12 099.720 so‘m

increase

15.620

14 223.220 so‘m

increase

25.610

148.900 so‘m

increase

2.180

12 099.720 so‘m

increase

15.620

18-sentabr, 16:19
Texnologiya

OpenAI oʻsmirlar uchun xavfsiz ChatGPT versiyasini taqdim etadi

Unda ota-ona nazorati, nojoʻya kontentni cheklash va favqulodda vaziyatlarda yordam choralarini koʻrish kabi imkoniyatlar mavjud.

ChatGPT 13 yoshdan katta foydalanuvchilar uchun moʻljallangan boʻlib, yangi nazorat choralari oyning oxirida ishga tushiriladi.

OpenAI oʻsmirlar uchun xavfsiz ChatGPT versiyasini taqdim etadi
Foto: AI / Pinkod.uz

OpenAI 17 sentabr kuni 18 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar uchun maxsus ChatGPT versiyasini ishga tushirishini eʼlon qildi. Unda ota-ona nazorati imkoniyatlari ham boʻladi. Kompaniya buni oʻsmirlar uchun xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida qilmoqda.

Agar foydalanuvchi voyaga yetmagan boʻlsa, ChatGPT uni avtomatik ravishda yoshiga mos versiyaga yoʻnaltiradi. Bu versiyada zoʻravonlik va jinsiy mazmundagi kontent cheklanadi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda huquq-tartibot idoralari ham jalb qilinishi mumkin.

OpenAI foydalanuvchi yoshini aniqlash texnologiyasini ishlab chiqmoqda. Ammo aniqlik boʻlmaganda, ChatGPT odatda 18 yoshdan kichiklarga moʻljallangan tartibga oʻtadi.

Bu yangilik Federal Savdo Komissiyasi OpenAI va boshqa texnologik kompaniyalardan bolalar va oʻsmirlar uchun xavfsizlik choralarini tushuntirishni soʻraganidan keyin paydo boʻldi. Agentlik chat-botlar suhbatdosh sifatida ishlaganda qanchalik xavfsizligini bilmoqchi.

OpenAI avvalroq ham ChatGPT “nozik vaziyatlar”ga qanday munosabatda boʻlishini tushuntirgan edi. Bunga bir oilaning daʼvosi sabab boʻlgan -- ular farzandining oʻz joniga qasd qilishida chatbotni ayblashgan.

“Biz uchun xavfsizlik birinchi oʻrinda. Bu yangi va kuchli texnologiya, voyaga yetmaganlar esa alohida himoyaga muhtoj”, — dedi OpenAI bosh direktori Sem Altman.

Avgust oyida kompaniya ota-onalarga farzandlarining ChatGPTdan qanday foydalanayotganini nazorat qilish imkoniyatlarini taqdim etishini aytgandi. Endi ular haqida qoʻshimcha maʼlumot berildi va bu funksiyalar oyning oxirida ishga tushiriladi.

Yangi nazorat ota-onalarga:

  • oʻz akkauntini farzandiniki bilan bogʻlash,
  • chatbotdan foydalanishga vaqt cheklovi qoʻyish,
  • ayrim funksiyalarni oʻchirish,
  • chatbotning javob berish uslubini boshqarish,
  • favqulodda vaziyatda xabarnoma olish imkonini beradi.

Maʼlumot uchun ChatGPT 13 yosh va undan katta foydalanuvchilar uchun moʻljallangan.

“Bu qarorlar oson emas, ammo mutaxassislar bilan maslahatlashib, eng toʻgʻri yoʻl shu deb bildik”,  — dedi Altman.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+