning oʻzida AI agentlar baʼzi kompaniyalarda kichik xodimlar sifatida ish yuritayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, u odamlar hali gumanoid robotlar hayotimizga kirib kelishini toʻliq tasavvur qilmayotganini aytib, bu yaqin orada haqiqatga aylanishi mumkinligini bildirdi.