OpenAI sunʼiy intellekt yordamida toʻliq metrajli animatsion film yaratmoqda
“Critterz” deb nomlangan loyiha kelasi yilda kinoteatrlarda taqdim etilishi kutilmoqda. Odatda bunday film ishlab chiqarishga uch yil vaqt va yuz millionlab dollar kerak boʻlsa, OpenAI bu jarayonni toʻqqiz oyda va 30 million dollardan kam byudjet bilan amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

OpenAI sunʼiy intellekt yordamida filmlarni Gollivuddagidan tezroq va arzonroq tayyorlash mumkinligini koʻrsatmoqchi. Shu maqsadda kompaniya “Critterz” nomli toʻliq metrajli animatsion film ustida ishlamoqda.

“Critterz” oʻrmon jonivorlari haqidagi multfilm boʻlib, ularning hayotiga sirli bir begonaning kirib kelishi kutilmagan sarguzashtlarga sabab boʻladi. Dastlab qisqa metrajli film sifatida rejalashtirilgan loyiha, OpenAI va ishlab chiqaruvchi kompaniyalar Vertigo Films hamda Native Foreign koʻmagi bilan toʻliq metrajli film darajasiga kengaytirildi. Film 2026 yilda butun dunyo kinoteatrlariga chiqarilishi kutilmoqda.
Odatda bunday filmni ishlab chiqish uch yil vaqt oladi, lekin jamoa uni atigi toʻqqiz oyda tayyorlashni maqsad qilgan. Filmning byudjeti ham nisbatan kichik — 30 million dollardan kam (odatdagi animatsion filmlardan ancha arzon).
Personajlarga ovoz berish uchun inson aktyorlari jalb qilinadi, ammo qahramonlarning tasviri va boshqa jarayonlar OpenAI vositalari, jumladan GPT-5 yordamida amalga oshiriladi.

Film ssenariysi “Paddington in Peru” ustida ishlagan yozuvchilar tomonidan yozilgan. Hozir ishlab chiqarish jarayoni boshlangan, aktyorlarni tanlash esa yaqin kunlarda eʼlon qilinadi.
OpenAI bu loyiha orqali AI yordamida ham kinoteatrlar uchun sifatli film tayyorlash mumkinligini isbotlamoqchi. Shuningdek, bu texnologiyalar ijodkorlik imkoniyatlarini kengaytirib, filmlar ishlab chiqish xarajatlarini pasaytiradi.

Biroq filmning muvaffaqiyati kafolatlangan emas: odamlar hozir kinoteatrlarga uncha koʻp bormayotgani uchun tomoshabinlarni jalb qilish oson boʻlmasligi mumkin. Shuningdek, tarqatish (distribyutsiya) boʻyicha hamkor hali topilmagan.
Shu bilan birga, filmda inson aktyorlari va rassomlarning ishtiroki uni mualliflik huquqi bilan himoyalash imkonini beradi.